20 yoshli o‘zbekistonlik Javohir Sindarov 24-noyabr kuni klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun kurashni boshlaydi. Uning raqibi — amaldagi titul sohibi, 20 yoshli hindistonlik Gukesh Dommaraju.
Match Jeneva yaqinidagi Koloni shahrida joylashgan Martin Bodmer fondida bo‘lib o‘tadi. U ko‘pi bilan 14 ta partiyaga mo‘ljallangan va 12-dekabrdan kechikmay yakunlanadi. Birinchi partiya Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlandi.
Sindarov uchun bu jahon shaxmat toji uchun matchdagi ilk ishtirokdir. U Nomzodlar turniridagi g‘alabasi tufayli amaldagi chempion bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. Gukesh esa 2024-yilda xitoylik grossmeyster Din Lijenni mag‘lub etib, ushbu unvonni qo‘lga kiritgandi.
Bir nechta sportchi ishtirok etadigan oddiy shaxmat turnirlaridan farqli o‘laroq, jahon toji uchun matchda ikki raqib bir necha hafta davomida o‘zaro o‘ynaydi. Shu bois bu yerda nafaqat bilim va yurishlarni hisob-kitob qilish qobiliyati, balki jismoniy chidamlilik, aynan shu raqibga qarshi tayyorgarlik va psixologik bosimni yenga olish qobiliyati ham muhim ahamiyatga ega.
Doskada sodir bo‘layotgan voqealarni tushunish uchun o‘nlab debyutlarni bilish yoki murakkab kombinatsiyalarni hisoblay olish shart emas. Asosiy qoidalarni va sharhlovchilar ishlatadigan bir nechta atamalarni o‘zlashtirib olish kifoya.
Shaxmat qanday tuzilgan?
Shaxmatda ikki o‘yinchi navbatma-navbat 64 ta katakdan — 32 ta oq (ochiq) va 32 ta qora (to‘q) katakdan iborat taxtada figuralarni suradi. Biri oq, ikkinchisi qora figuralar bilan o‘ynaydi. O‘yinni doimo oq figuralarni egasi boshlab beradi.
Partiya boshida har bir raqibda 16 tadan figura bo‘ladi: sakkizta piyoda, ikkita rux, ikkita ot, ikkita fil, bitta farzin va bitta shoh.
Shaxmatning asosiy maqsadi — raqib shohini mot qilish. Bu shoh hujum ostida qolgan va raqibda qoidalar bilan ruxsat etilgan birorta ham himoya usuli qolmagan vaziyatni yuzaga keltirish demakdir.
Bunda shoh aslida taxtadan olinmaydi. Mot e’lon qilinishi bilanoq partiya tugaydi.
Har bir katakning o‘z belgisi bor: vertikal qatorlar a dan h gacha lotin harflari bilan, gorizontal qatorlar esa 1 dan 8 gacha raqamlar bilan nomlanadi. Shu sababli katak koordinatalari e4, d5 yoki h8 ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Bu yurishlarni yozib borish va translyatsiya vaqtida ularni ko‘rsatish imkonini beradi.
Shaxmat figuralari qanday yuradi?
Barcha figuralar turli qoidalar asosida harakatlanadi. Ularning aksariyati ruxsat etilgan katakda turgan raqib figurasini urib olishi mumkin.
Urib olingan figura taxtadan chetlatiladi. O‘z figurangiz turgan katakka yurish mumkin emas.
Shoh — eng muhim figura
Shoh () istalgan yo‘nalishda: oldinga, orqaga, chapga, o‘ngga yoki diagonal bo‘ylab bitta katakka yurishi mumkin.
Bunda shoh raqib hujumi ostida turgan katakka o‘tish huquqiga ega emas.
Shaxmatda shohni yo‘qotib qo‘yish mumkin emas: raqib uni urib olishidan oldinroq o‘yin mot bilan tugaydi.
Farzin — eng kuchli figura
Ba’zan qirolicha deb ham ataladigan farzin () vertikal, gorizontal va diagonal bo‘ylab istalgan miqdordagi bo‘sh kataklarga yura oladi.
