23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Buxoro viloyatidagi 100 ming gektar cho‘lni o‘zlashtirish uchun suv qayerdan olinadi? Vazir javobi

Iqtisod 23.11.2026 10:48 0Gazeta
Buxoro viloyatidagi 100 ming gektar cho‘lni o‘zlashtirish uchun suv qayerdan olinadi? Vazir javobi

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Buxoro viloyatidagi 100 ming gektar cho‘l yerlarni o‘zlashtirish uchun suv qayerdan olinishi rejalashtirilayotganini tushuntirdi. Bu haqda u 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Gazeta muxbirining savoliga javob berar ekan ma’lum qildi.

Jurnalist avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev paxta, g‘alla yetishtirish va bog‘lar yaratish uchun yangi yerlarni o‘zlashtirish niyati haqida gapirib, buning uchun zarur mablag‘ va suv resurslarini topishga va’da berganini eslatib o‘tdi.

Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi yerlarni sug‘orish manbalaridan biri Shimoliy Buxoro kollektori bo‘ladi. Shuningdek, yer osti suvlari va mavjud sug‘orish kanallari suvidan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

“Suvning bir qismi yer ostidan, bir qismi kollektorlardan, yana bir qismi kanallardan olinadi. Ushbu yerlarda yuz foiz tomchilatib sug‘orish joriy etiladi. Shuning hisobiga yerlar o‘zlashtiriladi”, — deya tushuntirdi vazir.

Shu bilan birga, u hududlarga ajratilayotgan suv hajmini oshirish rejalashtirilmayotganini ta’kidladi.

“Qo‘shimcha suv yo‘q. Na Buxoro viloyatiga, na boshqa viloyatlarga qo‘shimcha suv hajmi ajratilmaydi”, — dedi Shavkat Hamroyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yerlarni o‘zlashtirish, avvalo, mavjud sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv yo‘qotishlarini bartaraf etish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishni nazarda tutadi.

“Shuning hisobiga turli joylarda oz-ozdan suv tejaymiz, qayerdadir kollektor suvidan, qayerdadir yer osti suvidan foydalanamiz”, — dedi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbari.

Vazir har bir manbadan olinishi rejalashtirilgan aniq suv hajmlarini, shuningdek, 100 ming gektar maydonni sug‘orish uchun hisob-kitob qilingan ehtiyojni ochiqlamadi.

Loyihaga Xitoyning Lihua Group kompaniyasi qiziqish bildirmoqda

Hamroyevning ma’lum qilishicha, cho‘l yerlarni o‘zlashtirishda ishtirok etish taklifi bilan Xitoyning Lihua kompaniyasi murojaat qilgan.

“Bugun soat 16:00 da huzurimga Xitoyning Lihua kompaniyasi vakillari keladi. Ular menga aynan Buxoro viloyatidagi 100 ming gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish masalasida xat bilan murojaat qilishdi”, — dedi vazir.

Uning aytishicha, kompaniya loyihaga o‘z mablag‘larini kiritishga va sug‘orishning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llashga tayyor.

“Bu yerlar birdaniga o‘zlashtirilmaydi. Buning uchun kamida uch yil vaqt kerak bo‘ladi. O‘zlashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi”, — deya qayd etdi Hamroyev.

Vazir Qashqadaryo viloyatidagi xitoylik investorlar faoliyatini misol qilib keltirdi — u yerda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida paxta yetishtirish tajribasi allaqachon qo‘llanilmoqda.

U Lihua’ning taxminiy investitsiya hajmi, yer ajratish shartlari va kelishuvlarni imzolash muddatlari haqida ma’lumot bermadi.

Cho‘lni o‘zlashtirish rejalari haqida nimalar ma’lum?

Avvalroq Gazeta 3-noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev 100 ming gektar cho‘l yerlarni qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritish niyatida ekanini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

“Suvini ham, muhandisini ham, texnikasini ham, hamkorini ham, texnologiyasini ham topamiz. Buxoroda 100 ming gektar cho‘lni o‘zlashtiramiz. 100 ming! Bu hazil raqam emas. Qancha odam ishli, daromadli bo‘ladi, qancha loyihalar amalga oshadi”, — degan edi o‘shanda davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, uch yil ichida Buxoro viloyatida paxta yetishtirish hajmini 1 mln tonnaga yetkazish maqsadini qo‘ygan.

Yangi yerlarni o‘zlashtirish masalasi 2-aprel kuni hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham muhokama qilingan edi. O‘shanda 96,8 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minoti va meliorativ holatini yaxshilash, 2026-yilda 453,5 mln kub metr suvni tejash hamda 742 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish rejalari haqida xabar berilgandi.

Xitoyning Lihua Group kompaniyasi Buxoro viloyatidagi qishloq xo‘jaligi loyihalarida allaqachon ishtirok etmoqda. Viloyat hokimligi 5-noyabr kuni xabar berganidek, kompaniya hokimlik bilan Shofirkon tumanida 20 ming gektar, Romitan tumanida esa yana 9000 gektar cho‘l yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga эришган.

Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “Jemchujina Romitan” korxonasi tashkil etilgan. U “Ernafas Xo‘jayev” massividagi 2000 gektar yerni allaqachon o‘zlashtirgan bo‘lib, 2026-yilda 120 gektar maydonda Xitoyning Shinjon texnologiyalarini qo‘llagan holda paxta yetishtirdi.

Rejalashtirilgan 100 ming gektar maydonning qancha qismi Lihua Group va boshqa investorlar tomonidan o‘zlashtirilishi hozircha aniqlashtirilmagan.

Xinjiang Lihua Group — 2004-yilda XXRning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida tashkil etilgan Xitoy agrosanoat kompaniyasi. U Xinjiang Zhongtai davlat guruhi tarkibiga kiradi va paxta yetishtirish hamda qayta ishlash, kalava ip, mato va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning yillik aylanmasi qariyb 2,8 mlrd dollarni tashkil etadi.

Qozog‘istonda Lihua Turkiston viloyatida rejalashtirilgan investitsiyalar hajmi 600 mln dollargacha bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri loyihasini amalga oshirmoqda. Hozirda ikkita paxtani qayta ishlash zavodi qurilgan bo‘lib, ekin maydonlarini 52 ming gektargacha kengaytirish ko‘zda tutilgan. Tojikistonda ham kompaniya qishloq xo‘jaligi loyihasini amalga oshirmoqda — o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, unga 580 mln yuan (qariyb 80 mln dollar) sarmoya kiritilgan. Bundan tashqari, Lihua AQSh va Avstraliyada sho‘’ba tuzilmalarini tashkil etgani haqida xabar bergan.

O‘xshash yangiliklar