Dunyo bo‘ylab yoshlar oilali bo‘lishni istaydi, lekin qurbi yetmaydi — BMT | Daryo

Uning qo‘shimcha qilishicha, bugungi yoshlar avvalgi avlodlarga nisbatan bilimdonroq, axborot olish imkoniyati kengroq va o‘z huquqlarini yaxshi biladigan muhitda ulg‘aygan.
Oila va farzand ko‘rishga moliyaviy to‘siqlar
73 ta mamlakat va hududda 100 mingdan ortiq yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga asoslangan hisobot yosh avlod oila va farzanddan tobora ko‘proq voz kechmoqda, degan qarashlarni rad etadi.
So‘rovda qatnashganlarning 90 foizdan ortig‘i kamida bitta farzand ko‘rishni xohlashini, 70 foizi esa nikohni eng maqbul munosabat shakli deb bilishini aytgan. Juft topishdagi eng asosiy to‘siq sifatida moliyaviy beqarorlik ko‘rsatilgan — buni respondentlarning yarmidan ko‘pi qayd etgan.
Qatnashchilarning deyarli to‘rtdan uch qismi esa aynan pul yetishmovchiligi farzand ko‘rishga to‘sqinlik qilayotganini bildirgan. Respondentlarning har o‘n nafaridan deyarli to‘qqiz nafari ota-ona bo‘lishga tayyorlik uchun moliyaviy barqarorlikni asosiy shart deb hisoblaydi.
Qizlar ta’limi va erta nikoh
Hisobotda Sahroi Kabirdan januda qizlar duch kelayotgan o‘ziga xos qiyinchiliklar ham alohida ta’kidlangan. Bu hududda qashshoqlik, bolalar nikohi va o‘smirlik davridagi homiladorlik qizlarning ta’lim olishini cheklashda davom etmoqda.
Beninda qizlarning faqat uchdan bir qismi o‘rta ta’limning birinchi bosqichini tamomlaydi. Bunga asosan moliyaviy qiyinchiliklar, erta turmush va homiladorlik sabab bo‘lmoqda.
Chadda o‘rta maktabga qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 41 foizni tashkil etadi, ayollarning 60 foizdan ortig‘i esa 18 yoshga to‘lmasdan turmushga chiqqan.
Shunga qaramay, hisobotda ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etilgan. Xususan, Nigeriyada 2018-yildan 2024-yilgacha qizlarning o‘rta maktabni bitirish ko‘rsatkichi chorak qismga oshgan. Bepul ta’lim, maktab ovqatlari va xavfsiz hududlarga kiritilgan sarmoyalar ortidan bolalar nikohi ham kamaymoqda.
Urushlar va yordamning qisqarishi
Yoshlar oldidagi muammolar qurolli mojarolar bilan ham bog‘liq. 1990-yildan beri faol urush o‘choqlaridan 50 kilometr radiusda yashovchi yoshlar soni ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 340 million nafarga yetgan.
Bundan tashqari, xalqaro yordam hajmining qisqarishi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi yutuqlarni xavf ostiga qo‘ymoqda. UNFPA agar qisqartirishlar davom etsa, 2030-yilga borib oldini olish mumkin bo‘lgan yana 22 millionta o‘lim holati yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.