U rux va filning imkoniyatlarini o‘zida birlashtiradi, shuning uchun eng kuchli figura hisoblanadi.
Farzinni yo‘qotish ko‘pincha jiddiy zarba bo‘ladi, biroq buning o‘zi mag‘lubiyatni anglatmaydi.
Rux — to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yuradi
Rux () gorizontal yoki vertikal bo‘ylab istalgan miqdordagi bo‘sh kataklarga yurishi mumkin.
U, ayniqsa, piyodalar va boshqa figuralar xalaqit bermaydigan ochiq chiziqlarda juda foydali.
Fil — diagonal bo‘ylab yuradi
Fil () diagonal bo‘ylab istalgan miqdordagi bo‘sh kataklarga harakatlanadi.
Partiya boshida har bir o‘yinchida ikkita fil bo‘ladi: biri faqat oq kataklarda, ikkinchisi esa faqat qora kataklarda yuradi.
Ot — “G” shaklida yuradi
Ot () bir yo‘nalishda ikki katak va keyin unga perpendikulyar ravishda bir katak yuradi.
Masalan, u ikki katak oldinga va bir katak o‘ngga yurishi mumkin.
Bu boshqa figuralar ustidan sakrab o‘ta oladigan yagona figuradir. Shu sababli ot ba’zan kutilmaganda bir vaqtning o‘zida bir nechta nishonga hujum qiladi.
Piyoda — kichik, lekin muhim
Piyoda () odatda oldinga bir katak yuradi. Boshlang‘ich pozitsiyadan esa, agar yo‘l ochiq bo‘lsa, birdaniga ikki katak yurishi mumkin.
Lekin piyoda boshqacha uradi: diagonal bo‘ylab oldinga bir katak. U orqaga yurmaydi va orqadagi figurani urmaydi.
Agar piyoda oxirgi gorizontalga yetib borsa, o‘yinchining tanloviga ko‘ra farzin, rux, fil yoki otga aylanadi. Eng kuchli bo‘lgani uchun ko‘pincha farzin tanlanadi.
Avvalgi farzin hali taxtada turgan bo‘lsa ham, piyoda yangi farzinga aylanishi mumkin.
Kim yutayotganini qanday tushunish mumkin?
Shaxmatga endigina qiziqa boshlaganlar ko‘pincha o‘yinchilarning holatini qolgan figuralar soniga qarab baholaydi. Ammo shaxmatda bu har doim ham ish bermaydi.
Masalan, bir o‘yinchida figuralar ko‘proq bo‘lishi mumkin, lekin uning shohi qaytarib bo‘lmaydigan hujum ostida qoladi. Bunday holatda u katta miqdoriy ustunlikka ega bo‘lsa ham, yutqazadi.
Figuralar kuchini taxminiy baholash uchun shaxmatchilar shartli ballardan foydalanadi:
Figura | Shartli qiymati |
Piyoda | 1 |
Ot | 3 |
Fil | 3 |
Rux | 5 |
Farzin | 9 |
Shoh | Baholanmaydi |
Ushbu qiymatlar figuralar almashinuvi foydali yoki foydasiz ekanini tushunishga yordam beradi. Masalan, odatda farzinni bitta piyoda evaziga berib yuborish foydasiz. Biroq ayrim pozitsiyalarda bunday qurbonlik mot va g‘alabaga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun pozitsiya kuchi nafaqat figuralar soniga, balki ularning joylashuvi, shohning xavfsizligi va ehtimoliy tahdidlarga ham bog‘liq.
Shoh, mot va pot nima?
Bu tomoshabinlar translyatsiya davomida tez-tez eshitadigan uchta muhim tushunchadir.
Shoh — shoh raqib figurasining zarbasi ostida qolgan vaziyat.
O‘yinchi bu tahdidni darhol bartaraf etishi shart. Buning uchun shohni xavfsiz katakka olib o‘tish, hujum qilayotgan figurani urib olish yoki imkon bo‘lsa, boshqa figuralar bilan to‘sish mumkin.
