Yevropada qish arafasida gaz keskin qimmatlashdi | Daryo

Yevropada tabiiy gaz narxi keskin oshdi, deb xabar bermoqda Bloomberg. 23-noyabr, dushanba kuni gaz fyucherslarining asosiy narxi 8,6 foizga ko‘tarilib, bir megavatt soat uchun 96 yevroga yetdi.
Bunga Yevropa gaz omborlaridagi zaxiralarning kamligi, mavsumiy talabning yuqoriligi va havo keskin sovishi haqidagi prognozlar sabab bo‘lgan.
Sinoptiklarning ogohlantirishicha, Yevropaning shimoli-g‘arbiy qismida sovuq ob-havo dekabr boshigacha davom etadi. Bu hafta harorat so‘nggi 30 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3–5 daraja, dekabr boshida esa 5–8 daraja past bo‘lishi kutilmoqda.
Germaniya, Daniya va Niderlandiyada shamol kuchi ham pasayishi prognoz qilinmoqda. Oqibatda shamol elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish hajmi kamayadi.
Yevropa gaz omborlaridagi zaxiralar hozirdanoq odatdagidan ancha kam qolgan, deyiladi xabarda. Bundan tashqari, Yevropaga quvurlar orqali eng ko‘p gaz yetkazib beradigan Norvegiyada ta’minot bilan bog‘liq uzilishlar yuzaga kelgan. Yaqin Sharqda esa AQSH va Eron o‘rtasidagi urush sabab gaz eksporti cheklangan.
Bu hafta Osiyoda ham havo sovishi kutilmoqda. Shu sababdan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berish bo‘yicha raqobat yanada kuchayishi mumkin.
Bu yil Yevropa qish uchun yetarlicha gaz zaxirasini to‘play olmadi. Ilgari Bloomberg yozda AQSH va Eron o‘rtasidagi urush sabab gaz narxi keskin oshgani haqida yozgandi. Hukumatlar va kompaniyalar narxlar arzonlashishini kutib, gaz sotib olishga shoshilmagan.
Ammo mojaro cho‘zilib ketdi. Kuz boshiga kelib gaz narxi bir yil avvalgiga nisbatan ikki baravar qimmatlashdi. Sentyabr oyida tahlilchilar qishda gaz narxi bir megavatt soat uchun 100 yevrodan oshishi mumkinligini prognoz qilgandi.



