Toshkent markazidagi City Palace mehmonxonasi egalari uning o‘rnida 540 ta xonaga ega 41 qavatli mehmonxona majmuasini qurishni taklif qilmoqda.
Loyiha 23-noyabr kuni tadbirkorlarning bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan ochiq muloqotida muhokama qilindi.
Mehmonxonaning bosh menejeri so‘zlariga ko‘ra, kompaniya loyiha tayyorlab, binoning balandligidan tashqari barcha masalalarni kelishib olgan.
“Bir oy oldin bu haqda gaplashgan edik, ammo [Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi] tomonidan hozircha javob berilmadi”, — dedi u.
Jamshid Xodjayev binolarning maksimal qavatlar soni bosh reja bilan belgilanishi va investorning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilmasligini ta’kidladi.
“Agar qavatlar soni bosh rejada belgilangan bo‘lsa, tadbirkorlardan o‘z loyihalarining qavatlar sonini oshirishni so‘ramasliklarini iltimos qilaman. Bu haqda ko‘p marta gapirganmiz: bosh reja allaqachon tasdiqlangan”, — dedi u va investorga shu kunning o‘zida rasmiy javob berishni topshirdi.
Hozirda City Palace 17 qavatli bino hisoblanadi. Toshkent bosh rejasiga ko‘ra, ushbu hududda yetti qavatdan baland bo‘lmagan inshootlar qurish mumkin.
Shu uchrashuvda investorga qo‘shni InterContinental mehmonxonasi kabi 21 qavatdan oshmaydigan bino loyihasining master-rejasini ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu rejani Urbanizatsiya qo‘mitasiga taqdim etish kerak.
“Ko‘rib chiqish ma’qullash degani emas”, — deya aniqlik kiritdi Xodjayev.
Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi hukumatning 2024-yil dekabridagi qarori bilan tasdiqlangan. 2026-yil fevralida unga umumiy qiymati $16,2 mlrd dan ortiq bo‘lgan 31 ta yirik investitsiya loyihasi sababli o‘zgartirishlar kiritilgan.
Avvalroq Spot Yangi Toshkentda alohida hokimlik tashkil etilishi haqida yozgandi.
Shahar hokimligi dastlab 14 shtat birligidan iborat bo‘ladi. Uning faoliyati respublika budjetidan moliyalashtiriladi.