Mot — ruxsat etilgan birorta ham yurish bilan himoyalanib bo‘lmaydigan shoh holati. Mot qilgan o‘yinchi g‘alaba qozonadi.
Pot — butunlay boshqacha vaziyat. Pot — butunlay boshqacha vaziyat. O‘yinchida ruxsat etilgan birorta ham yurish qolmagan, lekin uning shohi kisht ostida emas.
Bunday holatda partiya durang bilan yakunlanadi.
Aynan shu sababli shaxmatda raqibning barcha figuralarini o‘ylamasdan urib olaverish har doim ham foydali emas: g‘alaba o‘rniga tasodifan pot holatini yuzaga keltirib qo‘yish mumkin.
Rokirovka nima va nega shoh birdaniga ikki katakka siljiydi?
Partiya davomida tomoshabinlar bir vaqtning o‘zida ikkita figura — shoh va rux harakatlanadigan g‘ayrioddiy yurishni ko‘rishlari mumkin. Bu rokirovka deb ataladi.
Rokirovka shohni taxta markazidan xavfsizroq joyga olib o‘tish va ayni paytda ruxni markazga yaqinlashtirish imkonini beradi.
Qisqa rokirovkada oq shoh e1 dan g1 ga, rux esa h1 dan f1 ga o‘tadi.
Uzun rokirovkada shoh e1 dan c1 ga, rux esa a1 dan d1 ga yuradi.
Rokirovkaga faqat shoh va ishtirok etayotgan rux bungacha yurmagan bo‘lsa, ular orasida boshqa figuralar bo‘lmasa va shoh kisht ostida turmagan, hujum ostidagi katakdan o‘tmagan hamda yurishdan keyin kisht ostiga tushib qolmagan taqdirdagina ruxsat beriladi.
Ekranda qisqa rokirovka O-O, uzun rokirovka esa O-O-O deb belgilanadi.
Shaxmat partiyasi qanday yakunlanadi?
Shaxmat partiyasi o‘yinchilardan birining g‘alabasi yoki durang bilan yakunlanishi mumkin.
G‘alaba quyidagi hollarda beriladi:
- raqibga mot bo‘lsa;
- raqib o‘z holatini yutqazilgan deb tan olib, taslim bo‘lsa;
- raqibning ajratilgan vaqti tugasa va ikkinchi o‘yinchida ruxsat etilgan yurishlarning istalgan ketma-ketligi orqali mot qilishning nazariy imkoniyati mavjud bo‘lsa;
- qoidalarda nazarda tutilgan hollarda hakam qaroriga muvofiq partiya o‘yinchilardan birining foydasiga yakunlansa.
Durang quyidagi hollarda qayd etilishi mumkin:
- reglament bunga yo‘l qo‘yganda, o‘yinchilar durangga rozi bo‘lsa;
- pot yuzaga kelsa;
- taxtada qolgan figuralar yoki pozitsiya xususiyati tufayli o‘yinchilardan hech biri mot qo‘ya olmasa;
- bir xil pozitsiya uch marta takrorlansa va o‘yinchi to‘g‘ri tartibda durang talab qilsa;
- har bir o‘yinchining 50 ta yurishi davomida na figura urib olinsa va na piyoda yursa, hamda ishtirokchilardan biri belgilangan tartibda durang talab qilsa.
Bundan tashqari, FIDE qoidalariga muvofiq, pozitsiyaning besh marta takrorlanishi hamda har bir o‘yinchi tomonidan figura urmasdan va piyoda yurmasdan 75 ta yurish qilinishi qoidalarda belgilangan mot ustuvorligini hisobga olgan holda avtomatik durangga olib keladi.
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi matchda qo‘shimcha cheklov mavjud: raqiblar qoralarning 40-yurishi yakunlangunga qadar o‘zaro kelishib durangga rozi bo‘la olmaydi. Biroq qoidalarda ko‘zda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha durang ertaroq ham qayd etilishi mumkin.
Translyatsiyada partiya natijasi odatda quyidagicha ko‘rsatiladi:
Belgilanishi | Ma’nosi |
1−0 | Oqlar g‘alaba qozondi |
0−1 | Qoralar g‘alaba qozondi |
½−½ | Durang |
Nega shaxmatchilar bitta yurish ustida bir necha daqiqa o‘ylashlari mumkin?
