23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Jizzaxda qurilayotgan AES yiliga 1−2 mln kub metr suv ishlatadi — suv xo‘jaligi vaziri

Iqtisod 23.11.2026 20:14 0Spot
Jizzaxda qurilayotgan AES yiliga 1−2 mln kub metr suv ishlatadi — suv xo‘jaligi vaziri

Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini suv bilan ta’minlash masalasi to‘liq hal qilingan. Bu haqda 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev ma’lum qildi.

U o‘z so‘zida o‘tgan haftada bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida Forish tumanida qurilayotgan atomchilar shaharchasi hududiga tashrif buyurganini qayd etdi.

Vazirning aytishicha, AES uchun suv Janubiy Mirzacho‘l kanalidan olinadi. Shuningdek, hududda boshqa suv zaxiralari ham mavjud. Hamrayev Aydarko‘l suvi sho‘r ekanligini va u suvdan foydalanib bo‘lmasligini ta’kidladi. Biroq foydalanish masalasi ko‘tarilsa, sho‘r suvni chuchuklashtirib keyin foydalanish mumkin.

Jurnalistning stansiya qancha suv ishlatishi haqidagi savoliga vazir yiliga 1−2 mln kub metr suv sarflanishini aytdi. U bu miqdorni katta emas deb hisoblaydi.

“Unga bir yilda 1−2 million kub metr suv ketadi. Bu umuman katta hajm emas. Juda kam”, — dedi suv xo‘jaligi vazirligi rahbari.

Hamrayevning ta’kidlashicha, atom elektr stansiyasi suvni ko‘p talab qilmaydi, chunki foydalanilgan suv qayta aylantiriladi. U stansiyani suv bilan ta’minlash borasida muammo yo‘qligini bildirdi.

Vazir, shuningdek, loyihaning hozirgi bloklariga qo‘shimcha yana ikkita blok qurish rejalari borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, stansiya kelajakda O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini to‘liq qoplash va elektr energiyasini eksport qilish imkonini berishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot Jizzaxdagi AES qurilishida $2,2 mlrd lik qurilish materiallaridan foydalanish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.

O‘xshash yangiliklar