Jizzaxda suv ta'minoti mutaxassislari ushlandi

Jizzax viloyatida ichimlik suvidan hisoblangan 100 mln so‘mlik qarzdorlikni 9 mln so‘m evaziga yo‘q qilib berishni va’da qilgan «Jizzax suv ta’minoti» AJ mutaxassisi ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, korxona mutaxassisi Sh.E. «A.G‘.» MCHJ rahbari X.T.ga jamiyatning ichimlik suvi tarmog‘iga oid hujjatlari soxta ekani va tarmoqqa noqonuniy ulanganini aytgan.
U 9 mln so‘m evaziga 100 mln so‘mlik qarzdorlikni yo‘q qilish hamda yangi suv hisoblagich o‘rnatib berishni va’da qilgan.
Departament ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassis dastlab 2,4 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. U qolgan 6,6 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda xorijliklar tashkil etgan ikkita noqonuniy call-markaz fosh etildi