Tezkor onlayn partiyalardan farqli o‘laroq, jahon chempioni unvoni uchun match klassik vaqt nazorati ostida o‘tkaziladi.
Bu har bir o‘yinchiga yurishlarni o‘ylash uchun ancha ko‘p vaqt berilishini anglatadi.
FIDE reglamentiga ko‘ra, Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi matchda quyidagi tartib amal qiladi:
Dastlabki 40 ta yurish uchun har bir o‘yinchiga 120 daqiqa ajratiladi.
40 ta yurish amalga oshirilgandan so‘ng partiyaning qolgan qismi uchun har biriga yana 30 daqiqa qo‘shib beriladi.
41-yurishdan boshlab o‘yinchi har bir qilingan yurish uchun qo‘shimcha 30 soniyadan oladi.
Masalan, agar Sindarov dastlabki 40 ta yurishga deyarli barcha vaqtini sarflab yuborsa, 40-yurishni bajargandan keyin unda qo‘shimcha 30 daqiqa paydo bo‘ladi. Keyin esa har bir yangi yurish uchun yana 30 soniyadan qo‘shilib boradi.
Agar o‘yinchi dastlabki 120 daqiqadan faqat 90 daqiqasini ishlatgan bo‘lsa, qolgan 30 daqiqa saqlanib qoladi. 40-yurishdan so‘ng ularga yana 30 daqiqa qo‘shiladi.
Shu sababli alohida partiyalar besh, olti, yetti va undan ortiq soat davom etishi mumkin.
Translyatsiyadagi soat partiyaning qancha davom etayotganini emas, balki har bir o‘yinchining qancha vaqti qolganini ko‘rsatadi.
Agar bir shaxmatchida besh daqiqa, ikkinchisida esa bir soatdan ortiq vaqt qolgan bo‘lsa, birinchisi jiddiy vaqt bosimi ostida qoladi. Sharhlovchilar buni seytnot deb atashadi.
Shu bilan birga, vaqt zaxirasining ko‘pligi taxtada ustunlik borligini anglatmaydi. O‘yinchi aynan murakkab pozitsiyaga tushib qolgani uchun ko‘proq vaqt sarflayotgan bo‘lishi mumkin.
Shaxmat toji uchun match g‘olibini qanday aniqlash mumkin?
Sindarov va Gukesh klassik vaqt nazorati ostida ko‘pi bilan 14 ta partiya o‘ynaydi.
Har bir partiyadagi g‘alaba uchun shaxmatchi bir ochko, durang uchun yarim ochko, mag‘lubiyat uchun nol ochko oladi.
Masalan, agar Sindarov birinchi partiyada g‘alaba qozonsa, hisob uning foydasiga 1:0 bo‘ladi. Agar ikkinchi partiya durang bilan tugasa, hisob 1,5:0,5 ko‘rinishini oladi.
Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan o‘yinchi chempion bo‘ladi.
Masalan, raqiblardan biri 12-partiyadan keyin kerakli 7,5 ochkoni to‘plasa, qolgan partiyalar o‘tkazilmaydi.
Barcha 14 ta partiyadan so‘ng hisob 7:7 bo‘lib qolsa, g‘olibni tay breyk — tezlashtirilgan vaqt nazorati ostidagi qo‘shimcha partiyalar aniqlab beradi.
Shu bois ko‘plab partiyalar durang bilan yakunlangan taqdirda ham, match deyarli uch hafta davom etishi mumkin.
14 ta partiyadan keyin durang qayd etilsa nima bo‘ladi?
Agar Sindarov va Gukesh yetti ochkodan to‘plasa, 12-dekabr kuni tay breyk bo‘lib o‘tadi.
Avvaliga raqiblar tezkor shaxmat — rapid bo‘yicha to‘rtta partiya o‘ynaydi. Har biriga partiya uchun 15 daqiqa va har bir yurishga 10 soniyadan qo‘shimcha vaqt beriladi.
