Indoneziyadagi qandolat zavodida yong‘in chiqib, 24 kishi halok bo‘ldi (foto,video) | Daryo

Indoneziya hukumati 23-noyabr kuni dam olish kunlari mamlakatdagi zavodda chiqqan yong‘in oqibatida 24 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Qutqaruvchilar yonib ketgan vayronalar va konstruksiyalar orasida bedarak yo‘qolgan, taxminan, 30 kishini qidirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yong‘in 21-noyabr kuni kechqurun Banten provinsiyasi Chikande shahridagi PT Fonusa Agung Mulia qandolat zavodi binolaridan birida chiqqan. Bu hudud poytaxt Jakartadan mashinada taxminan bir soatlik yo‘l masofasida joylashgan. Rasmiylar yong‘in sabablarini hali ham o‘rganmoqda.
Mehnat masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi Said Iqbol jurnalistlarga 24 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, xavfsizlik qoidalarining bajarilishi tekshirilmoqda va zavod bosh direktori chaqirtiriladi.
Saidning qo‘shimcha qilishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga konditsionerdagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Zavod United Family Food kompaniyasiga tegishli. Uning saytida yozilishicha, kompaniyada jami, taxminan, 5 ming kishi ishlaydi. U ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan ta’minlovchi yirik yetkazib beruvchi hisoblanadi va xorijda to‘rtta ofisiga ega. Kompaniya mahsulotlari orasida mashhur Milkita qandolat brendi hamda Lemonilo tez tayyorlanadigan lag‘mon mahsuloti bor.
Zavod bosh direktori Stiven Ervin Vijaya 21-noyabr kungi smenada zavodda taxminan 300 kishi bo‘lganini aytdi.



