28.11.2026, Shanba+10.9°CToshkentUSD12 002.10EUR13 166.30RUB146.02
+10.9°CToshkent$12 002.10 28.11.2026

O‘zbekistondan Yevropaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yetarlimi?

Boshqa 28.11.2026 03:52 2Anhor
O‘zbekistondan Yevropaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yetarlimi?

O‘zbekistonda turizm va aviatsiya bozori jadal rivojlanayotganiga qaramay, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar cheklanganligicha qolmoqda. Muntazam reyslarning aksariyati Toshkentdan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda yangi xususiy aviakompaniyalarning paydo bo‘lishi xalqaro parvozlar geografiyasining kengayishiga xizmat qilmoqda. Aviakompaniyalar Yevropaning yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirib, yo‘lovchi tashish bozorida raqobatni kuchaytirmoqda. 2027-yil bahorida Toshkent va Vena o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi bunga misol bo‘la oladi.

Ammo mavjud parvozlar geografiyasi O‘zbekistonning o‘sib borayotgan turizm bozori ehtiyojlari, biznes manfaatlari va aholining xalqaro safarlarga bo‘lgan talabiga qanchalik javob beradi?

Anhor.uz tahlilida Yevropa bozori, asosan, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya doirasida o‘rganildi. Bunday yondashuv MDH mamlakatlariga rivojlangan aviaqatnovlarni Yevropaning boshqa davlatlariga yo‘lovchi tashishning nisbatan kichik bozori bilan aralashtirmaslik imkonini beradi.

O‘zbekistondan Yevropaning qaysi shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchish mumkin?

Aviakompaniyalarning 2026-yil noyabr va dekabr oylaridagi parvoz jadvallari tahlili Toshkentdan Yevropa Ittifoqining beshta mamlakati va Buyuk Britaniyaning jami yettita shahriga muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Ushbu yo‘nalishlarda haftasiga o‘rtacha 22 ta parvoz amalga oshiriladi.

Eng ko‘p reyslar Riga va Frankfurtga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Varshava, London, Parij, Milan va Myunxen turibdi. Biroq ushbu yo‘nalishlarning birortasida ham har kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar amalga oshirilmaydi.

Masalan, Parij va Milanga haftasiga ikki marta, Myunxenga esa bir marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchish mumkin. Safar rejalari o‘zgarganda yoki kerakli sanaga aviachipta topilmaganda yo‘lovchilar navbatdagi reysni kutishi yoxud tranzit yo‘nalishlardan foydalanishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, tasdiqlangan qishki parvoz jadvaliga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan barcha muntazam reyslar Toshkentdan amalga oshiriladi.

Yozgi turizm mavsumida Urganchdan Parij, Milan va Rimga alohida reyslar hisobiga parvozlar geografiyasi kengayadi. Biroq mavsumiy qatnovlar hozircha O‘zbekiston hududlari va Yevropa o‘rtasida yil davomida ishlaydigan barqaror aviaqatnovlar tarmog‘ini shakllantirmagan.

O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida qancha yo‘lovchi tashilmoqda?

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi barcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarda tashilgan yo‘lovchilar sonini aks ettiruvchi yagona, dolzarb va ochiq statistik ma’lumotlarni topishning imkoni bo‘lmadi.

Buyuk Britaniya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAA) bu borada batafsilroq statistik ma’lumotlarni e’lon qilib keladi.

2025-yilda Toshkent va London o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarda har ikki yo‘nalishda jami 40 727 nafar yo‘lovchi tashilgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 38 895 nafarni tashkil etgan.

Yevropadan kelayotgan turistlar soni ortmoqda

O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xorijiy turistlar sonining ortishi aviaqatnovlarni kengaytirish masalasini yanada dolzarb qilmoqda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonga qariyb 11,7 mln xorijiy fuqaro turistik maqsadlarda tashrif buyurgan.

Yevropa mamlakatlari orasida Italiya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya O‘zbekiston uchun eng yirik turizm bozorlari hisoblanadi.

Bu borada Ispaniya alohida e’tiborga loyiq. 2025-yilda ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga 27 mingdan ortiq turistik safar qayd etilgan. Bu Buyuk Britaniya yoki Polshadan amalga oshirilgan turistik safarlar sonidan ko‘p. Shunga qaramay, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida yil davomida amalga oshiriladigan muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjud emas.

Bu Madrid va Barselonani aviakompaniyalar tomonidan yo‘lovchilar talabini o‘rganish uchun istiqbolli yo‘nalishlarga aylantiradi.

O‘sish 2026-yilda ham davom etdi. Yilning o‘n oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga amalga oshirilgan xorijiy turistik safarlar soni 19,4 foizga oshib, 11,62 mln taga yetdi.

2026-yilning o‘n oyidayoq Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga amalga oshirilgan turistik safarlar soni 2025-yilning to‘liq ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi.

Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy safarlarga bo‘lgan qiziqishi ham ortmoqda. 2025-yilda qariyb 7,56 mln xorijiy turistik safar qayd etilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 22,2 foizga ko‘p. Mazkur statistika nafaqat Yevropa, balki dunyoning barcha mamlakatlarini qamrab oladi.

O‘zbekistondan Yevropaga aviachiptalar taqchilligi bormi?

Aviaqatnovlar bozorida bir nechta tizimli muammolarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Birinchidan, parvozlar sonining cheklangani. Aksariyat yo‘nalishlarda haftasiga birdan uchtagacha reys amalga oshiriladi. Bu safarlarni rejalashtirish imkoniyatlarini cheklab, qisqa muddatli xizmat safarlarini tashkil etishni qiyinlashtiradi.

Ikkinchidan, raqobatning yetarli emasligi. O‘rganilgan yettita yo‘nalishning beshtasida faqat bitta aviakompaniya faoliyat yuritadi.

Uchinchidan, parvozlar geografiyasining cheklangani. Ispaniya, Niderlandiya, Belgiya, Shvetsiya, Daniya va boshqa qator Yevropa mamlakatlariga yil davomida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud emas.

To‘rtinchidan, aviaqatnovlarning poytaxtda jamlangani. Hududlar aholisi Yevropaga borish uchun ko‘pincha avval Toshkentga kelishi yoki xorijiy tranzit aeroportlaridan foydalanishi kerak bo‘lmoqda.

Xulosa

Turistik oqimning ortishi va yangi xususiy aviakompaniyalarning paydo bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari geografik jihatdan ham, parvozlar soni bo‘yicha ham cheklanganligicha qolmoqda.

Yevropa mamlakatlaridan kelayotgan turistlar sonining ortishi yangi yo‘nalishlarni ochish va mavjud reyslar sonini ko‘paytirish uchun zamin yaratmoqda. O‘zbekistonga kiruvchi turizmning asosiy markazlari hisoblangan Samarqand, Buxoro va Urganchning Yevropa bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarini rivojlantirish alohida e’tiborga loyiq.

Parvozlar geografiyasini kengaytirish va aviakompaniyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish aviachiptalar hamyonbopligini oshirishi, safar vaqtini qisqartirishi hamda O‘zbekistonning yevropalik turistlar va ishbilarmonlar uchun jozibadorligini oshirishi mumkin.

O‘xshash yangiliklar