23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Migros supermarketlari va mudofaa sanoati. Anadolu Group O‘zbekistondagi rejalari haqida ma’lum qildi

Iqtisod 20.11.2026 14:03 0Gazeta
Migros supermarketlari va mudofaa sanoati. Anadolu Group O‘zbekistondagi rejalari haqida ma’lum qildi

Turkiyaning Anadolu Group holdingi Migros supermarketlar tarmog‘i ishtirokida O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Anadolu Group raisi Tunjay O‘zilhan 19-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya Oliy darajadagi kengashining birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta “O‘zbekiston 24” telekanali syujetiga tayanib.

Holding vakilining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya chakana savdo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va avtomobilsozlikdagi ishtirokini kengaytirish niyatida.

“Biz erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Kelgusida chakana savdo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va avtomobilsozlik sohalarida yangi loyihalarni ko‘rib chiqyapmiz. Xususan, Migros tarmog‘ining chakana savdo va agrar sektorda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish borasidagi tajribasini O‘zbekistonning ulkan qishloq xo‘jaligi salohiyati bilan birlashtirmoqchimiz”, — dedi u.

Telekanalga bergan alohida intervyusida Anadolu Group rahbari holding Migros bilan birgalikda yangi qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotganini aniqlashtirdi.

Shu bilan birga, tarmoq O‘zbekistonda qachon ish boshlashi, qancha do‘kon ochilishi rejalashtirilgani va qancha investitsiya talab etilishiga aniqlik kiritilmagan.

Migros rejalari haqida nimalar ma’lum?

Tunjay O‘zilhan. “O‘zbekiston 24” videosidan kadr.Tunjay O‘zilhan. “O‘zbekiston 24” videosidan kadr.

Migros Turkiyaning eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lib, Anadolu Group tarkibiga kiradi.

Kompaniyaning moliyaviy hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 30-sentabr holatiga tarmoq 3827 ta savdo obyektini, jumladan, 3804 ta chakana do‘kon va 23 ta ulgurji obyektni o‘z ichiga olgan. Umumiy savdo maydoni 2,1 million kvadrat metrdan oshgan.

Kompaniya turli formatlarda, jumladan, Migros supermarketlari, Migros Jet do‘konlari, Macrocenter premium tarmog‘i va gipermarketlar shaklida faoliyat yuritadi.

Turkiyaning yirik savdo tarmog‘ini O‘zbekiston bozoriga olib kirish masalasi avval ham muhokama qilingandi.

29-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Anqaraga tashrifi chog‘ida Anadolu Group direktorlar kengashi raisi Kamilhan Suleyman Yaziji bilan uchrashgandi. Tomonlar Turkiyaning yirik chakana savdo tarmog‘ining O‘zbekiston bozoriga kirishi, chorvachilik kompleksini qurish hamda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollarini ko‘rib chiqqandi.

O‘shanda savdo tarmog‘ining nomi rasman oshkor qilinmagandi. 19-noyabrdagi chiqishida Anadolu Group vakili kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari qatorida Migros nomini to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga oldi.

18-noyabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ham Anadolu Group faxriy raisi Tunjay O‘zilhan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar holdingning O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi.

Anadolu Group investitsiyalari 640 mln dollarga yetdi

Tunjay O‘zilhanning so‘zlariga ko‘ra, Anadolu Group`ning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarining umumiy hajmi taxminan 640 million dollarga yetgan. Telekanalga bergan intervyusida u ushbu mablag‘lar so‘nggi to‘rt yil ichida yo‘naltirilganini qayd etdi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarimiz hajmi taxminan 640 million dollarga yetdi. Xususan, Coca-Cola İçecek doirasida beshta zavod ishlamoqda. Anadolu Isuzu orqali Samarqanddagi SamAuto korxonasiga sarmoya kiritib, avtomobilsozlikda muhim qadam tashladik. Anadolu Efes ishtirokida mahalliy ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yganmiz”, — deya ma’lum qildi holding vakili.

U, shuningdek, O‘zbekiston bilan mudofaa sanoatida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi:

“Biz mudofaa sanoatida ham mahalliylashtirish, muhandislik salohiyatini rivojlantirish va texnologiyalar transferi asosida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz. Shubhasiz, bunday hamkorlik ikki mamlakatning sanoat va texnologik salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shadi”.

Mudofaa sanoatining aynan qaysi yo‘nalishlari ko‘rib chiqilayotgani, loyihalarda qaysi korxonalar ishtirok etishi mumkinligi va muzokaralar qaysi bosqichda ekaniga kompaniya vakili aniqlik kiritmadi.

Eslatib o‘tamiz, 16-noyabr kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri Botir Qudratxo‘jayev Turkiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Selchuk Bayraktarog‘uini qabul qilgandi. Tashrif doirasida ikki mamlakat Bosh shtablari boshliqlarining muzokaralari ham bo‘lib o‘tdi. Tomonlar mudofaa sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, erishilgan natijalar va o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Foto: dijitalhaber.com.trFoto: dijitalhaber.com.tr

Turkiyaning Anadolu Group holdingi Anadolu Isuzu tuzilmasiga kiruvchi Anadolu Savunma brendi orqali mudofaa sanoatida allaqachon faoliyat yuritmoqda. Kompaniya zirhli va zirhsiz taktik avtomobillar, SEYİT 4×4 va 6×6 harbiy yuk mashinalarini ishlab chiqadi, shuningdek, yengil harbiy avtomobillar segmentida Janubiy Koreyaning KIA kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.

2024-yil oktabr oyida Anadolu Isuzu xorijiy buyurtmachilar uchun harbiy transport va logistika mashinalarini ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha Turkiyaning FNSS kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.

Anadolu Group’ning O‘zbekistondagi boshqa loyihalari

Holding O‘zbekiston iqtisodiyotining bir nechta yirik tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda.

2021-yilda Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Coca-Cola İçecek kompaniyasi Coca-Cola Bottlers Uzbekistan`dagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,28 million dollarga sotib olgandi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi beshta zavod faoliyat yuritmoqda.

2025-yil dekabr oyida Anadolu Isuzu kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodidagi (SamAuto) 75,2 foiz davlat ulushini 80 million dollarga xususiylashtirishni yakunladi.

Xarid qiymatidan tashqari, investor korxonani rivojlantirishga yana 80 million dollar sarmoya kiritish majburiyatini olgan. Rejalarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, avtobus va elektrobuslar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, quvvatlar va eksportni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston bozoriga Anadolu Efes ham kirib keldi. 2026-yil aprel oyida kompaniya Toshkentdagi korxonada o‘zining asosiy pivo brendlarini shartnoma asosida ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv tuzilganini ma’lum qildi. Ishlab chiqarish, sotish va distributsiyani tashkil etish uchun Efes Tashkent shu’ba korxonasi tashkil etildi.

O‘xshash yangiliklar