26.11.2026, Payshanba+13.1°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+13.1°CToshkent$11 987.89 26.11.2026

O‘zbekiston va Iordaniya Ammanda nimalarga kelishib oldi? Shavkat Mirziyoyev tashrifining yakunlari

Siyosat 26.11.2026 10:41 2Gazeta
O‘zbekiston va Iordaniya Ammanda nimalarga kelishib oldi? Shavkat Mirziyoyev tashrifining yakunlari

23−24-noyabr kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qirol Abdulla II taklifiga ko‘ra birinchi davlat tashrifi bilan Iordaniyada bo‘ldi.

Ammandagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama munosabatlar darajasini strategik sheriklikka ko‘tardi, qirollikda umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarlik qariyb 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalarini bildirdi va 19 ta hujjatni imzoladi.

Siyosiy va xalqaro kun tartibi

Shavkat Mirziyoyevning Ammanga davlat tashrifi qirol Abdulla II ning 2025-yil avgust oyida Samarqandga qilgan safaridan keyingi javob tashrifi bo‘ldi.

Muzokaralar davomida davlat rahbarlari munosabatlarning yangi maqomini mustahkamladi — strategik sheriklikni o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi hamda ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi.

iordaniya

Kelishuvlarning bajarilishini tizimli nazorat qilish vazifasi Hukumatlararo komissiya (uning birinchi yig‘ilishi 2026-yil aprel oyida o‘tkazilgan) va fevral oyida tashkil etilgan O‘zbekiston−Iordaniya ishbilarmonlar kengashiga yuklatildi.

Muzokaralar va yakuniy qo‘shma bayonotning salmoqli qismi xalqaro xavfsizlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatga bag‘ishlandi. Xususan, qo‘shma bayonotda rahbarlar “ikki davlat” tamoyili asosida 1967-yilgi chegaralarda poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini barpo etishni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining (2025-yildagi 2803-sonli) rezolyutsiyasi va AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirish rejasini amalga oshirish tarafdori ekanini bildirdi.

iordaniya

Shavkat Mirziyoyev Quddusdagi musulmonlar va xristianlar muqaddas qadamjolari ustidan hoshimiylar tarixiy homiyligini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Tomonlar Yaqin Sharqdagi asosiy dengiz savdo yo‘llari xavfsizligi bo‘yicha ham pozitsiyalarini qayd etdi. Xususan, Hurmuz va Bob-ul-Mandab bo‘g‘ozlari orqali kemalar qatnovi, parvozlar va savdoning to‘sqinliksiz amalga oshirilishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni tasdiqladi. Shuningdek, Iordaniya qirolining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashabbusi — “Aqaba jarayoni” doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi. Qirol Abdulla II O‘zbekistonning ushbu forum yig‘ilishlaridan birini 2027-yilda o‘z hududida o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Shavkat Mirziyoyev Iordaniya qirolini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Iqtisodiyot va savdo

O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 mln dollarga yetkazishga kelishib oldi. O‘zbekiston Iordaniyada umumiy qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan qariyb 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Ammanda imzolangan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim 300 turdagi tovarlar ro‘yxati bo‘yicha bojxona bojlarini pasaytiradi. Ro‘yxatga har ikki davlatdan 150 tadan tovar pozitsiyasi kiritilgan. Bu hozircha ishga solinmagan savdo salohiyatidan foydalanish imkonini beradi.

iordaniya

Tashrif davomida so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb to‘qqiz barobarga oshgani, 2025-yil yakunlari bo‘yicha esa taxminan 80 foizga ko‘paygani qayd etildi. O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda tovar ayirboshlash hajmi 8,53 mln dollarni tashkil etgan. O‘zbekiston eksporti 5,42 mln dollarga yetgan bo‘lib, uning 94,2 foizini oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, qandolat mahsulotlari va quritilgan mevalar tashkil etgan. Iordaniyadan import esa 3,11 mln dollar bo‘lib, asosan o‘simliklarni himoya qilish vositalaridan iborat bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda Iordaniya kapitali ishtirokida 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

iordaniya

Tashrif arafasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Iordaniya sanoat, savdo va ta’minot vaziri Yarub Qudah investitsiya loyihalari va savdo kelishuvlari portfelini shakllantirdi. Tomonlar logistika quvvatlarini kengaytirish va ikki davlat o‘rtasida yuk aviatsiya tashuvlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi. Bu Amman−Toshkent yo‘nalishida 2026-yil 30-iyunda Royal Jordanian aviakompaniyasi tomonidan ochilgan muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini to‘ldirishi kerak. Parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston−Iordaniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Iordaniya ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, forumda ikki davlatning qariyb 150 ta kompaniyasidan 250 dan ortiq vakil ishtirok etdi. Ko‘rgazmada esa 60 ta sanoat korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.

