O‘zbekiston prezidentining tegishli qarori bilan Abdumalik Abdusalimovich Nazirov O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Abdumalik Nazirov bunga qadar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Abdumalik Abdusalimovich 1984-yilda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tug‘ilgan. U 2005-yilda Toshkent davlat texnika universitetining kunduzgi bo‘limi tahsil olgan, 2007-yilda esa magistr ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. U O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bitiruvchisi.
Nazirov o‘z mehnat faoliyatini 2002-yilda “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” Piskent tumani elektr ta’minoti korxonasida nazoratchi, elektromontyor vazifalaridan boshlagan. Oliy ma’lumot sohibi bo‘lganidan so‘ng, 2006-yildan Markaziy magistral elektr tarmoqlarida elektromontyor, muhandis lavozimlarida ishlagan.
2009−2014-yillar oralig‘ida “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” Energiya sotish xizmati guruh rahbari, 2014−2016-yillarda Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi, 2016−2018-yillarda “O‘zbekenergo” DAK “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Moliya-iqtisod va energosotish masalalari bo‘yicha direktori, 2018−2019-yillarda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining energiya rejimi va yo‘qotishlar nazorati bo‘limi boshlig‘i, 2019-yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2022-yil Energetika vazirligi elektr tarmoqlari boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
2022-yil may oyidan to 2025-yil noyabr oyigacha MET boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagandi.
Avvalroq 2026-yilning iyun oyidan buyon energetika vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Umid Mamadaminov Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori etib tayinlangandi.




