24.11.2026, Seshanba+15.7°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+15.7°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

“Davlat va jamiyat muloqotining yangi bosqichi”. Saida Mirziyoyeva — Ziyolilar kengashidan kutilayotgan natijalar haqida

Siyosat 24.11.2026 14:02 0Gazeta
“Davlat va jamiyat muloqotining yangi bosqichi”. Saida Mirziyoyeva — Ziyolilar kengashidan kutilayotgan natijalar haqida

23−24-noyabr kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston ziyolilari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bungacha oktabr va noyabr oylari davomida “Yangi O‘zbekiston ziyolilari — milliy yuksalish tayanchi” shiori ostida barcha hududlarda yig‘ilishlar o‘tkazilgan edi.

Kengash mamlakatning ilmiy, ijodiy va intellektual salohiyatini birlashtirish, ziyolilar vakillarining ijtimoiy hayotdagi hamda davlat taraqqiyotining dolzarb vazifalarini hal etishdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bunday kengashning tashkil etilishi davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotning yangi bosqichiga aylanishiga ishonch bildirdi.

“Ziyolilarimizdan xolis fikr va dadil takliflarni kutamiz. Kengash yangi g‘oyalar maydoniga aylanishiga ishonaman”, — deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida.

ziyolilar kengashi, саида мирзиёеva

Respublika yig‘ilishidan oldin bo‘lib o‘tgan muhokamalarga baho berar ekan, PA rahbari shunday ta’kidladi: “Yurtdoshlarimiz muammoni ko‘ryapti, yechim taklif qilyapti, mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor. Endi bu jarayonni amaliy ishga aylantirish vaqti keldi”.

“Hukumat qarorlarining xalq hayotiga ta’sirini joylardagi ilm ahli — muallim, shifokor yoki olim hammadan yaxshi biladi. Shuning uchun ham hududlarning ovoziga quloq solish o‘ta muhimdir”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

U prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davri deb e’lon qilganini eslatib o‘tdi. “Milliy yuksalish — faqatgina iqtisodiy o‘sish emas. Bu — inson qadri, adolat, bilim, madaniyat va har bir fuqaroning Vatan taqdirida tutgan o‘rnidir. Ziyolilar — ana shu yuksalishning ma’naviy tayanchi”, — deya qayd etdi administratsiya rahbari.

Hududiy muhokamalar davomida yettita ustuvor yo‘nalish belgilab olindi: milliy o‘zlik va inson qadri, vatanparvarlik va milliy tarbiya, ilm-fan va ta’lim, raqamli rivojlanish, madaniyat, innovatsion tibbiyot, yashil iqtisodiyot va tadbirkorlik.

ziyolilar kengashi, саида мирзиёеva

“Ularning har biri muhim, albatta. Ammo men ikki jihatga — milliy o‘zlik hamda ona tili va adabiyot masalalariga alohida e’tibor qaratmoqchiman”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

“Biz „O‘Z“ tushunchasiga keng ma’no beryapmiz: O‘zbekiston, o‘zgarish, o‘zlik va mas’uliyat. Ushbu g‘oyani chuqur o‘rganish va jamiyatda keng muhokama qilishda sizning hissangizdan umidimiz katta”, — dedi u.

PA rahbari o‘zbek tilini “xalq tafakkurining ifodasi, bebaho ma’naviy boylik” deb atadi: “Tilimiz ilmda, texnologiyada, internetda, kino va adabiyotda ham to‘laqonli yashashi zarur. Yoshlarimiz bir emas, bir qancha jahon tillarini o‘rgansin. Mukammal, puxta o‘rgansin. Ammo, avvalo, ona tilimizda teran fikrlasin”.

U adabiyot va san’atda “milliy ruhga ega, badiiy saviyasi baland bo‘lgan asarlar”ga ehtiyoj katta ekanini qayd etdi: “Ba’zan yuzlab ma’ruzalar yetkaza olmagan fikrni yaxshi kitob, kuchli sahna asari yoki ta’sirli film orqali insonlar qalbiga jo qilish mumkin”.

“Ma’naviy taraqqiyotimizning uzoq muddatli yo‘nalishini belgilar ekanmiz, kun tartibiga bir qator dolzarb masalalar chiqadi: besh-o‘n yildan keyin yoshlarimiz qanday bilimga ega bo‘ladi? Yigirma, o‘ttiz yilda jamiyatimiz qay darajaga yetadi? Bu savollarga ilmiy tahlil asosida javob beraylik”, — dedi u.

“Shu o‘rinda ochiq aytaman: ziyolilar deganda, faqatgina gapimizni ma’qullab turadigan tinglovchilar auditoriyasini emas, balki xolis fikri, asosli tanqidi, jur’atli takliflar va yangi g‘oyalari bilan bizni qo‘llaydigan yelkadoshlarni ko‘rishni istardik. Administratsiya siz bilan hamkorlikka doimo tayyor”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

ziyolilar kengashi, саида мирзиёеva

“Endi asosiy savol: O‘zbekiston ziyolilari kengashi qanday ishlashi kerak?” — deya so‘radi u va o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Prezidentimiz xalqni eshitish, fuqarolar fikrini qarorlarda inobatga olish davlat idoralarining bosh mezoni bo‘lishi kerakligini doim ta’kidlab keladilar. Men Ziyolilar kengashini ana shu tamoyil asosida ishlaydigan, davlat va jamiyat o‘rtasidagi doimiy muloqot maydoni sifatida ko‘raman”, — deya ta’kidladi PA rahbari.

U kengash faoliyatini uchta aniq natijaga erishishga qaratishni taklif qildi:

“Birinchidan, inson qadri, adolat, tinchlik va qonun ustuvorligi yo‘lida birdamlikni mustahkamlash.

Ikkinchidan, ma’naviy taraqqiyotning uzoq muddatli yo‘lini belgilash.

Uchinchidan, ziyolilar taklifining davlat qarorlariga ta’sirini kuchaytirish".

“Milliy yuksalishni bizga hech kim tayyor holda bermaydi. Uni mehnatimiz, aql-zakovatimiz va birdamligimiz bilan o‘zimiz barpo etamiz. Bu yo‘lda O‘zbekiston ziyolilari bor bilim hamda tajribasi, kuch va g‘ayratini safarbar etishiga ishonaman!” — deya yakunladi Saida Mirziyoyeva.

O‘xshash yangiliklar