24.11.2026, Seshanba+12.2°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+12.2°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi

Siyosat 24.11.2026 18:46 0Gazeta
O‘zbekiston va Iordaniya o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn seshanba kuni Ammandagi “Al-Husayniya” saroyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qaror qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yetakchilar siyosiy muloqot faollashgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi oshganini qayd etdi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiyalar, transport va logistika, konchilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika belgilandi.

Tomonlar preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash hamda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish masalasini ham muhokama qildi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy sohada tajriba almashish, sayyohlik almashinuvlarini kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi. Yetakchilar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Aqaba jarayoni va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Abdulla II ni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

O‘xshash yangiliklar