Olimlar D vitamini tahlilini topshirish uchun eng qulay vaqtni aniqladi | Daryo

Shvetsiyadagi Uppsala universiteti olimlari organizmdagi D vitamini miqdorini tekshirtirish uchun yoz fasli eng qulay vaqt bo‘lishi mumkinligini aniqladi. Aynan shu mavsumda D vitamini darajasining pastligi suyak sinishi va bevaqt o‘lim xavfining ortishi bilan bog‘liq ekani kuzatilgan. Qish oylarida esa bunday bog‘liqlik aniqlanmagan.
D vitamini har bir inson organizmi uchun zarur. Tana bu moddani oziq-ovqat orqali oladi va quyosh nuri ta’sirida o‘zi ham ishlab chiqaradi. AQSH va Yevropa mamlakatlarining ko‘plab aholisi D vitamini qo‘shimchalarini muntazam qabul qiladi. Biroq tasodifiy nazorat ostidagi tadqiqotlar, odatda, bunday qo‘shimchalar suyak sinishining oldini olish va o‘lim xavfini kamaytirishda samarali ekanini tasdiqlamaydi.
Buning sabablarini aniqlash uchun mutaxassislar Shvetsiyada yashovchi 12 mingdan ortiq keksa yoshdagi erkak va ayolning qon tahlili natijalarini o‘rgandi. Taxminan 10 yil o‘tgach, tadqiqotchilar ishtirokchilarning qanchasida suyak sinishi kuzatilgani va shu davr ichida qancha odam vafot etganini tekshirdi.
Ishtirokchilarning yoshi, jinsi va tana ko‘rsatkichlari hisobga olinganida, yozda D vitamini darajasi past bo‘lgan odamlarda suyak sinishi va o‘lim xavfi ushbu ko‘rsatkich yuqori bo‘lganlarga qaraganda ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi. Biroq yanvar-mart oylarida qon tahlilini topshirgan ishtirokchilarda bunday bog‘liqlik aniqlanmagan.

Foto: bimm.uz
Qishda topshirilgan tahlil natijalariga mavsumiy o‘zgarishlar kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Yozda esa D vitamini darajasining past bo‘lishi organizmda ushbu moddaning uzoq muddatli yetishmovchiligi va salomatlik uchun noxush oqibatlar xavfi yuqoriligini anglatishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari
Gap shundaki, Shimoliy yarimsharda yashovchi ko‘plab odamlarning qonida D vitamini miqdori qish faslida kamayadi. Biroq organizm quyoshli oylarda yog‘ to‘qimalarida to‘plangan D vitamini zaxirasidan foydalanishi mumkin.
Olingan natijalar avvalgi tadqiqotlarda D vitamini qo‘shimchalarini qabul qilishning aniq foydasi aniqlanmaganini ham izohlashi mumkin. Endi olimlar aynan yozda D vitamini yetishmovchiligi aniqlangan odamlar ishtirokida alohida klinik sinovlar o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu esa kimlarga haqiqatan ham bunday preparatlar zarurligini aniqroq belgilashga yordam beradi.



