Avvalroq Spot Adliya vazirligi 17-noyabr kuni banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazgani haqida yozgan edi.
Hujjat 2027-yil 19-fevraldan boshlab kuchga kiradi. Unga ko‘ra, kelgusida muomalaga chiqariladigan yangi banknot va tangalardagi yozuvlar takomillashtirilgan o‘zbek lotin alifbosida bo‘ladi.
Markaziy bank matbuot xizmati Spot’ga bergan izohida ushbu sana yangi pul belgilari muomalaga chiqariladigan yoki amaldagi pullar almashtiriladigan sana emasligini tushuntirdi. Yangi banknot va tangalar muomalaga chiqarilishidan kamida bir hafta oldin regulyator bu haqda rasman xabar beradi.
“Eng muhimi, hozir muomalada bo‘lgan barcha banknot va tangalar o‘z qiymatini saqlab qoladi. Kelgusida yangi pul belgilari chiqarilgan taqdirda ham amaldagi pullardan avvalgidek do‘konlarda, bozorlarda va boshqa joylarda bemalol foydalanish mumkin”, — deyiladi bayonotda.
Markaziy bank amaldagi banknot va tangalarni almashtirish yoki buning uchun biror qo‘shimcha harakatni amalga oshirish talab etilmasligini ta’kidladi.
Regulyator pul muomalasiga oid ma’lumotlarni rasmiy manbalardan olishni so‘radi.
Avvalroq Markaziy bank 1 mln so‘mlik banknota chiqarilgani haqidagi xabarlar asossiz ekanligi haqida xabar bergandi.




