Özbekiston aviatsiya xavfsizligini taʼminlaşga qaratilgan xalqaro Konvensiyalarga qöşilmoqda

— Mazkur Konvensiya fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid soluvçi noqonuniy harakatlarning oldini oliş, terrorizmga qarşi kuraşiş va bu borada davlatlar örtasidagi hamkorlikni mustahkamlaşga qaratilgan, — dedi deputat U.Yokubxöjayev. — Xususan, Konvensiya havo kemalarini yöq qiliş, ulardan qurol sifatida foydalaniş, xavfli materiallarni qonunga xilof ravişda taşiş, aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga tajovuz qiliş kabi jinoyatlarga qarşi kuraşişning xalqaro huquqiy asoslarini belgilaydi.
Sönggi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantiriş, aeroportlarni modernizatsiya qiliş, yangi aviakompaniyalar faoliyatini yölga qöyiş va havo taşuvlari bozorida raqobat muhitini kengaytiriş böyiça salmoqli işlar amalga oşirilmoqda. Maʼlumotlarga köra, 2025-yil yakunlarida 13 ta mahalliy va 50 ta xorijiy aviakompaniya ikki yuzdan ortiq yönalişlarda muntazam qatnovlarni amalga oşirgan. 2026-yil noyabr oyiga kelib havo kemalar soni yuzdan oşgan. Bu Özbekistonning mintaqaviy va xalqaro aviatsiya aloqalaridagi iştiroki kengayib borayotganini körsatadi.
Xalqaro aviaqatnovlar kölami ortib borayotgan bir şaroitda aviatsiya xavfsizligini taʼminlaşning huquqiy mexanizmlarini takomillaştiriş alohida ahamiyat kasb etadi. Şu nuqtai nazardan Konvensiyaga qöşiliş aviatsiya sohasidagi jinoyatlarning oldini oliş hamda ularga qarşi kuraşişda xalqaro hamkorlikni kengaytirişga xizmat qiladi. Şuningdek, Özbekistonning Xalqaro fuqaro aviatsiyasi taşkiloti doirasidagi baholaş körsatkiçlarini yaxşilaş, xalqaro aviatsiya hamjamiyatidagi nufuzini oşiriş uçun qöşimça imkoniyatlar yaratadi.
***
Şuningdek, majlisda “Havo kemalarining qonunga xilof tarzda bosib olinişiga qarşi kuraşiş töğrisidagi Konvensiyani töldiruvçi Bayonnomaga (Pekin, 2010-yil 10-sentabr) Özbekiston Respublikasining qöşilişi haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Mazkur Bayonnoma 1970-yilgi Gaaga konvensiyasini bugungi kun talablariga moslaştirişga qaratilgan. U havo kemalarini qonunga xilof ravişda egallab olişga qarşi kuraşişning xalqaro huquqiy mexanizmlarini takomillaştiradi. Xususan, Bayonnoma havo kemalarini kuç işlatiş yoki tahdid qiliş bilan bir qatorda, majburlaş, qörqitiş yoxud zamonaviy texnik vositalardan foydalaniş orqali egallab oliş holatlarini qamrab oladi. Şuningdek, bunday jinoyatlarni taşkil etiş, ularda iştirok etiş va ularga kömaklaşiş uçun javobgarlikni taʼminlaşga oid qoidalarni belgilaydi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizning uşbu Bayonnomaga qöşilişi havo kemalari, yölovçilar va ekipaj aʼzolari xavfsizligini taʼminlaş, aviatsiya sohasidagi transçegaraviy jinoyatlarga qarşi kuraşiş hamda xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan huquqiy hamkorlikni kuçaytiriş imkonini beradi.
Har ikkala qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova,
ÖzA



