Sog‘liqni saqlash vazirligi 2027-yil oxirigacha Digital Health Platform (DHP) yagona raqamli sog‘liqni saqlash platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. U davlat va xususiy tibbiyot muassasalarining axborot tizimlarini o‘zaro bog‘laydi. Platformaning 19 ta komponentidan hozircha beshtasi tayyor.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov 24-noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi eshituvda ma’lum qildi.
Davlat tibbiyot muassasalari shifokorlari DMed tizimida ishlaydi. Unda tibbiy kartalar yuritiladi, retsept va yo‘llanmalar yoziladi. Hozir tizimga 3,5 mingta davlat va 8 mingga yaqin xususiy klinika, shuningdek 13 mingga yaqin dorixona ulangan. Biroq ular o‘rtasidagi integratsiya oxiriga yetkazilmagan. DHP aynan shu muammoni hal qilishi kerak.
Platforma umumiy “yadro” vazifasini bajaradi. U barcha tizimlardan ma’lumotlarni bir joyga yig‘adi va ularga HL7 FHIR (Fast Healthcare Interoperability Resources) xalqaro standarti bo‘yicha ma’lumot almashish imkonini beradi.
“Axborot tizimlari turli tillarda yozilgan. Ular bir-biri bilan integratsiya qilinishi uchun bir tilda gaplashishi kerak”, — dedi vazir.
U, shuningdek, davlat va nodavlat muassasalari o‘rtasida ma’lumot almashishga to‘sqinlik qilayotgan boshqa sabablarni ham aytdi. Fuqarolar ma’lumotlariga kirish uchun har bir tizim kiberxavfsizlik bo‘yicha uch bosqichli tekshiruvdan o‘tishi va Raqamli texnologiyalar vazirligi reyestriga kiritilishi kerak.
Bundan tashqari, tizimlar bir-birini tushunishi uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotnoma va klassifikatorlar hali tayyor emas. Kerakli 200 dan ortiq klassifikatordan 170 ga yaqini tayyorlangan.
“Xususiy tibbiyot muassasalarini yagona axborot muhitiga ulash texnik integratsiya bilan birga huquqiy talablar va rag‘batlantirish mexanizmlarini ham talab qiladi”, — dedi vazir.
Bu nima uchun kerak?
Platforma ishga tushgach, bir klinika shifokorlari boshqa klinikadagi bemor ma’lumotlaridan qonuniy foydalana oladi. Bunda ma’lumotlarni avvalgidek ular yig‘ilgan muassasa tasarruf etadi.
Natijada bemorlar boshqa klinikada topshirgan tahlil va tekshiruvlarini qayta topshirishiga kamroq to‘g‘ri keladi.
Vazirlik hisob-kitobiga ko‘ra, platforma takroriy tekshiruvlar va shifokor xatolarini 20% ga kamaytiradi. Shuningdek, hisobotlar tezroq shakllantiriladi, ma’muriy yuklama esa kamayadi.
Avvalroq yil oxirigacha tibbiyot muassasalarida oltita sun’iy intellekt tizimi to‘liq ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.




