Qashqadaryoda aholining chorva uchun ozuqa xarid qilish xarajatlarining 10 foizi qoplab berilishi mumkin | Daryo

Shavkat Mirziyoyev chorvachilikda ozuqa bazasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda 2027-yildan Qashqadaryo viloyatida sinov tariqasida aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xarid qilish xarajatlarining 10 foizini subsidiyalash tizimini joriy etish taklifi bildirildi.
Shuningdek, hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ular ozuqani yirik hajmda xarid qilish, qayta ishlash, zaxiralash va bozorga uzluksiz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Bu tizim, ayniqsa, qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini sifatli va maqbul narxdagi ozuqa bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagilar taklif etildi:
500 gektardan ortiq yerni ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun o‘zlashtirib, zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga mahalliy budjet hisobidan 100 ming kub metrgacha suv sig‘imiga ega havzalar qurib berish;
“Pivot” sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun subsidiyani har bir gektarga 2,5 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha oshirish;
kamida 10 gektar maydonni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish uchun uskunalar xaridi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplash;
ozuqa markazlarini tashkil etish va ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini yaratish taklif etildi.
Avgust oyida qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan 2030-yilgacha naslchilik xo‘jaliklariga nasldor qoramollarni saqlash xarajatlari uchun subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarda chorva boqishni xohlagan aholiga qoramollar yetkazib berilishi belgilangan.



