Avvalroq Spot Adliya vazirligi banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish bo‘yicha Markaziy bank yo‘riqnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida yozgan edi. Hujjat 2027-yil 19-fevraldan kuchga kiradi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, naqd pul muomalasini samarali tashkil etish hamda aholi va tadbirkorlar uchun naqd pulda hisob-kitob qilish va to‘lovlarni amalga oshirishni qulaylashtirish maqsadida Markaziy bank turli nominaldagi banknot va tangalarni muomalaga chiqaradi.
Pul belgilarining nominal qiymatlari o‘rtacha ish haqi, chakana bozorlardagi iste’mol va maishiy tovarlar narxlari hamda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimining rivojlanish darajasidan kelib chiqib belgilanadi. Zarur hollarda aholining muayyan nominaldagi pul belgilariga bo‘lgan talabi ham o‘rganiladi.
Banknot va tangalarning dizayni Markaziy bank hamda Davlat belgisi korxonasi tomonidan ishlab chiqiladi. Markaziy bank bu borada aholi o‘rtasida so‘rovnomalar ham o‘tkazishi mumkin. Pul belgilarining namunalari va dizayni Oliy Majlis Senati Kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Yangi pul belgilarida nominal qiymat, Markaziy bank nomi, dizayn va namuna tasdiqlangan yil, shuningdek, davlat gerbi yoki bayrog‘i tasviri hamda qalbakilashtirishdan himoyalovchi elementlar bo‘lishi shart. Banknotlarda bundan tashqari nominal qiymat yozuv bilan ham ko‘rsatiladi, seriya va raqam joylashtiriladi.
Pul belgilaridagi yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yoziladi. Ularda tasvirlangan bino, inshoot va boshqa obyektlarning nomlari ham ko‘rsatilishi lozim. Banknotlarning nominal qiymati oshgani sari ularning himoyalanganlik darajasi ham kuchaytiriladi.
Shuningdek, Markaziy bank O‘zbekiston hududidagi istalgan pul belgisini muomaladan chiqarish huquqiga ega. Bunda ayirboshlash tartibi va muddati oldindan e’lon qilinadi. Belgilangan muddat tugagach, ayirboshlanishi kerak bo‘lgan pul belgilari qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi kuchini yo‘qotadi.
Avvalroq Spot yangi alifbo amaldagi banknot va tangalarni almashtirishni talab qilmasligi haqida yozgan edi.




