Mour effekti: “Real Madrid” muddatidan avval YCHL pley-off bosqichiga yo‘l oldi | Daryo

“Real Madrid” UEFA Chempionlar Ligasi 2026/27-yilgi mavsumining pley-off bosqichiga chiqishni muddatidan oldin kafolatladi. Madrid klubi umumiy guruh bosqichining 5-turida Niderlandiyaning “PSV” jamoasini yirik hisobda mag‘lub etdi.
Madridda bo‘lib o‘tgan uchrashuv Joze Mourinyo shogirdlarining 5:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu tariqa, “Real” beshta o‘yinda beshta g‘alaba qayd etib, 15 ochko jamg‘ardi va musobaqada pley-off yo‘llanmasini naqd qilgan ilk jamoaga aylandi.
Madridliklar qolgan uchta uchrashuvning barchasida mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham turnir jadvalida 23-o‘rindan pastga tushmaydi.
“Real”ning muvaffaqiyatini hozircha faqat Fransiyaning “PSJ” klubi takrorlashi mumkin.
Amaldagi Chempionlar Ligasi g‘olibi to‘rtta uchrashuvdan so‘ng 12 ochko jamg‘argan. Parijliklar 12 ochkoga ega bo‘lgan holda “Roma”ga qarshi maydonga tushadi.
“Real Madrid” Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ketma-ket 30-mavsum ishtirok etadi. Madrid klubi oxirgi marta 1996/97-yilgi mavsumda ushbu bosqichga chiqa olmagan. O‘shanda jamoa umuman yevrokuboklarda ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, umumiy bosqich yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi sakkizta jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘l oladi. 9–24-o‘rinlarni egallagan klublar esa ushbu bosqichga chiqish uchun pley-off bahslarida ishtirok etadi.
“Real Madrid” barcha musobaqalarda ketma-ket 10 ta uchrashuvda g‘alaba qozondi. Bu madridliklarning so‘nggi to‘rt yildagi eng yaxshi natijasi bo‘ldi.
Bungacha “Real” Ispaniya chempionatida ketma-ket oltita, Chempionlar Ligasida esa uchta g‘alabaga erishgandi.
Madrid klubi oxirgi marta bunday seriyani 2022-yilda qayd etgan. O‘shanda Karlo Anchelotti boshchiligidagi jamoa 2021/22-yilgi mavsumni Chempionlar Ligasidagi g‘alaba bilan yakunlagan va keyingi mavsumni ketma-ket to‘qqizta g‘alaba bilan boshlagan edi.
Qayd etish joiz, Mourinyo boshqaruvidagi “Real” 10 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 31 ta gol urib, o‘z darvozasidan 10 ta to‘p olib chiqqan.
Madridliklar oxirgi bor 20-sentyabr kuni ochko yo‘qotgan. O‘shanda jamoa “Atletiko”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan.



