26.11.2026, Payshanba+13.1°CToshkentUSD11 987.89EUR13 114.75RUB145.41
+13.1°CToshkent$11 987.89 26.11.2026

O‘zbekistonda sud majlislarini kuzatuvchi jamoatchilik vakillari tayyorlanmoqda

Siyosat 26.11.2026 13:16 1Gazeta
O‘zbekistonda sud majlislarini kuzatuvchi jamoatchilik vakillari tayyorlanmoqda

Toshkentda 25-noyabr kuni 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan an’anaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Gazeta muxbiri ham ishtirok etdi.

Sudyalar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va diplomatik vakolatxonalar vakillari O‘zbekistonda odamlar sud orqali huquqlarini himoya qilish uchun murojaat qilganda qanday qiyinchiliklarga duch kelishi va ularni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qildi.

Konferensiyani Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Buyuk Britaniya, Germaniya va Shveysariya elchixonalari hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkil etdi.

Sud zallaridagi kuzatuvchilar

Xalqaro nodavlat tashkilot rahbari O‘zbekistonning uch hududi — Toshkent, Namangan va Jizzax viloyatlarida talabalar hamda fuqarolik jamiyati vakillari sud majlislarini kuzatishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Dastur Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Unda O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi va yuridik oliy ta’lim muassasalari ham ishtirok etmoqda. Talabalar va fuqarolik jamiyati vakillari to‘plagan ma’lumotlarni tashkilotchilar sudyalar bilan muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

“Sud zallarida fuqarolik jamiyati va jamoatchilik vakillari orasidan xolis kuzatuvchilar bo‘lishi muhim. Ular sud jarayoni qanday kechayotganini tushunishi va ko‘rganlariga xolis baho bera olishi kerak”, — dedi u.

Kuzatuvchilar o‘zlari daxldor bo‘lmagan ishlar bo‘yicha sud majlislarida qatnashishi mumkin. “Kuzatuvchilar sud jarayoniga aralashmaydi va muayyan sud qarori yuridik jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan-bo‘lmaganini hal qilmaydi. Ular oldindan belgilangan mezonlar asosida ko‘rgan va eshitganlarini qayd etadi. Keyin bu ma’lumotlar boshqa kuzatuvlar natijalari bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi. Masalan, kuzatuvchi majlis 40 daqiqa kech boshlanganini qayd etishi mumkin. Ammo bu hali sud jarayoni cho‘zilganini yoki kimningdir huquqi buzilganini anglatmaydi”, — deya tushuntirdi NNT rahbari.

“Birgina kuzatuv faqat bitta holatni ko‘rsatadi. Ammo kuzatuvlar ko‘payganida, biz qonuniyatlarni ko‘rishimiz, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishlarni kuzatishimiz va odamlar sudda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini tushunishimiz mumkin”, — dedi NNT rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaydlarni rasmiy statistika, huquqiy tahlil hamda advokatlar va sudga murojaat qilayotgan odamlarning tajribasi bilan taqqoslash kerak. U Polshadagi Court Watch Polska tashkilotini misol qilib keltirdi. 10 yil davomida 3000 dan ortiq ko‘ngilli 40 mingdan ziyod sud majlisida qatnashgan va bu ularga takrorlanib turadigan muammolarni sudyalar bilan muhokama qilish uchun material bergan.

Nega sudya o‘z qarorini tushuntirishi kerak?

O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi raisining o‘rinbosari Nodira Boboxonova tomonlar sud qarorini olganidan keyin sud nima sababdan shunday xulosaga kelganini tushunmay qoladigan holatlarga e’tibor qaratdi.

“Sudya o‘z qarorini mustaqil ravishda, o‘zining ichki ishonchi asosida qabul qiladi. Uning oldida bir nechta ehtimoliy variant bo‘lsa, sudya sudyalik ixtiyori doirasida harakat qiladi. Ba’zan tomonlar sud qarorini oladi va sud nima sababdan shunday xulosaga kelganini tushunmaydi. Ba’zida sudya buni „Men o‘z ichki ishonchimdan kelib chiqib shunday qaror qabul qildim“, degan so‘zlar bilan tushuntiradi. Ta’kidlamoqchiman: ichki ishonch asosida qabul qilingan qaror sudya ishni xohlaganicha hal qilishi mumkinligini anglatmaydi”, — dedi u.

Boboxonova sudyalik ixtiyori tushunchasiga isroillik olim, sudya va Isroil Oliy sudining sobiq raisi Aaron Barak bergan ta’rifga murojaat qildi. Sudya bir nechta qonuniy variantdan birini tanlashi mumkin, ammo ulardan birini tanlash ham asoslangan bo‘lishi kerak.

“Sudya nima uchun aynan shu qarorga kelganini ish holatlari, qonun maqsadi, tenglik va mutanosiblik talablaridan kelib chiqib ko‘rsatishi kerak. Sud o‘z qarorini qanday asoslashi, har bir dalilga qanday baho berishi, tomonga, fuqaroga nima uchun aynan shunday qaror qabul qilganini tushuntira olishi — bularning barchasi ham adolatli sud muhokamasi huquqining mazmunini tashkil etadi”, — dedi u.

“Bu huquqning yana bir jihati — xolislik. Sudyaning xolisligi uning tomonlarga bir xil munosabatda bo‘lishida va ular uchun teng imkoniyatlar yaratishida ham namoyon bo‘ladi”, — deya xulosa qildi sudya.

Odil sudlovdan foydalanish imkoniyati

Oliy sud sudyasi Maxfirat Ochilova Oliy sudning my.sud.uz portalida sud jarayoni ishtirokchilari o‘z ishi haqida ma’lumot olishi mumkinligini eslatdi.

