25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Fly Khiva Toshkentdan Venaga ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Biznes 25.11.2026 17:50 0Spot
Fly Khiva Toshkentdan Venaga ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Fly Khiva Airways xususiy aviakompaniyasi Toshkentdan Venaga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Birinchi reys 2027-yilning aprel oyiga rejalashtirilgan, chiptalar esa allaqachon sotuvda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Toshkentdan Venaga parvoz 5 soat 10 daqiqa, ortga qaytish esa 6 soat 35 daqiqa davom etadi. Bir tomonga chipta narxi $302 dan $910 gacha.

Aviakompaniya bosh direktori Dilshod Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi yo‘nalishni ochish qarori yo‘lovchilar talabini o‘rganish natijasida qabul qilingan.

“Odamlar Yevropaga tungi tranzitlarsiz va boshqa mamlakatlar aeroportlarida uzoq kutmasdan uchishni xohlaydi. Vena biz uchun Yevropaga darvoza va Yevropa standartlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatidir”, — dedi u.

Xodjayev, shuningdek, yangi yo‘nalish aviakompaniyaning kelajakdagi Yevropa tarmog‘ining asosi bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya tez orada Yevropaga boshqa yo‘nalishlarni e’lon qilishi mumkin.

Fly Khiva Airways 2024-yil dekabr oyidan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya yo‘lovchi va yuk tashishni Boeing samolyotlarida amalga oshiradi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston xorijiy aviakompaniyalar bilan “beshinchi havo erkinligi” bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishi haqida yozgan edi.

O‘xshash yangiliklar