28.11.2026, Shanba+10.9°CToshkentUSD12 002.10EUR13 166.30RUB146.02
+10.9°CToshkent$12 002.10 28.11.2026

Halokatlar tibbiyoti tizimini rivojlantirişga oid konsepsiya loyihasi muhokama qilindi

Salomatlik 27.11.2026 15:20 0Uza
Halokatlar tibbiyoti tizimini rivojlantirişga oid konsepsiya loyihasi muhokama qilindi

Unda Rossiya Federatsiyasi Soğliqni saqlaş vazirligi tasarrufidagi N.Pirogov nomidagi Milliy tibbiy-jarrohlik markazi Federal halokatlar tibbiyoti markazining xalqaro faoliyat koordinatori, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Bistrov qatnaşdi.

Muloqot avvalida Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori A.Ğafurov yurtimizda soğliqni saqlaş sohasida, xususan, tez tibbiy yordam tizimida keçayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Şu bilan birga, u bu borada erişilgan natijalar hamda halokatlar tibbiyoti tizimini rivojlantiriş yölidagi işlarga alohida töxtalib ötdi.

«Özbekiston Respublikasi Soğliqni saqlaş vazirligi halokatlar tibbiyoti tizimini rivojlantiriş konsepsiyasi» loyihasi taqdim etildi. Mazkur taqdimotda favqulodda vaziyatlar va turli kölamdagi hodisalar oqibatida jabrlanganlarga tibbiy yordam körsatiş tizimini takomillaştiriş masalasiga asosiy urğu berildi. Bundan taşqari, soğliqni saqlaş muassasalari hamda tegişli idoralar örtasida samarali hamkorlik va yagona muvofiqlaştiriş mexanizmlarini yaratiş zarurligi qayd etildi.

Uşbu konsepsiya loyihasi tizimni yangi bosqiçga olib çiqişga qaratilgan bölib, unda Halokatlar tibbiyotining yagona boşqaruv va muvofiqlaştiriş tizimini yaratiş; Respublika hamda hududiy darajalarda operativ ştablar işini yölga qöyiş; Yagona dispetçerlik xizmati «112» va tez tibbiy yordamning operativ boşqaruv markazlari imkoniyatlaridan unumli foydalaniş; Tibbiy aviatsiyani rivojlantiriş hamda tezkor harakatlanuvçi tibbiy brigadalarni şakllantiriş; Maxsus avtotransport va tibbiy zaxiralarni taşkil etiş singari muhim yönalişlar közda tutilgan.

– Hujjatda favqulodda holatlarda zarur böladigan boşqa amaliy jihatlar ham qamrab olingan, – dedi A.Ğafurov. – Xususan, bunday vaziyatlarda tezkor xabar beriş va axborot almaşinuvini taʼminlaş konsepsiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Şuningdek, jabrlanganlarni tibbiy saralaş, ularni bosqiçma-bosqiç evakuatsiya qiliş va ixtisoslaştirilgan tibbiyot muassasalariga yönaltiriş hamda soha mutaxassislarini maxsus tayyorlaş vazifalari ham muhim tarkibiy qismlar sifatida belgilangan.

Uçraşuv yakunida professor Mixail Bistrov taqdim etilgan konsepsiya loyihasi yuzasidan özining ekspertlik fikr-mulohazalarini, amaliy takliflarini bildirdi. Asosiy maqsad konsepsiya loyihasini yanada takomillaştiriş va yakuniy hujjatga kiritiş uçun zarur jihatlarni inobatga oliş.

Mazkur işçi uçraşuv mamlakatimizda halokatlar tibbiyoti tizimini zamonaviy yondaşuvlar asosida rivojlantirişga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova,

ÖzA

O‘xshash yangiliklar