“Sud jarayoni ishtirokchilaridan ortiqcha ma’lumotlar talab qilinmasligi uchun davlat axborot tizimlari bilan integratsiya yo‘lga qo‘yilgan”, — dedi u.

“„Raqamli sud“ axborot tizimi Lex.uz ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan. Sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash va sud muhokamasining ehtimoliy natijasini bilish mumkin”, — deya tushuntirdi Ochilova.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova fuqaroga bunday prognoz nima uchun kerakligini tushuntirdi: “Bu asossiz da’volar berishning oldini olish, odamlarning vaqtini tejash va ularni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos qilish uchun qilingan”.

Maxfirat Ochilova sud rasmiy xatolar sabab arizani qaytaradigan holatlarga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Odil sudlov — 2030” strategiyasi doirasida ariza beruvchiga kamchiliklarni sudning o‘zida tuzatishga yordam berish taklif etilmoqda. Bu arizalarni qaytarish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Bunday asoslar bo‘yicha arizalarni qaytarishdan butunlay voz kechish taklifi ham muhokama qilinmoqda.

Malika Qalandarova Oliy sud o‘xshash ishlar bo‘yicha sud amaliyotidagi tafovutlarni qanday bartaraf etishni rejalashtirayotganini ham ma’lum qildi. Oliy sud prezidiumi amaliyot shakllangan masalalar bo‘yicha qarorlarni umumlashtirib, e’lon qilib boradi. “Odil sudlov — 2030” strategiyasi 2027-yil 1-avgustdan boshlab bunday qarorlar uchun pretsedentlarning ochiq reyestrini joriy etishni nazarda tutadi.

adliya, oliy sud, yevropa ittifoqi

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro NNT rahbari advokat topish imkoniyatiga yashash joyi qanday ta’sir qilishiga e’tibor qaratdi. “Agar sizga ayrim hududlarda 100 ming kishiga 5,3 yoki 8,5 nafar advokat to‘g‘ri kelishini, Toshkentda esa 100 ming kishiga 82,9 nafar advokat to‘g‘ri kelishini aytsam, hududlarda odil sudlovdan foydalanishdagi farq va qiyinchiliklarni ham ko‘rasiz”, — dedi u.

“Hozir sud majlislarini masofadan o‘tkazish imkoniyati bor. Advokatlar Toshkentda qolgan holda hududlardagi odamlarga yordam berishi, sud majlislarida qatnashishi mumkin. Ammo menimcha, joylarda odamlar muammolarini muhokama qilishi mumkin bo‘lgan advokatlar ko‘proq bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

U, shuningdek, turli hududlardan ombudsmanga kelib tushayotgan shikoyatlar sonini o‘sha yerdagi advokatlar soni va yuridik yordam qanchalik ochiqligi bilan taqqoslashni taklif qildi. “Bu u yerda muammolar ko‘proq degani emas. Ehtimol, bu joylarda odamlar ko‘proq qo‘llab-quvvatlanayotgandir”, — dedi u shikoyatlar bilan faolroq murojaat qilayotgan hududlar haqida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bepul yuridik yordamni baholashda ishi ko‘p advokat har bir ishga qancha vaqt ajrata olishini ham hisobga olish muhim.

Nega fuqarolar va biznesga mustaqil sudlar kerak?

Yevropa tashqi aloqalar xizmati Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Yeva Palatova odil sudlovdan foydalanish imkoniyati O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish hamda mamlakatning GSP+ savdo preferensiyalari tizimida ishtirok etishi uchun ham muhimligini ta’kidladi. Amaldagi savdo imtiyozlari 27 ta xalqaro konvensiya, jumladan, inson huquqlari va mehnat huquqlariga oid konvensiyalarni bajarish bilan bog‘liq.

Yeva Palatova misol tariqasida xodimlarning mehnat huquqlari buzilishini sud orqali bahslashish imkoniyati va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning himoyaga erishish imkoniyatini keltirdi. Uning nutqida ta’kidlanishicha, mustaqil sudsiz so‘z va birlashish erkinliklarini himoya qilish qiyin, aybdorlarni javobgarlikka tortishsiz esa qiynoqlarni taqiqlash qog‘ozda qolib ketishi mumkin. Yeva Palatovaning bahosiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining 2023−2025-yillardagi monitoringi xulosalari O‘zbekistonning GSP+ da ishtirok etish uchun qayta ariza topshirishi uchun muhim.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi ishlar bo‘yicha vaqtincha ishonchli vakili Jeyms Rod-Mur ta’kidladi: “Odil sudlovdan foydalanish imkoniyati — bu savdo va investitsiyalar masalasi ham. Amaldagi va ehtimoliy Britaniya investorlaridan eshitayotgan asosiy talablardan biri — xorijiy kompaniyalar uchun teng raqobat sharti sifatida ishonchli, mustaqil va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan odil sudlovdan foydalanish imkoniyati. Bu faqat tijorat nizolariga emas, umuman odil sudlovga taalluqli”.

“Sud-huquq islohoti — bir kunlik, bir yillik yoki besh yillik ish emas. Bu hech qachon tugamaydigan uzluksiz jarayon”, — deya qo‘shimcha qildi Rod-Mur. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy huquqlarni himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirish uchun O‘zbekistonga mahalliy va xalqaro mutaxassislarning keng doirasini jalb qilish muhim bo‘ladi.

Tadbir ishtirokchilarining takliflari konferensiyadan keyin tashkilotchilar tarqatishni rejalashtirayotgan tavsiyalarga kiritiladi.

O‘xshash yangiliklar