23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Tojikiston rasman Xalqaro jinoiy suddan chiqmoqda | Daryo

Jahon 23.11.2026 17:55 0Daryo
Tojikiston rasman Xalqaro jinoiy suddan chiqmoqda | Daryo

Tojikiston Xalqaro jinoiy suddan (XJS) chiqishi haqida BMTni rasman xabardor qildi. Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo'llangan xabarnoma haqidagi ma'lumot BMTning rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Mamlakatning XJSdan chiqish to‘g‘risidagi qarori 20-noyabr kuni BMT kotibiyatiga yuborilgan. Mazkur qaror rasmiy xabarnoma olinganidan boshlab bir yil o‘tgach, ya’ni 2027-yil 20-noyabrda kuchga kiradi.

2024-yilgacha Tojikiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari orasida XJSga a’zo bo‘lgan yagona davlat edi. 17-sentyabr kuni Vakillar palatasiga XJSdan chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. 1-oktyabr kuni esa parlament quyi palatasi Rim statutining Tojikistonda amal qilishini tugatish haqidagi qarorni ma’qulladi.

Tojikiston Rim statutiga a’zo davlat sifatida XJS chiqargan qarorlarni bajarishi lozim. O‘z navbatida, XJS 2023-yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergandi. U bosib olingan Ukraina hududlaridan bolalarni noqonuniy ko‘chirish kabi jinoyatlar uchun javobgar ekani ta’kidlangan.

Ammo Tojikiston mazkur orderga amal qilishni e’tiborsiz qoldirgan. Jumladan, Putin 2025-yil 9–10-oktyabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etgan. Mazkur tashrifga javoban Yevropa Ittifoqi Tojikistonni XJS chiqargan orderga amal qilmaganlikda ayblagan. Shunga o‘xshash tanqid 2026-yil 22-noyabr kuni ham bildirildi. Xususan, Rossiya prezidenti 19-20-noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikistonda bo‘ldi. U respublika rahbari Emomali Rahmon bilan muzokaralar olib bordi. Yevropa Ittifoqi mazkur tashrifga javoban Tojikiston Putinni order berilganiga qaramay, uni qabul qilganidan afsusda ekanini bildirdi.

XJS orderi nimani anglatadi?

Xalqaro jinoyat sudining hibsga olish to‘g‘risidagi orderi Putinning harakatlanish erkinligini rasman cheklaydi. XJSga a’zo bo‘lgan va uning yurisdiksiyasini qabul qilgan 123 ta davlat Putin ularning hududiga kirishi bilanoq uni hibsga olishi lozim. Xalqaro jinoiy sudda sirtdan sud jarayoni amalga oshirish mumkin emas. Shu sababli sudlanuvchiga faqat ekstraditsiya qilingan taqdirdagina hukm chiqarilishi mumkin. Ya’ni, Putinning ishi sudda ko‘rib chiqilishi uchun u shaxsan Gaagada bo‘lishi kerak, buning ehtimoli esa juda past.

Ma’lumot o‘rnida, XJS 2024-yil 21-noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergandi. Tergov ularning G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan “qasddan mahrum qilgan” deb hisoblagan. AQSH mazkur orderni “asossiz” deb atagan va Xalqaro jinoiy sudga sanksiyalar kiritgan.

Shuningdek, 2025-yilda “insoniyatga qarshi jinsiy ta’qib bilan bog‘liq jinoyatlar” uchun XJS “Tolibon” harakati rahbarlarini hibsga olish uchun order chiqargandi. Ma'lumot uchun, AQSH, Isroil, Xitoy va Rossiya Xalqaro jinoiy sudga a’zo emas. Xitoy Rim statutini umuman imzolamagan, AQSH, Isroil va Rossiya esa uni imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan va keyinroq imzolaridan voz kechgan. 1998-yilda Rimda statut qabul qilinayotganda AQSH, Isroil va Xitoy unga qarshi ovoz bergan yetti davlat orasida bo‘lgan.

O‘xshash yangiliklar