26.11.2026, Payshanba+11.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+11.6°CToshkent$11 990.54 26.11.2026

Zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun ayol advokatni tanlash imkoniyati muhim — huquq himoyachilari

Jamiyat 25.11.2026 23:22 0Gazeta
Zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun ayol advokatni tanlash imkoniyati muhim — huquq himoyachilari

Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan yillik konferensiyada sudyalar, huquqni himoya qilish tashkilotlari va diplomatik missiyalar vakillari O‘zbekistonda xotin-qizlar zo‘ravonlikdan himoya so‘rab murojaat qilganda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini muhokama qildi.

Konferensiya 25-noyabr — Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kunida Toshkentda bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va sud qarorlarining ochiqligi

BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl bepul yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sudda vakillik sifatini oshirish muhimligini ta’kidladi.

“Odil sudlov hech qachon advokat xizmatiga qurbi yetadigan yoki murakkab yuridik tartib-taomillarni tushunadiganlarning imtiyozi bo‘lmasligi kerak. Bu huquqdan har bir inson hech qanday diskriminatsiyalarsiz, asosiy huquq sifatida foydalana olishi kerak”, — dedi Sabine Mahl.

“Ayollarning odil sudlovga erishishi shunchaki sudga murojaat qilishning formal huquqi emas. Gap xotin-qizlarning huquqbuzarliklar haqida xavfsiz xabar bera olishi, malakali yuridik yordam hamda zo‘ravonlik va diskriminatsiyalardan himoya olishi, samarali huquqiy himoya vositalaridan foydalanishi hamda sud jarayonlarida qo‘rquv, stigma hamda moliyaviy to‘siqlarsiz ishtirok eta olishi haqida bormoqda”, — deya qayd etdi u.

Shveysariya elchisi Simona Giger 2023-yilda O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etganini eslatib o‘tdi.

“Har qanday qonun kabi, ushbu qonunning samaradorligi ham uning qanchalik izchil qo‘llanishiga, mazkur holatda esa jabrlanuvchilar o‘zlarini himoya so‘rab murojaat qila olishlarini qanchalik his qilishlariga bog‘liq”, — dedi u.

“Oiladagi zo‘ravonlik haqida gapirish uchun ayoldan katta jasorat talab etiladi. Zo‘ravonlik haqida xabar berish oilaning kutilmalari va ijtimoiy me’yorlarga qarshi chiqish, iqtisodiy qaramlikni yengib o‘tishni anglatishi mumkin”, — deb ta’kidladi Giger.

“Mahalla raislari, mahalliy hokimiyat organlari va ichki ishlar xodimlari oiladagi zo‘ravonlikdan jabrlanganlar ko‘pincha birinchi bo‘lib murojaat qiladigan insonlardir. Har bir shikoyatga jiddiy munosabatda bo‘lish, uni professional tarzda ko‘rib chiqish va qonunga muvofiq ish tutish ko‘p jihatdan ularga bog‘liq”, — deya urg‘uladi Giger.

U, shuningdek, Shveysariya BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘linmasi bilan, jumladan, uning O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni boshlaganini ma’lum qildi.

Oiladagi zo‘ravonlikka oid ishlar bo‘yicha barcha qarorlar ham jamoatchilik uchun ochiq emas

O‘zbekistondagi gender zo‘ravonligiga qarshi loyiha jurnalisti sud qarorlarini o‘rganishda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sud 2026-yilning birinchi yarmida sudlar xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq 2118 ta jinoyat ishini ko‘rib chiqqanini ma’lum qilgan.

Oliy sudning ochiq bazasidan jurnalist oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi jinoyat moddasi bo‘yicha 895 ta qarorni topgan. U tushuntirish olish uchun sud matbuot xizmatiga murojaat qilganida, unga qarorlarning faqat bir qismi e’lon qilinishini aytishgan.

E’lon qilingan qarorlardan 49 tasini u tahlil qila olmagan. “Chunki, masalan, matn butunlay yopib qo‘yilgan, uni o‘qib bo‘lmaydi. Yoki, deylik, qarorning faqat oxirgi sahifasi bor, ya’ni ishda nima bo‘lganini umuman tushunib bo‘lmaydi. Yoki fayl shikastlangan, yoki yuklab olinmaydi”, — deya tushuntirdi jurnalist.

Hukmlardagi shaxsiy ma’lumotlar ham turlicha yashiriladi. Uning aytishicha, ayrim hollarda matndan jabrlanuvchi ayol yoki erkak ekanini ham tushunib bo‘lmaydi. Boshqa hollarda esa ish ishtirokchilarining shaxsiy ma’lumotlari — hatto yashash manzillarigacha ochiq qoladi.

Zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun ayol advokat yoki sudyaga murojaat qilish imkoniyati bo‘lishi muhim

Advokatlar palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda 7068 nafar advokat faoliyat yuritgan, ulardan 1034 nafari ayollar — 14,6 foiz. O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti rahbari ushbu ulush zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun nima sababdan muhimligini tushuntirdi.

“Bilamizki, bir qator juda nozik ishlar bo‘yicha ayollar o‘z muammolari haqida ayol sudyalar, ayol advokatlar bilan bajonidil gaplashadi. Agar ularda o‘z jinsidagi advokatga murojaat qilish imkoniyati kam bo‘lsa, bu ham odil sudlovga erishish nuqtai nazaridan muammoga aylanishi mumkin”, — dedi u.

O‘zbekiston Oliy sudi raisi o‘rinbosari Malika Qalandarova sudlarda ba’zan ishni ko‘rib chiqishni ayol kishiga topshirish haqida iltimoslar bo‘lishini aytdi. “Shahvoniy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarga oid ishlarni yoki ayollarga taalluqli ishlarni ayollar ko‘rib chiqishini so‘raydigan holatlar uchraydi”, — deya qayd etdi u.

2026-yil sentabr oyida Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi saytida keltirilgan bahoga ko‘ra, O‘zbekistonda sudyalarning taxminan 16 foizini ayollar tashkil etgan. Prezidentning 2025-yil noyabrdagi farmoni bilan ularning ulushini kamida 30 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan.

“Agar odil sudlov uchun mas’ul bo‘lgan organning o‘zida gender muvozanati ta’minlanmagan bo‘lsa, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi ham susayishi mumkin”, — deb ta’kidladi u.

Ayollar uchun maxsus kvotalar, jumladan, Odil sudlov akademiyasida sudyalarni tayyorlash kurslariga qabul qilishda ham nazarda tutilgan. Akademiyada o‘qitish “sudyani sudya o‘qitadi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan, deya qo‘shimcha qildi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Malika Qalandarova, shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan zo‘ravonlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish tartibi o‘zgarishini eslatib o‘tdi. Prezidentning mart oyidagi farmoniga muvofiq, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar tergov qiladi, sudlarda esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan sudyalar ko‘rib chiqadi.

2026-yil oxirigacha har bir hududda kamida bir nafar tergovchi va bir nafar sudya shunday tayyorgarlikdan o‘tishi kerak. O‘qishga yuborishda ustuvorlik, qoida tariqasida, ayollarga beriladi.

O‘xshash yangiliklar