23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Pashinyan Armanistonning yangi konstitutsiya loyihasidan Qorabog‘ga oid havolani olib tashladi | Daryo

Jahon 23.11.2026 17:00 0Daryo
Pashinyan Armanistonning yangi konstitutsiya loyihasidan Qorabog‘ga oid havolani olib tashladi | Daryo

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatning yangi konstitutsiyasi loyihasini e’lon qildi. Hujjat maxsus saytga joylashtirilgan bo‘lib, unda har bir fuqaro loyiha bilan tanishishi va o‘z takliflarini bildirishi mumkin.

Yangi konstitutsiya loyihasida 1990-yilgi Mustaqillik deklaratsiyasiga havola yo‘q. Mazkur deklaratsiyaning muqaddimasida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning “birlashishi” haqidagi qaror tilga olingandi. Ozarbayjon esa tinchlik bitimini imzolash uchun ushbu havolani olib tashlashni talab qilgan.

Biroq konstitutsiya loyihasini referendumga qo‘yish uchun Pashinyanga parlamentdagi deputatlarning qo‘llab-quvvatlovi yetishmayapti. Hukmron “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi parlamentdagi 105 o‘rindan 64 tasiga egalik qiladi. Referendum o‘tkazish uchun esa kamida 70 deputatning ovozi zarur.

Pashinyan 20-noyabr kuni parlamentdagi chiqishida muxolifat deputatlarini referendumni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. U fuqarolar yangi konstitutsiyaga qarshi ovoz bersa, bir hafta ichida iste’foga chiqishini aytdi, hujjat qabul qilingan taqdirda esa 2031-yilda bosh vazirlikka qayta nomzodini qo‘ymaslikka va’da berdi.

Muxolifat yangi konstitutsiyani Ozarbayjonga yon berish deb hisoblab, unga qarshi chiqyapti. Parlamentda jami 41 o‘ringa ega bo‘lgan “Kuchli Armaniston” va “Ayastan” fraksiyalari Pashinyanning taklifini rad etgan.

Ma’lumot uchun, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojarosi SSSR parchalanishi davridan buyon davom etib kelgan. 2023-yil sentyabrda Ozarbayjon mintaqa ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi. Shundan so‘ng o‘n minglab etnik armanlar hududni tark etdi. Tan olinmagan Artsax Respublikasi esa 2024-yil 1-yanvarda rasman o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

2025-yil avgustda Armaniston va Ozarbayjon Vashingtondagi uchrashuvda tinchlik bitimi matnini kelishib oldi, biroq hujjat hali imzolanmagan. Boku tinchlik bitimini imzolash uchun ikkita shart qo‘ygan: Qorabog‘ mojarosini hal qilish bilan shug‘ullangan YXHT Minsk guruhini tugatish va Armaniston konstitutsiyasini o‘zgartirish.

Ozarbayjon Armaniston konstitutsiyasidan Mustaqillik deklaratsiyasiga havolani olib tashlashni talab qilmoqda. Chunki Boku deklaratsiyadagi ayrim jumlalarni Tog‘li Qorabog‘ga nisbatan hududiy da’vo sifatida baholaydi.

O‘xshash yangiliklar