Migratsiya agentligi Germaniya klinikalarida ishlash uchun hamshiralarni tanlov asosida qabul qilishni e’lon qildi.
Jami 800 nafar tibbiyot xodimini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Tanlov Globalgate dasturi doirasida o‘tkazilmoqda.
U Germaniya klinikalariga tibbiyot xodimlarini ishga joylashtirishga ixtisoslashgan xalqaro rekruting agentligi hisoblanadi.
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar 20−36 yoshda bo‘lishi, tibbiyot kollejining uch yillik diplomiga hamda kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, nomzod sudlanmagan va sog‘lom bo‘lishi talab etiladi.
Ishtirokchilar uchun 10 oylik nemis tili kursi bepul tashkil etiladi. Kurs davomida ularga stipendiya va turar joy taqdim qilinadi. Shuningdek, B2 darajasidagi nemis tili sertifikatini olish xarajatlari qoplanadi.
Germaniyada ish boshlagan tibbiyot xodimlarining oylik ish haqi dastlab 1900 yevro (taxminan 25 mln so‘m)ni tashkil etadi. Kasbiy malakasi tan olingandan so‘ng maosh 2500 yevro (taxminan 32,9 mln so‘m)gacha oshadi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarning viza, aviachipta va hujjatlarni tarjima qilish xarajatlari ham qoplanadi.
Dastur uchun arizalar 15-dekabrgacha qabul qilinadi. Nomzodlar xorijdaish.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 1282 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya 1,5 yillik migratsiya dasturini ishga tushirishi haqida yozgandi.




