Toshkent markazidagi 17 qavatli City Palace o‘rnida kongress markaziga ega 41 qavatli mehmonxona qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha 23-noyabr kuni tadbirkorlarning bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov bilan ochiq muloqotida muhokama qilindi.
City Palace Hotel bosh menejeri kompaniya Toshkentda sayyohlarni qabul qilish va xalqaro tadbirlarni o‘tkazish imkonini beruvchi yangi mehmonxona majmuasi loyihasini tayyorlaganini ma’lum qildi.
“Bizda kongress markazli juda yaxshi loyiha bor: 41 qavat, 540 ta xonadan iborat bo‘lib, Toshkentdagi mehmonlar, sayyohlar va tadbirlarga jahon darajasida xizmat ko‘rsatadi. Butun loyihamiz tayyor. Hamma bilan kelishib oldik, faqat qavatlar soniga ruxsat olish kerak”, — dedi u.
Muhokama davomida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov baland bino shu nomdagi xiyobonda joylashgan Amir Temur haykaliga ochiladigan manzarani to‘sib qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
“Amir Temur haykali to‘silib qolsa, bu yomon bo‘lmaydimi?” — deya so‘radi u.
Loyiha vakili yangi bino haykalni to‘sib qo‘ymasligiga ishontirdi.
Uning aniqlik kiritishicha, City Palace’ning hozirgi binosi 17 qavatdan iborat, kompaniya esa 41 qavatli majmua qurishni rejalashtirmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev eng yuqori qavatlar soni Toshkentning tasdiqlangan bosh rejasi bilan belgilanishini va investorlarning individual iltimoslariga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin emasligini eslatib o‘tdi.
“Agar bosh reja bo‘yicha ma’lum bir qavat tasdiqlangan bo‘lsa, tadbirkorlardan undan balandroq qavat qilishni so‘ramasliklarini juda iltimos qilaman. Bu haqda ko‘p marta gapirganmiz. Bugun men qavatlar soniga emas, balki boshqa jihatlarga e’tibor qaratishni istardim, chunki bosh reja allaqachon tasdiqlangan”, — dedi u.
U bunday qarorlarni bevosita tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
“17 qavatga ruxsat berilganmi, keling, 20 qavat qilaylik, deyishadi. Bunday muhokamalarda ushbu masala bunday hal qilinmaydi. Agar bosh reja tasdiqlangan bo‘lsa, biz uni hozir o‘zgartira olamiz deb o‘ylamayman”, — deya qayd etdi Xodjayev.
Bunga javoban City Palace bosh menejeri kompaniya hanuzgacha Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining rasmiy xulosasini olmaganini ma’lum qildi.
“Biz bir oy oldin janob Aripov bilan bo‘lgan yig‘ilishda bu haqda gaplashgan edik. Bizga javob bo‘lishini va’da qilishgandi, ammo rasmiy javob yo‘q”, — deya ta’kidladi u.
Shundan so‘ng bosh vazir o‘rinbosari sohaviy idoralar vakillariga murojaat qilib, investorning murojaatini yarim-bir soat ichida ko‘rib chiqishni topshirdi.
Agentlik vakilining tushuntirishicha, amaldagi bosh rejaga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan hududda balandligi yetti qavatgacha bo‘lgan binolarni qurishga ruxsat etilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq investorga yaqin atrofda joylashgan InterContinental Tashkent mehmonxonasi bilan teng qavatli master-reja ishlab chiqish va uni Urbanizatsiya qo‘mitasi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etish taklif qilingan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Urbanizatsiya qo‘mitasi yangi bino InterContinental’dan baland bo‘lmasligi sharti bilan loyihani ko‘rib chiqishga tayyor.
Shu bilan birga, kompaniya ham 41 qavatli majmua qurish fikrida qat’iy turmoqda.
Jamshid Xodjayev vakolatli organlarga shu kunning o‘zida investorga ruxsat etilgan qavatlar sonini ko‘rsatgan holda rasmiy javob berishni topshirdi.
“Ular 41 qavat so‘rashlari mumkin. Ammo nimaga ruxsat bor-u, nimaga yo‘qligini ochiq aytish kerak. Agar 41 qavat mumkin bo‘lmasa, shunday deb yozinglar. Bugunoq ularga rasmiy javob tayyorlab beringlar, necha qavatga ruxsat berilganini ko‘rsatinglar”, — deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari.
Uchrashuv ishtirokchilari InterContinental taxminan 21 qavatdan iborat ekani va rasmiylar ushbu bino balandligidan oshmaydigan City Palace loyihasini ko‘rib chiqishga tayyorligini aniqlashtirdi.
“Ko‘rib chiqish — ma’qullash degani emas, balki ko‘rib chiqish degani”, — deya alohida urg‘u berdi Xodjayev.
Yana bir loyiha — Chorvoqda Mercure mehmonxonasi va 60 ta villa
Uchrashuv davomida City Palace bosh menejeri Chorvoq suv ombori hududida turistik loyihani amalga oshirish rejalari haqida ham gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 gektar maydonda Accor xalqaro guruhining 150 xonali Mercure mehmonxonasi va 60 ta alohida villa qurish ko‘zda tutilgan. “Biz qishki va yozgi dam olish uchun barcha sharoitlarni, jumladan, plyajni ham taqdim etamiz. Bu bo‘yicha ham qurilishga ruxsat olishni xohlaymiz”, — dedi u.
Ma’lum bo‘lishicha, loyiha haqidagi ma’lumotlar tegishli idoralarga hali kelib tushmagan.
Jamshid Xodjayev masalani yig‘ilish bayonnomasiga kiritish uchun investorga loyiha materiallarini hoziroq topshirishni taklif qildi.
“Nima qurmoqchi ekanligingiz haqidagi ma’lumotlarni hozir topshiring. Biz buni bayonnomaga qo‘shamiz va bosh vazir o‘rinbosari nazoratiga olamiz”, — dedi u.
City Palace Hotel Toshkentning markaziy qismida, Amir Temur xiyoboni yaqinida joylashgan. Mehmonxona sayti ma’lumotlariga ko‘ra, amaldagi majmua 120 ta xonaga ega.
Uning yaqinida 2023-yilda ochilgan besh yulduzli InterContinental Tashkent mehmonxonasi joylashgan. U Shahrisabz ko‘chasida, Amir Temur xiyoboni yonida qad rostlagan bo‘lib, mehmonxona va konferensiya infratuzilmasini o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi hukumatning 2024-yil 24-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan. Hujjat poytaxtni konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratishni nazarda tutadi. Zich qurilgan hududlarda yangi binolarning qavatlar soniga cheklovlar joriy etiladi. Qurilish loyihalari tasdiqlangan master-rejalar va batafsil loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilishi kerak.
Fevral oyida hukumat umumiy qiymati 16,2 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 31 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun bosh rejaga o‘zgartirishlar kiritgan edi. Ular 2300 gektardan ortiq maydonda turar joy majmualari, mehmonxonalar, biznes markazlar va boshqa obyektlarni qurishni nazarda tutadi. Har bir loyiha uchun arxitektura, muhandislik va ijtimoiy-iqtisodiy parametrlarni hisobga olgan holda alohida master-reja ishlab chiqish belgilangan.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev mart oyida Toshkentning bosh rejasi “tirik materiya” ekani va shahar rivojlanib borgani sari unga tuzatishlar kiritilishini ta’kidlagan edi.





