Servercore xalqaro IT-infratuzilma provayderi bulutli ma’lumotlar bazalari qatorida yangi PGVector xizmatini ishga tushirganini e’lon qildi. Xizmat oldindan o‘rnatilgan pgvector kengaytmasiga ega boshqariladigan PostgreSQL ma’lumotlar bazasini taqdim etadi. Kompaniyalar vektorli ma’lumotlarni relyatsion ma’lumotlar bilan birga saqlashi va ulardan semantik qidiruv, RAG hamda boshqa AI-ssenariylarda alohida vektorli ma’lumotlar bazasiga ehtiyoj sezmasdan foydalanishi mumkin.
AI-ilovalar tobora ko‘proq vektorlar — matn, tasvir va hujjatlarning mazmunini ifodalovchi sonli ko‘rinishlar bilan ishlamoqda. Ular yordamida so‘zlarning aynan mos kelishini emas, balki mazmun jihatidan so‘rovga eng yaqin ma’lumotlarni qidirish mumkin. Buning uchun vektorlarni saqlash va eng yaqin qo‘shnilarni qidirishga mo‘ljallangan PostgreSQL’ning ochiq kodli pgvector kengaytmasidan foydalaniladi. U aniq qidiruv, shuningdek, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlashda qidiruvni tezlashtiruvchi HNSW va IVFFlat indekslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
PGVector xizmatida kengaytma klasterning yaratiladigan har bir ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘ladi. Uni alohida o‘rnatish va sozlash talab etilmaydi. Bunda PostgreSQL’ning odatiy ma’lumotlar modeli saqlanib qoladi: vektorli qidiruvni SQL-filtrlar bilan birlashtirish, hujjatlar, ularning metama’lumotlari va vektorlarini esa bitta ma’lumotlar bazasida saqlash mumkin.
Xizmat korporativ hujjatlar asosida ishlaydigan AI-assistentlar va chat-botlar, kataloglar hamda bilimlar bazasi bo‘yicha qidiruv tizimlari uchun mos keladi. AI-agentlar ishlab chiquvchilari PGVector’dan xotira va bilimlarni saqlash ombori sifatida, jumladan, n8n kabi orkestratorlar bilan birgalikda foydalanishlari mumkin. Shuningdek, u MCP-serverlar uchun backend vazifasini bajaradi. AI bilan ishlashni endigina boshlayotgan startaplar va jamoalar uchun PGVector arxitekturani murakkablashtirmasdan, o‘zlariga tanish texnologiyalar to‘plamidan foydalanish imkonini beradi.
PGVector — boshqariladigan xizmat. Undan foydalanish uchun PostgreSQL va pgvector’ni mustaqil o‘rnatish hamda ularga xizmat ko‘rsatish shart emas. Klasterning konfiguratsiyasini yuklamaga qarab vCPU soni, operativ xotira (RAM) va disk hajmi bo‘yicha tanlash mumkin. Loyiha rivojlanishi bilan klasterni masshtablash, uzluksiz ishlashini esa replikalar yordamida ta’minlash mumkin.
Klasterni boshqarish uchun zaxira nusxalarini yaratish, PgBouncer ulanishlar puleri va Prometheus’ga metrikalarni eksport qilish imkoniyatiga ega monitoring vositalari mavjud. Amaldagi PostgreSQL ma’lumotlar bazasini PGVector’ga mantiqiy replikatsiya yoki dump yordamida ko‘chirish mumkin.
“Markaziy Osiyodagi kompaniyalar AI-agentlar va bilimlar bazalari bo‘yicha semantik qidiruvni tobora faol joriy etayotganini kuzatyapmiz. Ko‘plab jamoalar allaqachon PostgreSQL bilan ishlaydi. Shu sababli vektorli qidiruv imkoniyatini ularga tanish texnologiya asosida taqdim etdik. Alohida vektorli ma’lumotlar bazasini ishga tushirish shart emas, biznes esa uzoq davom etadigan sozlash jarayonlarisiz AI-ilovalarni ishga tushirishi mumkin”, — dedi Servercore loyihasi menejeri Ismoiljon Iminoxunov.
PGVector xizmati Servercore’ning boshqaruv panelida allaqachon mavjud.
Kompaniya haqida
Servercore — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Keniyada mahalliy vakolatxonalariga ega xalqaro IT-infratuzilma provayderi.
Kompaniya infratuzilmaga xizmat ko‘rsatishning barcha bosqichlarida — IT-tizimlarni loyihalashdan tortib, ularni boshqarish va masshtablashgacha bo‘lgan jarayonlarda biznesni qo‘llab-quvvatlaydi. Tajribali muhandislar jamoasi infratuzilmaning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Bu esa mijozlarga biznesning asosiy vazifalari va mahsulotni rivojlantirishga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Kompaniyaning Markaziy Osiyo bozorlaridagi tajribasi olti yildan oshadi. Servercore yiliga 250 dan ortiq individual loyihani amalga oshiradi va turli sohalarda faoliyat yurituvchi 1000 dan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi.
Kompaniya Markaziy Osiyodagi yirik innovatsion markazlardan biri bo‘lgan xalqaro Astana Hub texnoparki, shuningdek, O‘zbekistonda axborot texnologiyalariga qiziqishni rag‘batlantirish va istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan IT Park rezidenti hisoblanadi.
Reklama huquqlari asosida.



