25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada $1,5 mlrd lik 40 ga yaqin loyihani amalga oshirmoqchi

Biznes 25.11.2026 14:57 0Spot
O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada $1,5 mlrd lik 40 ga yaqin loyihani amalga oshirmoqchi

O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada 40 ga yaqin investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Jordan News Agency xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulla II 24-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishni muhokama qildi. Tomonlar sanoat, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo sanoati, tibbiyot va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Abdulla II tashrif davomida imzolanishi rejalashtirilgan bitimlar sheriklikni mustahkamlashini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston-Iordaniya biznes-forumida tadbirkorlar o‘rtasida aloqa o‘rnatish va qo‘shma loyihalar istiqbollarini o‘rganish imkoniyati borligini aytdi.

Mirziyoyev esa qirollikda $1,5 mlrd lik 40 ga yaqin investitsiya loyihasini amalga oshirish niyatida ekanini ma’lum qildi. U loyihalarni tezroq ishga tushirishga sodiq ekanini bildirdi.

Uchrashuvda Abdulla II 2025-yilning avgustida Samarqandga tashrif buyurganidan keyin ikki davlat o‘rtasidagi savdo 80% ga oshgani aytildi. Hukumatlararo komissiya va qo‘shma ishbilarmonlar kengashi ish boshlagan. Bu yilning iyunidan esa Toshkent va Amman o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbari davlat mukofotlarini almashdi. Abdulla II Mirziyoyevga Al-Husayn ibn Ali ordenini, Mirziyoyev esa qirolga “Oliy darajali Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Qo‘shma loyihalar haqida batafsil ma’lumot tashrif doirasida tashkil etilgan “O‘zbekiston — Iordaniya” ko‘rgazmasida taqdim etildi.

Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida Smart Textile Cluster tikuvchilik klasteri tashkil etiladi. Loyihada Iordaniyaning Southern Garment Manufacturing va O‘zbekistonning Bunyodkor Textile kompaniyalari hamkorlik qiladi.

Zelal Tekstil ishtirokida DNZ brendi ostida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. 2027-yilning iyulidan ular AQShga yetkazib beriladi. Paxtakor Teks va Iordaniyaning Friends Apparel kompaniyasi AQSh va MDH bozorlari uchun kiyim tikadi.

To‘qimachilikdan tashqari, ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kon sanoati va geologiya, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, elektrotexnika, farmatsevtika, transport va mudofaa sanoati kiradi. Ko‘rgazmada bazalt mahsulotlari, o‘g‘itlar, oziq-ovqat va dori vositalari namunalari namoyish etildi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Iordaniya imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim va boshqa hujjatlarni imzolagani haqida yozgandi.

O‘xshash yangiliklar