Putin NATOning 5-moddasi kabi Ukrainaga kafolat berishga rozi bo‘ldi — WP | Daryo

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga NATO shartnomasining 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlari berilishiga rozilik bildirdi. Bu haqda muzokaralarga yaqin manbaga tayanib The Washington Post sharhlovchisi Devid Ignatius ma’lum qildi.
Bunday kelishuv doirasida Rossiya sanksiyalarning yumshatilishiga erishishi mumkin. Ammo Moskva ehtimoliy bosqin uchun qo‘shinlarni yana bir joyga to‘plasa, cheklovlar qayta tiklanadi.
AQSH Ukrainada NATO harbiy bazalarini joylashtirmaslikni taklif qilgan. Buning evaziga Rossiya o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin o‘z qo‘shinlarini Ukraina chegarasidan olib chiqishi kerak. Agar Rossiya armiyasi yana hujum boshlasa, NATO kuchlari zudlik bilan Ukraina hududiga kiradi.
AQSH va Yevropa vakillari Rossiyaning kelishuv shartlariga amal qilishini nazorat qilish mexanizmlarini muhokama qilgan. Rossiya rasmiylari hozircha The Washington Post xabariga munosabat bildirmagan.
AQSH, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi NATOning 5-moddasi atrofidagi kelishmovchiliklar
AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Jared Kushner 19-noyabr kuni Rossiya NATOning 5-moddasi modeli bo‘yicha Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Ukrainaning NATOga haqiqiy yoki qisman a’zoligini nazarda tutuvchi kelishuvga rozilik bo‘lmasligini ta’kidladi.