Shavkat Mirziyoyev hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida to‘qimachilik va kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, konchilik sohasini qayd etdi. O‘zbekiston va Iordaniya o‘g‘itlar, oziq-ovqat qo‘shimchalari va maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, agroklasterlar tashkil etish, urug‘chilik, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish loyihalarini muhokama qildi.

iordaniya

Bundan tashqari, bir qator boshqa loyihalar ham ishlab chiqilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonning Basalt Uzbekistan va Iordaniyaning NAMC kompaniyasi bazalt tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyiha tayyorlamoqda. Tashrif arafasida Iordaniya energetika va mineral resurslar vaziri Soleh Xarabshe O‘zbekiston delegatsiyasi bilan Mujib hududida quvvati 450 MVt bo‘lgan gidroakkumulyatsiyali energiya saqlash tizimini qurishga ehtimoliy investitsiyalarni ham muhokama qildi. Bundan tashqari, Ammanda o‘zbek mahsulotlari Savdo uyini ochish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Kelishuvlar va loyihalar

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha 19 ta hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolandi.

Hujjatlar orasida preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimdan tashqari jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi bitim ham bor. U ikki davlat sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida hamkorlikning huquqiy mexanizmini yaratadi. Shuningdek, Toshkent va Amman, Samarqand va Petra sayyohlik mintaqasi o‘rtasida sheriklik o‘rnatish bo‘yicha hududlararo kelishuvlar imzolandi.

iordaniya

Tomonlar iqtisodiy diplomatiya, tog‘-kon sanoati va geologiya, uy-joy qurilishi va shaharsozlik, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari ustidan nazorat, tibbiy xizmatlar sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Toshkent bir qator loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.

iordaniya

Ular orasida Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida O‘zbekiston xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlaridan foydalangan holda qo‘shma to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish bor. Bu Iordaniya erkin savdo to‘g‘risida kelishuvlarga ega bo‘lgan uchinchi davlatlar, jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqi bozorlariga bojxona to‘lovlarisiz kirish imkonini beradi. Iordaniyalik investorlarga Toshkent va Samarqanddagi “Kelajak metalllari” texnoparklari bazasida muhim minerallar bo‘yicha loyihalarda ishtirok etish taklif qilindi. Shuningdek, Iordaniyaning yirik farmatsevtika ishlab chiqaruvchisi, 40 dan ortiq davlatga dori vositalari yetkazib beruvchi Dar Al-Dawa kompaniyasi bilan hamkorlikda Tashkent Pharma Park klasterida dori-darmon ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi taklif etildi.

“O‘zkimyosanoat” AJ Iordaniyaning yirik fosfat ishlab chiqaruvchisi Jordan Phosphate Mines Company bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganini ma’lum qildi. Shuningdek, chorvachilik uchun fosfatli ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lum qilishicha, agentlik direktori Abdulla Azizov Iordaniya xususiy shifoxonalar assotsiatsiyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu assotsiatsiya mamlakatdagi 58 ta xususiy klinikani birlashtiradi. Memorandum sohaga investitsiyalarni jalb qilish va tibbiy turizmni rivojlantirishga qaratilgan.

Madaniyat va turizm

Tomonlar o‘zaro asosda madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazishga kelishdi hamda madaniyat va kreativ industriyalar sohasida, shuningdek, milliy kutubxonalar va arxivlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida hujjatlarni imzoladi.

Tashrif davomida turistik almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. 2025-yil 25-sentabrdan ikki davlat o‘rtasida 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz rejim amal qilmoqda. Hala Akhbar nashri ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Iordaniyaga sayyohlar oqimi 2024-yildagi 2818 kishidan 2025-yilda 7072 nafarga yetgan. 2026-yil yanvar−oktabr oylarida esa qirollikka yana 3409 nafar o‘zbekistonlik borgan.

O‘xshash yangiliklar