25.11.2026, Chorshanba+10.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+10.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Deputatlar O‘zbekistonda 12 yillik ta’limni joriy etish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Siyosat 25.11.2026 16:47 0Gazeta
Deputatlar O‘zbekistonda 12 yillik ta’limni joriy etish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari 24-noyabr kuni bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilashni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Shu tariqa majburiy umumiy o‘rta ta’lim muddatini 11 yildan 12 yilgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasi mualliflariga ko‘ra, bu “milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi”.

Hujjat “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida"gi hamda “Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, bir yillik maktabga tayyorlov maktabgacha va umumta’lim tashkilotlarida tashkil etiladi, bolalarning bunday tayyorgarlikdan o‘tish huquqi kafolatlanadi.

Tayyorlov bepul bo‘ladi

Deputat Sayyora Imomova majlisda mamlakatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga, olti yoshli bolalar qamrovi esa 98 foizga yetganini ma’lum qildi. Majburiy bir yillik maktabga tayyorlovga o‘tish 2018-yilda boshlangan. 2027-yilda olti yoshli bolalarni bir yillik maktabga tayyorlov bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Qonunga ko‘ra, maktabga majburiy tayyorlov maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, maktablarning bo‘sh sinfxonalarida, shuningdek, maktab va bog‘chalar mavjud bo‘lmagan chekka hududlarda ijtimoiy soha obyektlari, xususan, “Kelajak” markazlari va boshqa ta’lim maskanlarida tashkil etiladi.

“Ayni paytda 4000 dan ortiq maktabda bo‘sh turgan xonalar negizida tayyorlov guruhlari tashkil etilgan. Shuningdek, yana 191 ta maktabda 246 ta tayyorlov guruhini tashkil etish rejalashtirilgan. O‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bog‘cha tarbiyachilari, maktablarda esa yuqori malakali pedagoglar jalb etiladi”, — dedi deputat.

Sayyora Imomova. Foto: Qonunchilik palatasiSayyora Imomova. Foto: Qonunchilik palatasi

“Ta'kidlash lozimki, hozirda tayyorlov guruhlari pedagog kadrlar bilan 98 foiz ta’minlangan. Ushbu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish uchun qo‘shimcha ravishda 800 ta guruh tashkil etish va qariyb 20 mingta yangi o‘rin yaratish talab etiladi. Bu bilan bog‘liq xarajatlar 2027-yilgi davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi”, — dedi Sayyora Imomova.

Deputatning ta’kidlashicha, davlat muassasalari, maktablar va bog‘chalarda maktabga tayyorgarlik bepul amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, ota-onalar farzandini xususiy bog‘cha yoki maktabda maktabga tayyorlashni tanlashi mumkin. Qonun nodavlat ta’lim tashkilotlarida tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beradi.

Bunday guruhlarda mashg‘ulotlar alohida dastur asosida o‘tkaziladi. Bolalarga dastlabki bilim va tushunchalarni o‘yin usuli orqali singdirish kutilmoqda. “Ta'limning davomiyligi ta’minlangandan so‘ng, bosqichma-bosqich xalqaro amaliyot talablariga muvofiq ta’lim dasturlari ham moslashtirib boriladi”, — dedi deputat.

Deputat Saydullo Azimov olti yoshli bola maktab o‘quvchisi yoki maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bola deb hisoblanishi haqida so‘radi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Erkin Murodov amaldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida"gi qonunda maktabgacha yosh 7 yoshgacha bo‘lgan davr sifatida belgilanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ta’rif bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lish davrini to‘liq qamrab oladi va mazkur norma o‘zgarishsiz qoladi. Chunki olti yoshli bolalarning aksariyati to‘liq kunlik guruhlarga qatnaydi.

Erkin Murodov / Qonunchilik palatasi efiridan kadrErkin Murodov / Qonunchilik palatasi efiridan kadr

“Albatta, maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘liq guruhlarida maktabga tayyorlovdan tashqari kun bo‘yi boshqa mashg‘ulotlari, kun tartiblari bor. Agar biz bu yoshni o‘zgartiradigan bo‘lsak, ertaga maktabgacha ta’lim tashkilotlariga farzandlarini bergan 600 mingga yaqin ota-onalarga qiyinchilik yuza keladi”, — dedi Erkin Murodov.

Saydullo Azimov yangi tizimga o‘tilganda bolaning maqomi qanday bo‘lishiga yana bir bor aniqlik kiritishni so‘radi. Uning aytishicha, bu keyinchalik statistikaga ta’sir qilishi mumkin.

