City Palace mehmonxonasi örnida 41 qavatli yangi majmua quriş taklif etildi

Toşkent markazidagi City Palace mehmonxonasi egalari uning örnida 540 ta xonaga ega 41 qavatli yangi mehmonxona majmuasini qurişni taklifi bilan çiqdi. Loyiha 23-noyabr kuni tadbirkorlarning boş vazir örinbosari Jamşid Xöjayev bilan oçiq muloqotida muhokama qilindi.
City Palace boş menejerining taʼkidlaşiça, kompaniya poytaxtda sayyohlarni joylaştiriş va xalqaro tadbirlarni taşkil etişga möljallangan yangi mehmonxona majmuasi loyihasini işlab çiqqan.
«Bizda 41 qavat, 540 ta xonali yaxşi loyiha bor. Hamma bilan kelişib oldik, faqat qavatlar soniga ruxsat oliş kerak», - dedi u.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov baland bino Amir Temur xiyobonidagi haykal körinişini tösib qöyişi mumkinligidan xavotir bildirdi. Kompaniya vakili yangi loyiha haykalni tösib qöymasligini aytdi.
Boş vazir örinbosari Jamşid Xöjayev binolarning ruxsat etilgan maksimal qavatlar soni Toşkentning tasdiqlangan boş rejasi bilan belgilanişini va individual murojaatlari asosida özgartirilmasligini taʼkidlab ötdi.
«Tadbirkorlardan boş reja böyiça tasdiqlanganidan baland qavat qurişni söramasliklarini iltimos qilaman. Men qavatlar soniga emas, balki boşqa jihatlarga eʼtibor qaratişni istardim, çunki boş reja allaqaçon tasdiqlangan», dedi Xöjayev.
City Palace boş menejeri kompaniya hali ham Urbanizatsiya qömitasining rasmiy xulosasini ololmaganini bildirdi. Uning sözlariga köra, bu masala bir oy avval hukumat rahbari iştirokidagi yiğilişda ham muhokama qilingan va kompaniyaga rasmiy javob berilişi vaʼda qilingan, biroq hozirgaça bu böyiça xulosa berilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi 880-sonli qarori bilan poytaxtning 2045-yilgaça bölgan boş rejasi tasdiqlangan. Uçraşuvda tegişli idora vakili muhokama qilinayotgan hududda yetti qavatgaça bölgan binolar qurişga ruxsat berilganini maʼlum qildi. Uning sözlariga köra, avvalroq investorga yaqin atrofda joylaşgan InterContinental mehmonxonasi bilan teng qavatli master-reja işlab çiqiş va uni Urbanizatsiya qömitasi körib çiqişi uçun taqdim etiş taklif qilingan. InterContinental mehmonxonasi taxminan 21 qavatdan iborat.
«Körib çiqiş maʼqullaş degani emas», - deya qöşimça qildi Jamşid Xöjayev.



