“PSJ” Xulian Alvaresni sotib olishi mumkin — OAV | Daryo

Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Xulian Alvares faoliyatini Fransiya chempionatida davom ettirishi mumkin. Dailysports nashri xabariga ko‘ra, futbolchiga “Pari Sen-Jermen” qiziqish bildirmoqda.
Qayd etilishicha, parijliklar jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqan Xvicha Kvaratsxeliya va Dezire Duega munosib o‘rinbosar qidirmoqda. 26 yoshli argentinalik hujumchi esa ushbu pozitsiya uchun ideal nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Parij klubi futbolchining o‘zi bilan kelishuvga erishish qiyin bo‘lmaydi, deb hisoblamoqda. Shu bois muzokaralarning keyingi taqdiri “Atletiko” rahbariyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Alvares joriy mavsumda barcha musobaqalar doirasida 12 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma berdi. Transfermarkt portali Argentina terma jamoasi a’zosining bozor qiymatini 110 million yevroga baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yozda Alvaresning “Barselona”ga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan, biroq Madrid klubi muzokaralardan bosh tortib, futbolchining ketishiga yo‘l qo‘ymagan edi.