Agar shundan keyin ham hisob teng bo‘lib qolsa, 10 daqiqali nazorat va har bir yurish uchun besh soniya qo‘shib beriladigan ikkita partiya o‘tkaziladi.
Agar g‘olib yana aniqlanmasa, shaxmatchilar blitsga — uch daqiqali nazorat va har bir yurish uchun ikki soniya qo‘shib beriladigan ikkita partiyaga o‘tadi.
Tenglik saqlanib qolgan taqdirda, ishtirokchilardan biri g‘alaba qozonmagunicha xuddi shunday vaqt nazorati ostida alohida blits partiyalari o‘tkazilaveradi.
Shunday qilib, deyarli uch haftalik qarama-qarshilik taqdiri sanoqli daqiqalar ichida hal bo‘lishi mumkin.
Shaxmat translyatsiyasi vaqtidagi raqam va belgilar nimani anglatadi?
Translyatsiya vaqtida shaxmat taxtasi yonida odatda soat, yurishlar ro‘yxati, match hisobi va pozitsiyaning kompyuter bahosi joylashadi.
Ularni o‘qishni o‘rganish qiyin emas.
1. Yurishlar yozuvi. Masalan, “1. e4 e5 2. Nf3 Nc6” ketma-ketligi oqlar avval piyodani e4 ga surganini, qoralar e5 ga piyoda yurishi bilan javob qaytarganini, shundan so‘ng oqlar otni f3 ga, qoralar esa c6 ga olib chiqqanini anglatadi.
Xalqaro yozuvda N otni, B filni, R ruxni, Q farzinni, K shohni ifodalaydi. Piyoda yurishlari odatda harfli belgisiz yoziladi.
“x” belgisi figura urib olinganini, “+” — shoh (kisht) berilganini, “#” — motni bildiradi.
Shaxmat ekspertlari partiyalarni qanday sharhlaydi? Taxtaning chap tomonidagi ustun qora figuralar bilan o‘ynayotgan Sindarovning sezilarli ustunligini ko‘rsatmoqda. City Chess YouTube kanali translyatsiyasidan skrinshot.
2. Kompyuter bahosi. Translyatsiya vaqtida ko‘pincha +0,3, +1,5 yoki −2,0 kabi raqamlar ko‘rsatiladi.
Ular shaxmat dasturi tomonidan pozitsiyaga berilgan bahoni anglatadi. Odatda musbat qiymatlar oqlarning, manfiy qiymatlar esa qoralarning ustunligini bildiradi. Baho qiymati qanchalik katta bo‘lsa, kompyuter ustunlikni shunchalik sezilarli deb hisoblaydi.
U taxminan piyoda birliklarida ifodalanadi. Masalan, +1,5 oqlarning dastur tomonidan taxminan bir yarim piyodaga teng deb baholangan ustunligiga to‘g‘ri keladi. Biroq bu oqlar albatta g‘alaba qozonadi degani emas.
Bitta muvaffaqiyatsiz yurishdan keyin baho keskin o‘zgarib ketishi mumkin. Ba’zan kompyuter darhol bir necha yurishda mot bo‘lishini ko‘rsatadi.
3. Shaxmat soati. U har bir raqibda qancha vaqt qolganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, 40-yurishga yaqinlashganda va partiya oxirida uni kuzatib borish muhim.
4. Match hisobi. Joriy partiya natijasidan alohida tarzda qarama-qarshilikning umumiy hisobi ko‘rsatiladi. Masalan, 4,5:3,5 o‘ynalgan partiyalardan so‘ng shaxmatchilardan biri ikkinchisidan bir ochko ko‘p to‘plaganini bildiradi.
Debyut, mittelshpil va endshpil nimani anglatadi?
Sharhlovchilar shaxmat partiyasini shartli ravishda uch bosqichga bo‘ladi.
Debyut — o‘yinchilar figuralarni rivojlantiradigan, markaziy kataklar uchun kurashadigan va shoh xavfsizligini ta’minlashga harakat qiladigan partiyaning boshlang‘ich qismi. Grossmeysterlar debyut tayyorgarligiga matchdan ancha oldin ko‘p vaqt sarflaydi.
