28.11.2026, Shanba+10.9°CToshkentUSD12 002.10EUR13 166.30RUB146.02
+10.9°CToshkent$12 002.10 28.11.2026

Toshkentda Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yiliga start berildi

Siyosat 27.11.2026 23:50 1Gazeta
Toshkentda Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yiliga start berildi

27-noyabr kuni Toshkentda Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili (2027-yil) ochilgani e’lon qilindi. O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 80 dan ortiq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu rezolyutsiya 2024-yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning marosim ishtirokchilariga — ular orasida “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Al Novais va 45 dan ortiq mamlakat vakillari bor — yo‘llagan tabrigini Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.

“Biz mehmonlarni yaxshi ko‘ramiz. Har bir sayyoh yurtimizga ishonch, xonadonlarimizga fayz-baraka degani”, — deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida.

саида мирзиёеva, turizm, шавкат мирзиёев

“Xalqlarni yaqinlashtirishda turizmning ahamiyati ortib bormoqda”

Davlat rahbari tabrigida qayd etilishicha, murakkab geosiyosiy vaziyat, jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar va xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq chaqiriqlar sharoitida mamlakatlar va xalqlarni yaqinlashtirishda turizmning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Sohaning o‘sish sur’ati jahon iqtisodiyotining umumiy o‘sishidan yuqori. 2025-yilda turizmning global YAIMdagi ulushi 11,6 trln dollarni yoki 9,8 foizni tashkil etdi. “Ayni vaqtda bu ko‘rsatkichlar zamirida millionlab insonlar, kichik va o‘rta biznes vakillarining mehnati mujassam ekani, oilalar farovonligi va yosh avlodning orzu-intilishlari ko‘p jihatdan mazkur tarmoq rivoji bilan bog‘liqligini ham ta’kidlash lozim”, — deya ta’kidladi prezident.

O‘zbekistonda ham turizm iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega tarmoqqa aylandi. 2026-yilning dastlabki 10 oyida O‘zbekistonga 11,6 million sayyoh tashrif buyurdi — bu 2025-yilning butun davridagi ko‘rsatkich bilan teng. Turistik xizmatlar eksporti 1,5 barobarga o‘sib, 6 mlrd dollarga yetdi. Soha va unga tutash tarmoqlarda 1 millionga yaqin kishi band.

“Biz 2030-yilgacha xorijlik turistlar sonini 20 million nafarga, turistik xizmatlar eksportini 10 milliard dollarga, sohada band aholini 2 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 7 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz”, — deyiladi tabrikda.

Turizmning barqarorligi va yashovchanligini qanday oshirish mumkin?

2027-yilda O‘zbekistonda turizmni barqaror rivojlantirish va uning yashovchanligini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi, deya ma’lum qildi prezident o‘z tabrigida.

“Ichki turizmni rivojlantirish orqali sohaning inqirozlarga bardoshli bo‘lishini kuchaytirish zarur deb hisoblaymiz”, — deb qayd etdi u.

Davlat rahbari mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni muhim masala deb atadi: “Markaziy Osiyo tajribasi qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda yagona turistik makon sifatida harakat qilish orqali katta natijalarga erishish mumkinligini tasdiqlamoqda”.

“Globallashuv — turizmning asosiy kuchi. Shu bilan birga, bu omil asriy an’analar va milliy qadriyatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgani ham hech kimga sir emas. Mamlakatlarning milliyligi va etnomadaniyatini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda saqlashda turizm sohasini eng samarali vosita deb hisoblaymiz”, — deyiladi tabrikda.

“Taraqqiyot zamonaviylik bilan, kelajak esa milliy qadriyatlarimiz bilan barpo etiladi”, — deya urg‘uladi Shavkat Mirziyoyev.

Turizmni uzoq muddatli rivojlantirish uchun u keyingi besh yilga mo‘ljallangan global harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

“Bunday dastur „BMT Turizm“ tashkiloti yetakchiligida davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorning imkoniyatlarini birlashtirib, aniq natijalarga erishishga xizmat qilishi zarur”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

саида мирзиёеva, turizm, шавкат мирзиёев

Marosim 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — “Ipak yo‘lidagi turizm” doirasida bo‘lib o‘tdi. U 25−27-noyabr kunlari o‘tkazildi.

O‘xshash yangiliklar