23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Gaz borgan sari kamayib boradi”. Energetika vazirligi O‘zbekistondagi issiqxona xo‘jaliklarini ogohlantirdi

Iqtisod 23.11.2026 10:15 0Gazeta
“Gaz borgan sari kamayib boradi”. Energetika vazirligi O‘zbekistondagi issiqxona xo‘jaliklarini ogohlantirdi

O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari (endi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori) Umid Mamadaminov mamlakatda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi kamayib borayotgani sababli issiqxona xo‘jaliklarini uzluksiz gaz bilan ta’minlash imkoni yo‘qligini aytdi. Bu haqda u 16-noyabr kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan gul yetishtiruvchilar va issiqxona xo‘jaliklari vakillari bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Umid Madaminovning so‘zlariga ko‘ra, qazib chiqarishning pasayishi zaxiralarning tugab borayotgani va amaldagi konlarning ishlab chiqarish imkoniyatlari qisqarayotgani bilan bog‘liq.

“Bilasiz, gaz qazib chiqarish hajmi yildan-yilga kamayib ketyapti. Chunki gaz zaxiralari kamaymoqda, hududlarimizdagi mavjud imkoniyatlar kamaymoqda. Undan keyin ham baribir kamayadi, gaz ko‘paymaydi”, — dedi Mamadaminov.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston boshqa davlatlar kabi an’anaviy yoqilg‘i turlaridan muqobil energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tmoqda.

“Bu degani, gaz umuman bo‘lmaydi, degani emas, gaz borgan sari kamayib boradi. Shuning uchun biz hozir umuman, ijtimoiy soha obyektlari bo‘ladimi, tadbirkorlik obyektlari bo‘ladimi — hammasini gaz yoqishdan sekin-sekin muqobil tizimga o‘tkazish, elektrifikatsiyaga yo‘naltirishga harakat qilyapmiz. Bu birdan bo‘lib qolmaydi, sekinlik bilan bo‘ladi.

Bu umuman gaz bo‘lmaydi, degani emas. Shunchaki gaz tobora kamayib boradi. Shuning uchun ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik subyektlarini gaz bilan isitishdan muqobil tizimlarga, jumladan, elektr energiyasiga bosqichma-bosqich o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Albatta, bu bir kunda amalga oshmaydi, o‘tish jarayoni bosqichma-bosqich bo‘ladi", — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Uchrashuvda tadbirkorlar gaz ta’minotidagi noaniqliklardan shikoyat qildi. Ularning aytishicha, yangi issiqxona xo‘jaliklariga gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilmayapti, amaldagi korxonalarga esa aholi uchun gaz yetishmagan taqdirda yetkazib berish to‘xtatilishi mumkinligi ko‘rsatilgan shartnomalarni tuzish taklif qilinmoqda.

Gul yetishtiruvchilardan biri qishda gaz uzilsa, issiqxonalar isitishsiz qolishi mumkinligini aytdi. Chunki yangi ekologik talablar tufayli ko‘mirdan foydalanish cheklangan.

“Ko‘mirga filtr talablari juda ham og‘ir, uni bajarishga imkoniyat yo‘q… Hozir biz ekin ekdik, boshladik-da, ekinimiz pishishga yaqinlashib keldi-da, sovuq keldi, gazni uzib tashladinglar. Biz nima qilamiz? Hamma narsamiz uchib ketadi havoga… Bizga kafolatli va davomli gaz kerak bo‘lyapti”, — dedi tadbirkor.

Tadbirkorlarning kafolat haqidagi savoliga javob berar ekan, Mamadaminov davlatda uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash uchun yetarli resurs yo‘qligini ta’kidladi.

“Uzluksiz gazni ta’minlash uchun manba bo‘lishi kerak. Ya’ni kerakli limit bo‘lishi kerak gazda. O‘sha manba bo‘lmagani uchun, ular uzluksiz gaz yetkazib berish deb qarorga ham yozmaydi, i dasturimizga ham yozmaydi. Chunki uzluksiz yetkazib bera olmaydi”, — deya tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, havo keskin sovib, gaz quvurlarida bosim pasayganida tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyatlari cheklanadi.

Shu bilan birga, “Hududgazta'minot” tadbirkorlarga gaz sotishdan manfaatdor, chunki kompaniya aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi va foyda olishi kerak, dedi amaldor.

“Shuning uchun aytyapmiz, endi ochiq aytyapmiz, buni yashirganimiz yo‘q. Gaz manbasi kam, borgan sari kamayib ketadi. Shuning uchun alternativ yoqilg‘i turlariga o‘taylik”, — dedi Mamadaminov.

U issiqxona egalariga maxsus rezervuarlarda saqlash mumkin bo‘lgan suyultirilgan gaz — propan-butandan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Madaminov boshqa variantlar sifatida pelletlar, geotermal isitish va ko‘mirdan sintez-gaz olish texnologiyalarini ham sanab o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizimlar Yevropa davlatlari va Turkiyada allaqachon qo‘llanilmoqda. Energetika vazirligi vakillari tadbirkorlarga mos texnologiyalarni tanlashda ko‘maklashishga tayyor.