Saydullo Azimov / Qonunchilik palatasi efiridan kadrSaydullo Azimov / Qonunchilik palatasi efiridan kadr

“Oddiy misol, men farzandimni olti yoshda chiqardim-da, maktabga berdim tayyorlovga. Endi u maktabda o‘quvchi bo‘lmayapti-da, bog‘chadagi tarbiyalanuvchi bo‘lib yuribdi. Lekin u maktabda nima qiladi? Bunda o‘zgartirish kiritib, tizimli yangilanishga o‘tyapmiz-da, lekin eskicha talqin qolyapti”, — dedi deputat.

U, shuningdek, tarbiyachilarda bolalarga maktab dasturini o‘qitish uchun zarur malaka bor-yo‘qligini so‘radi.

Deputat Dilmurod Ortiqovning tushuntirishicha, qo‘mita ushbu masalani o‘rganish jarayonida qonunchilikda “maktab yoshi” tushunchasi mavjud emasligi aniqlangan.

“Biz qo‘mita tomonidan o‘rganganimizda ham [ma'lum bo‘ldiki], „maktab yoshi“ degan tushunchaning o‘zi yo‘q hozir. Ya’ni bizda asosiy maqsad — uni umumiy ta’limning bosqichi sifatida belgilash. Shu jihatga e’tibor qaratish kerak. U umumiy o‘rta ta’limning bosqichi sifatida belgilanayotgani nuqtai nazaridan qaralsa, sizning fikringiz ham to‘g‘ri”, — dedi u.

Dilmurod Ortiqov / Qonunchilik palatasi efiridan kadrDilmurod Ortiqov / Qonunchilik palatasi efiridan kadr

Ijtimoiy obyektlarga nimalar kiradi?

Maktabga tayyorlov jarayonida foydalaniladigan ijtimoiy obyektlar ko‘p bo‘lmasligi kutilmoqda. Ular tegishli sharoitlarga ega bo‘lishi kerak.

“Bizda bugungi kundagi tahlillarga ko‘ra, 101 ta ijtimoiy obyekt bor… Bular — texnikumlar, mahalliy idoralar, musiqa va san’at maktablari, ularda kichik guruhlar tashkil etilgan”, — dedi Erkin Murodov.

Tashkiliy jarayon, uslubiy ishlar va pedagoglar faoliyati maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ta’lim va ilm-fan vazirligi vakiliga ko‘ra, ijtimoiy obyektlarning alohida reyestri yuritiladi, maktabga tayyorlovni tashkil etish mumkin bo‘lgan joylar ro‘yxati esa keyingi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilanadi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov maktabga tayyorlov tashkil etiladigan aniq joylarni ko‘rsatmasdan, har bir bolaning majburiy bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tish huquqining davlat tomonidan kafolatlanishini belgilashni taklif qildi.

“Maktabga qatnay olmaydigan bolalarga o‘qituvchilar uyiga borib dars o‘tishi mumkin bo‘lgan tizim allaqachon mavjud. Bunday holatlarda davlat zarur imkoniyatlarni ham yaratadi”, — dedi u.

Deputatlar qonunning kuchga kirish muddatini ham alohida muhokama qildi. Ular yangi tizimni joriy etishga ta’lim muassasalarini tayyorlash uchun kamida olti oy muddat kerak, degan fikrga keldi.

Qonun Senatga yuborildi. U yerda ko‘rib chiqilganidan so‘ng hujjat prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Qonun loyihasining birinchi o‘qishdagi muhokamasi haqida Gazeta avvalroq yozgandi. O‘shanda deputatlar infratuzilma va kadrlar yangi tizimga tayyormi, shuningdek, taklif etilayotgan model xalqaro ta’lim standartlariga mos keladimi, degan masalalarni ko‘targan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov qonunga o‘zbek millatiga mansub ota-onalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim tashkilotida boshqa ta’lim tilini tanlashni taqiqlash haqidagi normani kiritishni taklif qilgandi.

Ta’lim sohasi eksperti Komil Jalilov yangi tizim bo‘yicha savollar qolayotganini ta’kidlagandi. Xususan, tayyorlov guruhlari dasturi maktab dasturi bilan qanday muvofiqlashtirilishi masalasi ochiq qolmoqda: “Bir yil tayyorlov guruhida bolalarga harfni o‘rgatib, yana 1-sinfni “Alifbe"dan boshlaymizmi?”

Uning qo‘shimcha qilishicha, ISCED (Ta'limning xalqaro standart tasnifi) maktabgacha tayyorlov tizimi mavjud bo‘lishi mumkinligini nazarda tutadi. Biroq O‘zbekiston maktablari bitiruvchilarining xorijiy oliygohlarda Foundation dasturida qayta o‘qish zaruratini bartaraf etish uchun u ISCED-1 (boshlang‘ich ta’lim) darajasi uchun belgilangan talablarga javob berishi kerak.

O‘xshash yangiliklar