25.11.2026, Chorshanba+10.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+10.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

“Hayratlanarli”. Tramp sovg‘a qilingan ayvonlar uchun Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

Siyosat 25.11.2026 10:13 0Gazeta
“Hayratlanarli”. Tramp sovg‘a qilingan ayvonlar uchun Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan ikkita o‘ymakor o‘zbek ayvoni uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“O‘tgan hafta O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov va [AQSh] ichki ishlar vaziri Dag Bergam ishtirokida o‘tgan Ayvonlarning ochilish marosimi vaqtida ular o‘rnatilgan joy ustidan [prezident vertolyoti] Marine One’da uchib o‘tish men uchun sharaf bo‘ldi — Ayvonlar HAYRATLANARLI ko‘rinadi!” — deb ta’kidladi AQSh rahbari (bu yerda va keyingi o‘rinlarda muallif uslubi saqlab qolingan).

Uning ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik ustalar “noqulay ob-havo sharoitida 200 yillik tog‘ yong‘og‘i yog‘ochidan ushbu Ayvonlarni mahorat bilan yaratish uchun bir necha oy davomida O‘zbekistondagi oilalaridan uzoqda bo‘lgan”. “Ular haqiqatan ham iste’dodli!” — deya bayonot berdi u.

Tramp, shuningdek, sovg‘ani “shaxsiy foydalanishda” qoldirmasdan, uni jamoatchilik mulkiga topshirishga qaror qilganini bildirdi. Ular “xavfsiz va go‘zal poytaxtimizda”, Tidal Basin suv havzasi bo‘yida, Tomas Jefferson va Jorj Vashington yodgorliklari manzarasi ochiladigan joyda qad rostladi.

“Bir yildan so‘ng Milliy qahramonlar bog‘i ochilgach, ushbu ayvonlar turmush qurish takliflarini bildirish, diplomatik qabullar o‘tkazish, sakura gullari festivali davomida fotosessiyalar tashkil etish hamda Tidal Basin hududiga kundalik tashriflar uchun shaharning eng mashhur maskanlaridan biriga aylanadi”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Donald Tramp, shuningdek, “Ajoyib O‘zbek Ustalari bilan yaqindan hamkorlik qilgan” O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va AQSh Milliy bog‘lar xizmatiga alohida minnatdorlik bildirdi. “Biz Vashingtonni har qachongidan ham go‘zalroq qilmoqdamiz!” — deb ta’kidladi u.

O‘xshash yangiliklar