O‘zbekiston yangilangan alifboga o‘tganidan keyin amaldagi banknotalar va tangalar qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qoladi. Ularni yangisiga almashtirish talab etilmaydi. Bu haqda 23-noyabr kuni Markaziy bank bo‘lajak islohot munosabati bilan naqd pul muomalasi tartibiga izoh berar ekan, ma’lum qildi.
Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda aholidan yangilangan o‘zbek alifbosiga o‘tilgach, naqd pullarni almashtirish zarurati bo‘ladimi, degan savollar ko‘plab kelib tushmoqda.
Bank alohida harflarning yozilishidagi o‘zgarishlar amaldagi banknotalar va tangalarning muomaladan chiqarilishini anglatmasligini ta’kidladi.
“Hozir muomalada bo‘lgan barcha pullar avvalgidek amal qiladi. Ular bilan xarid qilish va to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi”, — deyiladi regulyator xabarida.
Agar kelgusida yangilangan alifbodagi yozuvlar tushirilgan pul belgilari chiqarilsa, ular amaldagi kupyuralar bilan bir vaqtda muomalada bo‘lishi mumkin.
2027-yil fevralidan nima o‘zgaradi?
17-noyabr kuni Adliya vazirligi banklarda naqd pul muomalasini tashkil etishni tartibga soluvchi Markaziy bankning 3977-sonli yangi yo‘riqnomasini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Hujjat 2027-yil 19-fevraldan kuchga kiradi. U banklarni naqd pul bilan ta’minlash, aholi va tadbirkorlarga pul berish, shuningdek, yangi banknotalar va tangalarni muomalaga chiqarish tartibini belgilaydi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, pul belgilaridagi yozuvlar davlat tilida lotin grafikasi asosidagi o‘zbek alifbosidan foydalangan holda yozilishi kerak.
Biroq yo‘riqnomaning kuchga kirish sanasi aynan 19-fevral kuni yangi kupyuralar chiqarilishi yoki amaldagi pullar almashtirilishi boshlanishini anglatmaydi.
Yangi namunadagi pul belgilari paydo bo‘lishi haqida Markaziy bank ularni muomalaga chiqarishdan kamida bir hafta oldin ularning tavsifini e’lon qilgan holda ma’lum qilishi kerak.
Yangi yo‘riqnoma, shuningdek, banklarni fuqarolar va tadbirkorlarga ularning hisobvaraqlaridagi qoldiq doirasida naqd pulni uzluksiz berishni ta’minlashga majbur qiladi.
Yangi alifbo qachon kuchga kiradi?
Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev lotin grafikasi asosidagi o‘zbek alifbosini takomillashtirish to‘g‘risidagi O‘RQ-1184-sonli qonunni imzoladi.
Yangi alifbo amaldagi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta apostrof belgisidan iborat bo‘ladi.
Xususan, to‘rtta harfiy belgilanishning yozilishi o‘zgaradi: Sh o‘rniga Ş, Ch o‘rniga Ç, O‘ o‘rniga Ö, G‘ o‘rniga Ğ yoziladi.
Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.
Uning 2-moddasida ilgari rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarda harflarning avvalgi shakllaridan foydalanilgani ularning keyinchalik amal qilishi va muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasligi alohida belgilangan.
Shunday qilib, fuqarolarga faqat alifbo o‘zgarishi sababli kupyuralarni almashtirish uchun banklarga borish talab etilmaydi. Amaldagi pullar o‘z qiymati va to‘lov qobiliyatini saqlab qoladi.
Yangilangan yozuvlar tushirilgan banknotalar va tangalar chiqarilishi mumkin bo‘lgan aniq muddatlar hozircha e’lon qilinmagan.
Yangi alifbo ChatGPT va boshqa SI platformalariga ham kiradi



