24.11.2026, Seshanba+12.2°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+12.2°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

Toshkentda giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi | Daryo

O'zbekiston 24.11.2026 17:42 0Daryo
Toshkentda giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi | Daryo

Toshkent shahrida mefedron, MDMA va kokain kabi giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, muqaddam Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) bilan sudlangan, 1998-yilda tug‘ilgan shaxs guruhda omborchi vazifasini bajarib kelgan.

Uning 1998 va 2004-yillarda tug‘ilgan ikki nafar sherigi Yangihayot tumanida sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Ulardan biri muqaddam Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan sudlangan. Tekshiruv davomida 500 gramm mefedron aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida ularning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda yana 500 gramm mefedron, 60 gramm MDMA va kokain hamda boshqa ashyoviy dalillar topilib, olib qo‘yilgan.

Yakkasaroy tumanida davom ettirilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarini tarqatishda gumonlangan yana olti nafar fuqaro qo‘lga olingan. Shuningdek, Mirobod tumanidan qo‘shimcha bir kilogramm mefedron topilgan.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida oliy ta’lim muassasalari talabalari ham bo‘lgan. Ular internet orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi narkodo‘konda olti oydan buyon ishlab kelgani aniqlangan. Mazkur moddalar xorij fuqarosi bo‘lgan xalqaro narkokurer vositachiligida mamlakatga olib kirilgani bildirilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jami 2 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasi olib qo‘yilgan. Vazirlikka ko‘ra, 100,5 ming doza giyohvandlik vositasining aholi orasida tarqalishining oldi olingan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Farg‘onada qariyb 15 kilo narkotik bilan qo‘lga olingan shaxs 11 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.

O‘xshash yangiliklar