Mittelshpil — partiyaning o‘rta qismi. Bu yerda asosiy strategik va taktik to‘qnashuvlar yuzaga keladi: shohga hujumlar, figuralar almashinuvi va murakkab kombinatsiyalar.
Endshpil — taxtada kamroq figura qoladigan yakuniy bosqich. Bunda shohning faolligi, piyodalarni olg‘a surish va hisob-kitob aniqligi katta rol o‘ynay boshlaydi.
Ayrim partiyalarda raqiblar uzoq vaqt davomida taxminan teng pozitsiyani saqlab turishi, so‘ngra endshpildagi bitta noaniq yurish mag‘lubiyatga olib kelishi mumkin.
Nega shaxmatchilar ba’zan figuralarini o‘z ixtiyori bilan berib yuboradi?
Match davomida tomoshabinlar raqiblardan biri qochib qutulish imkoni bo‘la turib, o‘z figuraini urib olishga yo‘l qo‘yganini ko‘rishlari mumkin.
Masalan, shaxmatchi shohga hujum qilish uchun chiziq ochish maqsadida filni qurbon qilishi yoki piyodani farzinga chiqarish yo‘lida ruxni berib yuborishi mumkin.
Bunday qarorlar har doim ham xato hisoblanmaydi. O‘yinchi kelgusida muhimroq ustunlikka erishishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin.
Ammo shaxmatchi tahdidni payqamay, hech qanday kompensatsiyasiz figura yo‘qotadigan haqiqiy xatolar ham uchraydi. Jahon toji uchun matchda hatto bitta shunday xato ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Sindarov va Gukesh matchi davomida nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Qarama-qarshilikni kuzatib borish uchun yangi tomoshabinlar o‘zlariga bir nechta oddiy savollarni berishlari kifoya.
Hozir kimning yurish navbati va uning qancha vaqti qoldi? Biror kimning shohi tahdid ostidami? Figuralar soni bo‘yicha yaqqol ustunlik bormi? Kompyuter bahosi nimani ko‘rsatmoqda? Shaxmatchilar 40-yurishga yoki partiya yakuniga yaqinlashmayaptimi?
Ayniqsa, kompyuter bahosi keskin o‘zgargan, o‘yinchilardan biri seytnotga tushib qolgan yoki raqiblar hatto kichik noaniqlik ham uchrashuv taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan endshpilga o‘tgan lahzalar qiziqarli kechishi mumkin.
Shu bilan birga, kompyuter baholari yakuniy hukm emasligini unutmaslik kerak. Raqiblardan biri sezilarli ustunlikka ega bo‘lgan taqdirda ham, ikkinchisi partiyani qutqarib qolishning kutilmagan yo‘lini topishi mumkin.
Matchni qachon va qayerda tomosha qilish mumkin?
Sindarov va Gukesh o‘rtasidagi birinchi partiya 24-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlandi. Oxirgi klassik partiya 11-dekabrga, tay breyk esa (zarurat tug‘ilsa) 12-dekabrga rejalashtirilgan.
Partiyalar Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) rasmiy resurslarida, shuningdek, shaxmatga oid YouTube kanallari va internet platformalarda translyatsiya qilinadi.
Match rivojini videosiz ham kuzatish mumkin: onlayn doskalar o‘yinchilar tomonidan amalga oshirilgan barcha yurishlarni, hisobni, qolgan vaqtni va kompyuter bahosini avtomatik tarzda ko‘rsatib turadi.
Yangi tomoshabinlar uchun boshlovchilar nafaqat yurishlarni, balki shaxmatchilarning maqsadlarini ham tushuntirib boradigan o‘zbek yoki rus tilidagi sharhli translyatsiyalar, ayniqsa, foydalidir.
Turnirni YouTube’dagi UzChess (o‘zbek tilida), City Chess (rus tilida) hamda FIDE, Chess.com (ingliz tilida) kanallari sharhlab boradi.
Shaxmat qoidalari (video)










