23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Rossiya 2026-yil oxirigacha koinotga yadroviy qurol joylashtirishi mumkin — G‘arb razvedkasi | Daryo

Jahon 23.11.2026 16:25 0Daryo
Rossiya 2026-yil oxirigacha koinotga yadroviy qurol joylashtirishi mumkin — G‘arb razvedkasi | Daryo

G‘arb razvedkasi Rossiya 2026-yil oxirigacha orbitaga yadroviy jangovar kallakka ega sun’iy yo‘ldosh olib chiqishi mumkin, degan xulosaga keldi. Bu haqda Germaniyaning WDR va NDR telekanallari Süddeutsche Zeitung gazetasi bilan hamkorlikda xabar berdi.

Jurnalistlar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Bundesver (Germaniya qurolli kuchlari) ekspertlari Moskvaning taxminiy rejalari haqida Germaniya hukumati vakillarini, jumladan, mudofaa vaziri Boris Pistoriusni xabardor qilgan. Shuningdek, NATOning bir nechta davlatlari ham bu borada ogohlantirilgan.

Sun’iy yo‘ldosh uchirishga tayyor bo‘lishi mumkin

Bundesver va Germaniya Federal razvedka xizmati baholariga ko‘ra, “Sputnik-S” deb nomlangan ushbu sun’iy yo‘ldosh allaqachon uchirish va foydalanishga tayyor holatda bo‘lishi mumkin. Hozirda u Moskva viloyatida saqlanayotgani taxmin qilinmoqda. Oktyabr oyida AQSH harbiy razvedkasi ham Rossiya yadro qurolini joylashtirishga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqayotgani haqida xabar bergan edi.

Bunday apparatning orbitaga chiqarilishi Yer atrofida yadroviy va boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlovchi 1967-yilgi Kosmos to‘g‘risidagi shartnomani buzgan bo‘ladi.

AQSH Kosmik kuchlari qo‘mondoni Stiven Uaytingning so‘zlariga ko‘ra, bunday qurolning qo‘llanishi dastlabki soatlar yoki kunlar ichida Yer atrofidagi past orbitada joylashgan sun’iy yo‘ldoshlarning, taxminan, uchdan bir qismi ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Keyingi oylarda esa qolgan apparatlar ham ishlashdan to‘xtashi ehtimoldan xoli emas.

O‘xshash yangiliklar