AQSH sudi “Titanik”dan topilgan 361 ta buyumni sotishni taqiqladi | Daryo

AQSH sudyasi Rebekka Smit 1912-yilda cho‘kib ketgan “Titanik” kemasidan topilgan 361 ta buyumni sotishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirdi. Ular orasida bronzadan yasalgan farishta haykalchasi, kema qo‘ng‘irog‘i, birinchi toifa yo‘lovchilar ishlatgan idishlar, taqinchoqlar va yo‘lovchilarning shaxsiy buyumlari bor.
Buyumlarni R.M.S. Titanic Inc. kompaniyasi sotmoqchi bo‘lgan. Bu kompaniya “Titanik” cho‘kkan joydan buyumlarni olib chiqish huquqiga ega. Hozirgacha uning qo‘lida kemadan topilgan 5500 dan ortiq buyum to‘plangan. Ular 2007-yilda 189 million dollarga baholangan.
Sotilishi rejalashtirilgan 361 ta buyum “Fransuz kolleksiyasi” deb ataladigan to‘plamga kiradi. Ular 1987-yilda Fransiya va AQSH hamkorligidagi ekspeditsiya davomida Atlantika okeanining taxminan 3800 metr chuqurligidan olib chiqilgan.
Kompaniya moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani sabab buyumlarni sotmoqchi ekanini bildirgan. Biroq sudya bu vajga shubha bilan qaramoqda. Uning ta’kidlashicha, kolleksiyadagi buyumlar bir joyda saqlanishi hamda ko‘rgazmalar va ta’lim maqsadlarida jamoatchilikka namoyish etilishi kerak.
R.M.S. Titanic Inc. kompaniyasi esa buyumlar Fransiya bilan birgalikda o‘tkazilgan ekspeditsiya paytida topilganini aytib, AQSH sudi ularni sotishni taqiqlashga haqli emas deb hisoblaydi. Ayni paytda AQSH ham, Fransiya ham buyumlarning sotilishiga qarshi.
Avvalroq “Titanik”ning mashhur yo‘lovchilaridan biri, britaniyalik modelyer Lyusi Daff-Gordonga tegishli brilliant uzuk auksionda 150 ming funt sterlingga (145 ming dollar) sotilgandi. Kema halokati vaqtida modelyer aynan shu uzukni taqqan boʻlgan.



