O‘zbekiston Parij bitimi doirasida Janubiy Koreya bilan hamkorlik uchun 8,5 mln dollar grant oldi | Daryo

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev 25-noyabr kuni Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Global yashil o‘sish instituti (GGGI) vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Parij bitimining 6-moddasi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligini kengaytirishga qaratilgan loyiha uchun 8,5 mln dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.
Loyiha doirasida quyidagilar ko‘zda tutilgan:
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tartib-qoidalar, qo‘llanmalar va qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish;
uglerod loyihalarini tayyorlash va boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitadigan maxsus markaz tashkil etish;
qishloq xo‘jaligi, energetika va suv resurslari tarmoqlarida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan tajriba loyihalarini hayotga tatbiq etish.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning xalqaro uglerod bozorida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishi va mamlakatning iqlim maqsadlariga erishishiga ko‘maklashishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda KOICA moliyaviy ko‘magida GGGI Orolbo‘yini “yashil” tiklash investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqargan. U Qoraqalpog‘istonda iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va “yashil” investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.
17-noyabr kuni BRIKS davlatlari tomonidan tashkil etilgan Yangi taraqqiyot banki O‘zbekistonda kam uglerodli energetika sektorini rivojlantirish loyihasining birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun 300 mln dollarlik kredit bitimini imzolagandi. Mablag‘lar quyosh, shamol, gidro va atom energetikasi loyihalariga yo‘naltiriladi.



