Ona tiliga hurmat va masʼuliyat bilan yondoşiş barçamizning burçimiz!

Şuning uçun ham ona tili nainki oddiy muloqot vositasi, u bizning kimligimiz, tariximiz va özligimizni anglatadigan maʼnaviy boylikdir.
Yurtimizda har yili 21-oktabr — Özbek tili bayrami kuni keng nişonlanadi. Bu sana ona tilimiz haqida yana bir bor öylaş, uning qadrini çuqurroq anglaş uçun yaxşi fursat. Ammo tilga hurmatni bir kunlik tadbirlar, tabriklar va çiroyli şiorlar bilan çeklab qöymasligimiz kerak. Çunki ona tiliga bölgan haqiqiy ehtirom har kuni gapirişimizda, yozişimizda, farzandlarimizga munosabatimizda va iş faoliyatimizda körinadi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-oktabr kuni Özbekiston xalqiga yöllagan bayram tabrigida ham ona tilimizni asrab-avaylaş, uning nufuzini oşiriş va zamon talablari asosida rivojlantiriş masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu bejiz emas. Zero, tilning kelajagi faqat uning ötmişi bilan emas, bugun undan qanday foydalanayotganimiz bilan ham belgilanadi.
Ona tilini qadrlaş, avvalo, uni töğri va örinli qöllaşdan boşlanadi. Savodli yoziş, fikrni ravon ifodalaş, sözlarning maʼnosini bilib işlatiş bularning barçasi til madaniyatining oddiy, ammo muhim körinişlaridir.
Bu borada alifbo masalasi ham eʼtiborga molik. Maʼlumki, 2026-yil 21-oktabrda qabul qilingan Özbekiston Respublikasining tegişli Qonuni bilan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosiga muayyan özgartiş va qöşimçalar kiritildi. Uşbu yangilanişlar yozuv tizimini takomillaştiriş, uning qöllanilişini qulaylaştiriş hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan uyğunlaştirişga qaratilgan. Qonunning 2027-yil 22-apreldan kuçga kirişi belgilangani esa uşbu jarayonga puxta tayyorgarlik köriş zarurligini anglatadi.
Bunday özgarişlarning ahamiyatini faqat harflar yoki yozuv şakli bilan boğlab tuşuniş töğri bölmaydi. Bugun elektron hujjatlar, internet platformalari, qidiruv tizimlari va turli dasturlardan keng foydalanyapmiz. Şu şaroitda yozuvning barça raqamli muhitlarda bir xil aks etişi, matnlarni saralaş va qayta işlaşda qulaylik bölişi muhim. Kelgusida alifboga mos klaviaturalar, şriftlar, elektron luğatlar va imlo tekşiruvçi dasturlarni takomillaştiriş ham özbek tilining raqamli imkoniyatlarini kengaytirişga xizmat qiladi.
Ayniqsa, sunʼiy intellekt, avtomatik tarjima, ovozni matnga aylantiriş kabi texnologiyalar tez rivojlanayotgan bir paytda özbek tilining bu jarayonlardan çetda qolmasligi kerak. Buning uçun esa faqat texnik imkoniyatlar emas, balki sifatli va yagona yozuv meʼyorlariga asoslangan elektron manbalar ham zarur.
Albatta, alifbodagi özgarişlarni hayotga tatbiq etiş bir kunda amalga oşadigan jarayon emas. Buning uçun darsliklar, luğatlar, öquv qöllanmalari va elektron resurslarni bosqiçma-bosqiç moslaştiriş, pedagoglar va keng jamoatçilikka tuşuntiriş işlarini olib boriş muhim. Şu bilan birga, avvalgi yozuvdagi kitoblar, hujjatlar va axborot manbalaridan foydalaniş imkoniyati ham saqlanişi lozim.
Til madaniyati haqida gap ketganda, kundalik hayotimizdagi oddiy holatlarga ham eʼtibor beriş kerak. Masalan, köçalardagi peşlavhalar, taşkilotlardagi eʼlonlar, rasmiy xatlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlar. Baʼzan şu kabi matnlardagi imlo xatolariga közimiz tuşadi. Aslida, davlat tilining obrösi uning qonunlarda belgilangan maqomi bilangina emas, balki jamiyatda qançalik töğri va keng qöllanilişi bilan ham belgilanadi.
Yoş avlodning ona tiliga munosabati ham köp jihatdan kattalarga boğliq. Bola uyda eşitgan sözi, ota-onasining kitobga va tilga munosabati orqali dastlabki könikmalarni hosil qiladi. Maktabda bu bilimlar mustahkamlanadi. Şuning uçun farzandlarimizni kitob öqişga qiziqtiriş, ular bilan özbek tilida suhbatlaşiş, mustaqil fikr bildirişga örgatişga köproq eʼtibor berişimiz kerak.
Bugun yoşlarimizning xorijiy tillarni örganişi, dunyo axborot maydonidan foydalanişi juda yaxşi. Lekin bu jarayonda ona tilimizga bölgan eʼtibor susaymasligi zarur. Boşqa tillarni biliş insonning imkoniyatlarini kengaytiradi, öz ona tilini yaxşi biliş esa uning maʼnaviy tayançini mustahkamlaydi. Ikkalasi bir-biriga zid emas, aksinça, bir-birini töldiradi.
Özbek tilining taraqqiyoti faqat tilşunoslar yoki öqituvçilarning vazifasi emas. Har birimiz öz sohamizda uning rivojiga hissa qöşa olamiz. Kimdir özbek tilida sifatli ilmiy maqola yozadi, birov zamonaviy kitob yaratadi, yana bir yurtdoşimiz iş yuritişda davlat tili talablariga amal qiladi. Muhimi, özbek tili barça sohalarda bemalol qöllaniladigan, zamonaviy bilim va texnologiyalarni ifoda eta oladigan til bölib borişi kerak.
Menimça, bugun eng muhim masala ona tilimizga munosabatni kundalik odatga aylantirişdir. Uni faqat bayramlarda eslaş, tadbirlarda maqtov sözlarini aytiş bilan çeklanib qolmaylik. Har birimiz öz yozuvimizga, nutqimizga, farzandlarimizga berayotgan tarbiyamizga eʼtiborli bölaylik. Çunki tilni asraş katta şiorlardan emas, aynan şunday oddiy va doimiy harakatlardan boşlanadi.
Ona tilimiz ajdodlardan qolgan meros, ayni paytda kelajak avlod oldidagi masʼuliyatimiz hamdir. Uni qanday asrab, qanday rivojlantirsak, ertangi avlodga ham şunday yetkazamiz. Şuning uçun ona tilimizga mehr va ehtirom faqat bayram kunlarida emas, hayotimizning har bir kunida hamroh bölişi kerak.
Nazokat Usmonova,
ÖzA muxbiri



