23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Aholiga kengashlar majlislarida qatnashishga ruxsat beriladi, deputatlarga esa budjet xarajatlarining 5 foizigacha mablag‘ ajratiladi

Siyosat 22.11.2026 14:11 0Gazeta
Aholiga kengashlar majlislarida qatnashishga ruxsat beriladi, deputatlarga esa budjet xarajatlarining 5 foizigacha mablag‘ ajratiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati kafolatlarini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmon xalq deputatlari mahalliy kengashlari vakolatlarini kengaytirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari ustidan nazoratni kuchaytirish hamda ular faoliyatining ochiqligini oshirishga qaratilgan.

Farmonga muvofiq, 2028-yil uchun mahalliy budjetlarni shakllantirishda xarajatlarning 3 foizidan 5 foizigacha qismini bevosita mahalliy kengashlar deputatlarining tashabbuslariga yo‘naltirish mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Aniq ulush hudud toifasiga bog‘liq bo‘ladi. Deputatlarning budjet tashabbuslari kelgusi yil uchun budjet so‘rovini shakllantirish muddatlaridan kamida bir oy oldin ishlab chiqilishi lozim.

Shu tariqa, deputatlar o‘z saylov okruglaridagi muammolar va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda mahalliy budjetning bir qismini sarflash yo‘nalishlarini taklif qila oladi.

Mexanizmni joriy etish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bir oy muddatda qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Hokimlar deputatlarga shaxsan hisobot berishga majbur bo‘ladi

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari o‘z hisobotlarini shaxsan taqdim etishi shartligi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, amaldorlar o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar ko‘rib chiqilayotganda kengashlar majlislarida shaxsan ishtirok etishi kerak bo‘ladi.

Har chorakda kamida bir marta kengashlar majlislari kun tartibidagi birinchi masala sifatida saylov okruglaridagi muammolarni ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Bunday muhokamalarda, qoida tariqasida, hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va tegishli hududdagi boshqa mansabdor shaxslar ishtirok etishi lozim.

Farmon ilovasida kengashlar sessiyalari va ularning doimiy komissiyalari majlislarida eshitilishi nazarda tutilgan hisobotlar ro‘yxati keltirilgan.

Xususan, quyidagi davriylik belgilangan:

  • Hokimlar — har yili dekabr oyida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalari bo‘yicha, har chorakda — mahalliy budjetlar ijrosi yuzasidan.

  • Prokurorlar — har yili fevral oyida o‘z faoliyati to‘g‘risida.

  • Ichki ishlar organlari rahbarlari — yiliga ikki marta, fevral va avgust oylarida jinoyatchilik profilaktikasi va jamoat xavfsizligi to‘g‘risida.

  • Soliq organlari rahbarlari — har yili yanvar oyida budjetlarning daromad qismi bajarilishi, soliq tushumlari va qarzdorligi to‘g‘risida.

  • Ombudsman va bolalar ombudsmani vakillari — har yili mart oyida fuqarolar va bolalar huquqlariga rioya etilishi to‘g‘risida.

  • Sog‘liqni saqlash organlari rahbarlari — yiliga ikki marta, fevral va avgust oylarida.

  • Xalq qabulxonalari — har chorakda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash to‘g‘risida.

Doimiy komissiyalar majlislarida, shuningdek, ta’lim, bandlik, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, qurilish, ijtimoiy himoya organlari va boshqa idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarini eshitish ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu o‘zgartirishlarni mustahkamlash uchun qonunchilikka tegishli tuzatishlar tayyorlash topshirildi.

Kengashlar amaldorlarning intizomiy javobgarligi masalasini qo‘ya oladi

Farmon bilan mahalliy kengashlarga mansabdor shaxslarning egallab turgan lavozimiga noloyiqligi yoxud ularni intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi organlarga taqdimnoma kiritish vakolatini berish to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.

Bu kengashlar qarorlarida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan yoki zarur hisobotlarni taqdim etmagan amaldorlarga taalluqli. Bunday taqdimnomalar yuqori turuvchi organlar tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, farmon kengash talabi bilan amaldorni avtomatik tarzda ishdan bo‘shatishni nazarda tutmaydi.

Shuningdek, deputatlarning tegishli viloyat, tuman yoki shahar hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqini aniqlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bunday huquq hajmi kengash darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

Adliya vazirligiga ikki oy muddatda deputatlarning tashkilotlarga kirish tartibini va qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni tayyorlash topshirildi.

Ish beruvchilarga deputatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi

Alohida chora-tadbirlar bir vaqtning o‘zida davlat yoki xususiy tashkilotlarda ishlaydigan deputatlar faoliyati kafolatlariga taalluqli.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi doimiy ravishda tashkilotlarga deputatlik vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborib turishi kerak.

Gap kengashlar sessiyalari, doimiy komissiyalar va partiya guruhlari majlislarida ishtirok etish, saylovchilar bilan uchrashuvlar va fuqarolar qabullarini o‘tkazish haqida bormoqda.

Prokuratura organlariga ish beruvchilar tomonidan deputatlik vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilingan yoki ushbu vazifalarni bajarish vaqtida xodimni ish joyi va o‘rtacha ish haqini saqlagan holda ishdan ozod etish rad etilgan holatlar ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralarini ko‘rish nazarda tutilgan.

Aholi kengashlar majlislarida qatnasha oladi

2027-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar kengashlari va Toshkent shahar kengashi sessiyalarida fuqarolarning ishtirok etish amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda. Aholi majlislarda kuzatuvchi sifatida, biroq ularning ishiga aralashish huquqisiz qatnashishi mumkin bo‘ladi.

Fuqarolarning ishtirok etish tartibini Oliy Majlis Senati belgilashi lozim. Unga tegishli qoidalarni ikki oy muddatda tasdiqlash tavsiya etildi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-dekabrdan boshlab xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlar loyihalari yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

2024-yil fevral oyida prezident mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. U kengashlar va hokimliklar vakolatlarini yanada chegaralashni hamda vakillik organlari mustaqilligini kuchaytirishni nazarda tutgan.

2025-yil iyun oyida Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Uning asosiy tamoyili etib “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” yondashuvi belgilangan.

Konsepsiya mahalliy deputatlarning nazorat vakolatlarini kengaytirish, qarorlar qabul qilish ochiqligini oshirish, kengashlar ishini raqamlashtirish va mahalliy boshqaruvda jamoatchilik ishtiroki mexanizmlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

O‘xshash yangiliklar