O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Parkent tumaniga tashrifi chog‘ida Kumushkon mahallasiga borib, “Oltin bel” sayyohlik majmuasi bilan tanishdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, umumiy maydoni 47 gektar bo‘lgan majmua to‘rtta besh qavatli mehmonxona va shale uslubida qurilgan, har biri alohida basseynga ega 51 ta bir yoki ikki qavatli dam olish uyini o‘z ichiga oladi.
Majmua qurilishiga qariyb 700 mlrd so‘m investitsiya yo‘naltirilgan. Mehmonxonalarni mehmonxona biznesida 46 yillik tajribaga ega Turkiyaning Elite World kompaniyasi boshqaradi.
Majmua hududida 350 va 700 o‘rinli restoranlar, uch qavatli fud-kort, savdo nuqtalari, ochiq va yopiq sport inshootlari, shuningdek, maydoni 2,2 ming kvadrat metr bo‘lgan akvapark mavjud.
Bundan tashqari, 14 turdagi attraksion, uzunligi 650 metr bo‘lgan ziplayn, gravitatsion karting trassalari, rodelban, 800 o‘rinli amfiteatr, sun’iy ko‘l va hayvonot bog‘i ham barpo etilgan.
Majmua to‘liq foydalanishga topshirilgach, 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. U kuniga 6 ming nafargacha tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Yillik daromad esa 200 mlrd so‘mga yetishi kutilmoqda.
Majmuada mehmonxona va restoran xizmati ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan o‘quv markazi tashkil etilgan. Turizm qo‘mitasi bu yerda Qumushqonning ishsiz yoshlarini o‘qitishni yo‘lga qo‘ydi. Yil oxirigacha 300 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.
Yil boshidan buyon Parkent tumaniga 198,2 ming nafar xorijlik va 1,4 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti 81,1 mln dollarga yetdi.

















