Germaniya kamikadze dronlarini Litvada sinovdan o‘tkazdi | Daryo

Germaniya Litvada o‘tkazilayotgan harbiy mashg‘ulotlar doirasida kamikadze dronlarini ilk bor taktik sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ukrainadagi urushda dronlardan keng foydalanilmoqda, shu sababli Germaniya 2025-yilda ularga qiziqishib bildirib, xarid qilishni boshlagan. Sinovlarni 22-noyabr kuni Germaniya quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Kristian Freyding shaxsan kuzatgan. Ular Belarus chegarasi yaqinidagi Rudninkay poligonida bo‘lib o‘tgan.
Gap Helsing va Stark kompaniyalari ishlab chiqargan dronlar haqida ketmoqda. Mashg‘ulotlar Litvadagi eng yirik harbiy manyovrlar — Freedom Shield doirasida tashkil etilgan. Sinovlardan bir necha kun oldin nemis harbiylari Helsing kompaniyasi ishlab chiqqan Clarity dasturiy ta’minotini ham ilk bor sinab ko‘rgan. Sun’iy intellektga asoslangan ushbu dastur sun’iy yo‘ldoshlar, dronlar va turli datchiklardan keladigan katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlaydi. Shuningdek, ularni tahlil qilib, ehtimoliy harakatlar variantini taklif qiladi.
Kristian Freyding avvalroq Ukrainaga Germaniya qurollarini yetkazib berish jarayonini nazorat qilgan. U 2027-yil Bundesverga rahbarlik qilishi kutilmoqda. Freyding dronlarni zamonaviy urush olib borishda beqiyos vosita deb atagan.
Ma’lum qilinishicha, Germaniya 2027-yilga qadar Litvada 45-tank brigadasini doimiy joylashtirishni rejalashtirmoqda. Brigada taxminan 5 ming nafar harbiy xizmatchidan iborat bo‘ladi va qariyb 2 ming dona harbiy texnika bilan ta’minlanadi. Hozirda Litvada 1,8 mingga yaqin nemis harbiy xizmatchisi bor.
2023-yilda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Litvada jangovar brigadani doimiy joylashtirish rejalashtirilayotganini aytgandi. Bungacha Bundesver bo‘linmalari Germaniya hududidan tashqarida faqat vaqtinchalik missiyalar va rotatsiyalar doirasida xizmat qilgan.



