25.11.2026, Chorshanba+10.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+10.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Ummon, Iordaniya va Turkiya bilan kelishuvlar ijrosi uchun “yo‘l xaritalari” shakllantiriladi | Daryo

O'zbekiston 25.11.2026 22:45 0Daryo
Ummon, Iordaniya va Turkiya bilan kelishuvlar ijrosi uchun “yo‘l xaritalari” shakllantiriladi | Daryo

Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, 2027-yilda mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Ummonga 16–17-noyabr kunlari davlat tashrifi chog‘ida 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolandi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Iordaniyaga 23–24-noyabrdagi davlat tashrifi davomida esa 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi. Jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga yetkazishga xizmat qilishi qayd etildi.

Turkiya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. 19-noyabr kuni Toshkentda Turkiyaning 150 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan O‘zbekiston—Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashining birinchi yig‘ilishida 11,2 mlrd dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi.

Yig‘ilishda imzolangan hujjatlar ijrosini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadal ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Har bir mamlakat bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, ularni bajarish muddatlari va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks “yo‘l xaritalari”ni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

Vazirliklar, tarmoqlar va hududlar rahbarlariga xorijlik sheriklar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarga ko‘maklashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish topshirildi. Yig‘ilishda 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Xususan, 2030-yilga qadar elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmini 130 trln so‘mga, eksportni 5 mlrd dollarga yetkazish hamda 11 mlrd dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish maqsad qilingan.

O‘xshash yangiliklar