“Manba bo‘lganida yaxshi edi, biz berardik garantiya uzluksiz deb. Elektrga o‘xshab uzluksiz berardik. Manba bo‘lmagani uchun aytayapmiz shu narsani”, — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

“Biz bunga bir oyda o‘tib keta olmaymiz”

Tadbirkorlar ekologik toza isitish manbalariga o‘tish zarurligiga qo‘shildi, ammo issiqxonalarni modernizatsiya qilish katta xarajat va vaqt talab etishini ta’kidladi.

Jumladan, suyultirilgan gazdan foydalanish uchun yoqilg‘ini saqlashga mo‘ljallangan qo‘shimcha sig‘imlarni o‘rnatish va xavfsizlik talablarini bajarish zarur. Boshqa isitish turlariga o‘tish esa qozonxona uskunalarini almashtirishni talab qilishi mumkin.

“Suyultirilgan gazga o‘ta olmaymiz. Uning o‘zining saqlash talablari, uning jarayoni ham bor-da, unga qanchadir katta mablag‘ kerak. Unga birdan o‘tib olishga bizga ham imkoniyat yo‘q… Bizga vaqt kerak unga. Yevropada ham bir kunda yoki bir oyda yoki 20 kunda bo‘lmagan, yillar davomida kelgan u narsaga”, — dedi issiqxona egalaridan biri.

Uning ta’kidlashicha, agar davlat o‘tish muddatlarini oldindan belgilasa, tadbirkorlar tayyorgarlik ko‘rishi mumkin. Biroq bunday talablarni bir oy ichida bajarish amalda imkonsiz.

Prezident farmonlarida nimalar nazarda tutilgan?

Shu bilan birga, prezidentning 2025-yil 8-oktabrdagi issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga oid farmonida oktabrdan martgacha bo‘lgan davrda har oy 50 foiz miqdorida oldindan to‘lov qilish sharti bilan gaz yetkazib berishning kafolatlangan hajmlari nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, Energetika vazirligi gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar har yili 1-oktabrga qadar tuzilishini ta’minlashi kerak. Shartnomalarda gaz yetkazib berilmasligi oqibatida hosil nobud bo‘lgan taqdirda yetkazib beruvchining javobgarligi aniq belgilanishi lozim.

Bundan tashqari, prezidentning 2025-yil 24-noyabrdagi “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, Energetika vazirligiga bir hafta ichida poytaxt va unga tutash hududlardagi barcha issiqxona xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzish va uzluksiz gaz ta’minotini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

2025-yil 26-noyabrda Energetika vazirligi gaz tarmoqlariga ulangan barcha issiqxona xo‘jaliklari tabiiy gaz bilan uzluksiz va belgilangan hajmlarda ta’minlanayotganini ma’lum qilgan.

Gaz yetkazib berish to‘xtatilishi oqibatida hosil nobud bo‘lgan taqdirda zararni qoplash mexanizmi esa alohida masala bo‘lib qolmoqda.

Issiqxonalarga yangi ekologik talablar

2026-yil 22-oktabrda Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining unga tutash beshta tumanidagi issiqxona xo‘jaliklari uchun maxsus ekologik rejimni belgilovchi 586-son qarorni qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, 1-dekabrdan ko‘mir, briket va pelletdan foydalanadigan issiqxonalar tabiiy yoki suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi yoki elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqlik energiyasiga o‘tishi kerak.

Qattiq yoqilg‘idan foydalanishni davom ettirishga chang-gaz tozalash uskunalari, chiqindilarni avtomatik monitoring qilish tizimlari va onlayn kameralarni o‘rnatish kabi bir qator talablar bajarilgan taqdirdagina ruxsat etiladi.

Tadbirkorlar uchrashuvda bunday uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish yuzlab million so‘m talab qilishini aytdi. Qishda gaz uzilgan taqdirda ayrim issiqxonalarda foydalanish mumkin bo‘lgan muqobil isitish manbasi qolmasligi mumkin.

Qo‘llab-quvvatlash choralari sifatida qarorda isitish tizimlarini modernizatsiya qilish uchun subsidiyalar va muqobil energiya manbalariga o‘tish uchun imtiyozli kreditlar nazarda tutilgan.

Gaz qazib chiqarish hajmi pasayishda davom etmoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda 27 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,4 foiz yoki 5,3 mlrd kub metrga kam.

2025-yil yanvar-sentabr oylarida gaz qazib chiqarish 32,3 mlrd kub metrni, 2024-yilning shu davrida esa 33,7 mlrd kub metrni tashkil etgan.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” vakillari qazib chiqarish hajmining pasayishini yirik konlardagi zaxiralarning kamayishi bilan izohlagandi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim konlarda zaxiralarning 80 foizdan ortig‘i qazib olingan, yangi quduqlar esa amaldagi konlardagi qazib chiqarish hajmining qisqarishini hozircha to‘liq qoplay olmayapti.

O‘xshash yangiliklar