Britaniyaning The Economist jurnali har yili nashr etiladigan The World Ahead maxsus sonini chop etdi, uning muqovasida tahririyat kelgusi yilning asosiy mavzulari va prognozlarini vizual tarzda shifrlab ko‘rsatadi.
Muqova qizil, qora va oq ranglarda ishlangan. Unda nashr talqiniga ko‘ra 2027-yilni belgilab beradigan 10 ta mavzu ajratib ko‘rsatilgan:
Trampdan keyingi dunyo. AQShdagi oraliq saylovlardan so‘ng prezident Donald Trampning vorisi o‘rni uchun kurash boshlanadi. Shu bilan birga, deb yozadi jurnal, Tramp “oqsoq o‘rdak” bo‘lish niyatida emas va ko‘proq “vayronkor jahldor qush”ni eslatadi. O‘z ta’sirini saqlab qolishga urinib, Tramp yanada ko‘proq farmonlar chiqaradi va yangi harbiy avantyuralarga aralashadi.
Eron bilan urush aks-sadolari. Mojaro to‘liq yakunlanmaydi va uning oqibatlari 2027-yil davomida sezilib turadi. Ular orasida yangi mintaqaviy siyosat, energetika yo‘nalishlarining o‘zgarishi, o‘g‘itlar taqchilligi va global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar mavjud. Eronning o‘zida esa rejim nazoratni yanada kuchaytiradi.
Yangi harorat rekordi. 2027-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishi mumkin. “Super-El-Nino” iqlim fenomeni fonida sayyorani tez-tez yuz beradigan qurg‘oqchilik, anomal issiq to‘lqinlari, o‘rmon yong‘inlari va ekstremal ob-havo hodisalari kutmoqda.
Sun’iy intellektdan ortib borayotgan norozilik. Texnologik kompaniyalarning qarz yuki ortib borayotgani fonida SI bozorining qulash xavfi kuchayadi. Yanada kuchliroq SI modellarining paydo bo‘lishi kiberhujumlar to‘lqiniga olib keladi. Hukumatlar SI sohasidagi ta’minot zanjirlari uchun siyosiy xatarlardan xavotirga tushadi.
Yevropada o‘ng populizm. 2027-yilda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Marin Le Penning ehtimoliy g‘alabasi Yevropa Ittifoqidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkin.
Obligatsiyalar bozoriga bosim. Isrofgarchilikka asoslangan budjet siyosati, SI uchun infratuzilma qurilishi avj olishi va energiya resurslari narxining oshishi tufayli inflyatsiyaning tezlashishi davlat qarzi darajasining o‘sishiga olib keladi.
Tayvan bo‘yicha dedlayn. Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, XXR raisi Si Szinpin Xitoy armiyasiga 2027-yilga qadar Tayvanni egallashga tayyor bo‘lishni topshirgan. AQShning e’tibori hozir boshqa muammolarga qaratilgan. The Economist Xitoy faol harakatlarga jur’at etadimi yoki 2028-yilda Tayvanda bo‘lib o‘tadigan saylovlar natijalarini kutadimi degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.
“Ozempik” effekti. Ozish uchun mo‘ljallangan preparatlar iste’molchilar xulq-atvorini o‘zgartirmoqda: sezilarli darajada ozgan odamlar kiyim-kechak, kosmetika va fitnesga faol pul sarflamoqda. Bunday preparatlarning muvaffaqiyati farmatsevtika kompaniyalarining umrni uzaytirish bilan bog‘liq ishlanmalarga bo‘lgan qiziqishini qayta uyg‘otdi.
Arzonroq kosmik parvozlar. SpaceX kompaniyasining Starship raketasi sun’iy yo‘ldoshlarni muntazam uchirishni boshlaydi. Xitoyning raketa-kosmik kompaniyalari raketa qismlaridan qayta foydalanish texnologiyalarini taqdim etadi. Kosmik parvozlar arzonlashadi, bu esa xususiy kosmik stansiyalar va hatto orbital data markazlarga yo‘l ochadi.
Gollivudning qayta jonlanishi. Yirik kinostudiyalar “Yulduzlar jangi” va “Qasoskorlar” kabi mashhur franshizalarni qayta ishga tushirmoqda, biroq mustaqil mualliflar tomonidan yaratilgan kam budjetli filmlarning muvaffaqiyati tomoshabinlar haqiqatan ham tanish hikoyalarning davomini kutyaptimi yoki yo‘qmi, deb o‘ylashga majbur qilmoqda.




