O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘rtta viloyatda irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan cho‘zilib ketgan muzokaralar masalasiga yana to‘xtaldi. Bu haqda Gazeta muxbiri xabar bermoqda.
Gazeta avvalroq yozganidek, 11-noyabr kuni u deputatlarga Xitoy pudratchilari ishlarni hisob-kitob qilingan narxdan ikki baravardan ortiq narxga bajarishni taklif qilgani, narxlarni pasaytirish bo‘yicha muzokaralar esa bir yildan ortiq vaqtdan beri davom etayotganini ma’lum qilgan edi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu haqdagi xabarlar e’lon qilinganidan so‘ng Xitoy vakillari O‘zbekiston tomoni bilan bog‘langan. Shu bilan birga, u ayrim loyihalar qiymati bo‘yicha kelishmovchiliklar Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikdan voz kechilganini anglatmasligini ta’kidladi.
“Bu normal jarayon. Ya’ni tender bo‘lgan, tender ishtirokchilari qatnashganda, narxni baland bergan. Narxini baland bergandan keyin yana muloqot davom etadi. Narx pasaytiriladi va bu ish amalga oshadi”, — dedi Xamrayev.
“Lekin biz endi tender o‘tdi, mana, Xitoy o‘zining investitsiya pulidan berar ekan, deb falon narxga rozi bo‘la olmaymiz. Biz O‘zbekiston manfaatini o‘ylaymiz”, — deya ta’kidladi vazir.
Yuqori narxlar haqidagi xabarlardan keyin nima bo‘ldi?
Shavkat Xamrayev nutqining boshida yuqori narxlar bo‘yicha muvaffaqiyatsiz muzokaralar haqidagi xabarlardan so‘ng yaqinda unga Xitoy elchixonasi va yana bir tashkilotdan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytdi.
Biroq jurnalistning aniqlashtiruvchi savoliga javoban vazir Xitoy elchixonasi vakillari shaxsan u bilan bog‘lanmaganini tushuntirdi.
“Xitoy elchixonasi menga qo‘ng‘iroq qilmadi. Shaxsan menga qo‘ng‘iroq qilishmadi. Ular bizning tegishli tashkilotlarimiz bilan muloqot olib borishmoqda”, — deya aniqlik kiritdi u.
Xamrayevning so‘zlariga ko‘ra, xabarlar O‘zbekiston umuman Xitoy pudratchilaridan norozi degan taassurot uyg‘otgan bo‘lishi mumkin, holbuki, ishlar qiymati bo‘yicha muhokamalar hali yakunlanmagan.
Vazir suv xo‘jaligi sohasi rahbariyatida 22 yillik faoliyati davomida xitoylik hamkorlar bilan umumiy qiymati, uning bahosiga ko‘ra, 1 mlrd dollardan oshadigan 15 dan ortiq yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etganini ta’kidladi.
“Xitoy loyihalari biri ikkinchisidan zo‘r, jozibador va samarali bo‘lgan. Men buni chin ko‘ngildan hammaga ochiq-oydin aytyapman. Bu yerda xitoyliklar qatnashmayapti. Lekin shu gapni yetkazish kerak”, — dedi u.
Xamrayev jurnalistlardan hozirgi muzokaralarni yoritishda hamkorlikning avvalgi tajribasini inobatga olishni so‘radi.
Sinohydro 1-dekabrgacha vaqt so‘radi
Ishlar qiymati nega yuqori bo‘lgani haqidagi savolga javob berar ekan, vazir Xitoy loyihalarini moliyalashtirish xususiyatlarini tushuntirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar “bog‘langan kredit” shaklida ajratiladi. Bunda pudratchilarni tanlash kredit beruvchi tomon taklif qilgan kompaniyalar bilan cheklanadi.
“Xitoyning krediti, „svyazanniy“ kredit deyiladi. U kredit berib, butun dunyoga tender qilmaydi. Faqat o‘zi ko‘rsatgan ma’lum to‘rtta yo beshta kompaniyani beradi. O‘shalarning ichidan o‘zing tanla, deydi. Va ular o‘zining texnik shartlarini beradi: qanday qilib beton qiladi, beton qanchaga bo‘ladi va hokazo. Shu narxlar sal qimmatroq chiqdi. Biz muloqot qilyapmiz”, — deya tushuntirdi Xamrayev.
Vazir qiymatni O‘zbekiston tomoni belgilagan darajagacha pasaytirishga erishish mumkinligiga umid bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tannarxning yuqori bo‘lishi xorijiy pudratchilar qurilish texnikasini olib kelishi va materiallar manbalarini mustaqil izlashiga to‘g‘ri kelayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
“Ular u yoqdan texnikasini olib keladi. Bizning joylarimizni bilmaydi. Qayerdan qumini oladi, qayerdan shag‘alni oladi va hokazo. Tannarxi qimmat chiqyapti. Biz unga yordam berishimiz kerak. Tannarxi arzonroq chiqishi kerak”, — dedi u.
Jumladan, O‘zbekiston yaqindagi karerlarni topish, qurilish maydonlarini ta’minlash va hududni tayyorlash bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda ko‘maklashishi mumkin.
“Karerlarni ko‘rsatamiz, yaqinda qayerda qum, qayerda shag‘all bor va hokazo… Biz hamkorlik qilib o‘sha narxga qilish imkoniyatini yaratsak, biz ham yutamiz, ular ham yutadi”, — dedi vazir.
Xitoyning Sinohydro kompaniyasi bilan hozirgi muzokaralar haqidagi savolga javoban Xamrayev navbatdagi muhokama bevosita 19-noyabr kuni o‘tkazilganini ma’lum qildi.
“Bugun ham Sinohydro bilan muzokara olib bordik. Hozir ular: „Bizga 1-dekabrgacha vaqt bering“, deyishyapti”, — dedi u.
Shu bilan birga, vazir O‘zbekiston ishlar uchun qancha mablag‘ to‘lashga tayyor ekanini aytmadi.
“Yo‘q, ayta olmayman. Men sizga bu raqam oshkor qilinmasligini aytdim-ku. Tender yakunlangandan keyin aytamiz. Bizda texnik-iqtisodiy asoslar bor”, — dedi Xamrayev.
U qurilish ishlarini boshlash muddatini ham aniqlashtirmadi.
“48 mln dollarlik loyiha 31 mln dollarga amalga oshirildi”
Vazir Xitoy bilan muvaffaqiyatli hamkorlikka misol sifatida Qoraqalpog‘iston janubiy qismi yerlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha 2010-yilgacha amalga oshirilgan loyihani keltirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlar To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlaridagi qariyb 100 ming gektar yerni qamrab olgan. Loyiha doirasida qariyb 300 km kollektor qurilgan va bu drenaj suvlarini chiqarish tizimini o‘zgartirish imkonini bergan.
Avvalroq bu maqsadlar uchun “Qizilqum” va “Beruniy” meliorativ nasos stansiyalaridan foydalanilgan. Ular sizot suvlarini tortib chiqarib, Amudaryoga oqizgan.
Xamrayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu suvga kollektorlardagi ifloslanishlar va ayrim joylarda kanalizatsiya oqovalari ham tushgan. Bundan tashqari, elektr energiyasi o‘chirilganda nasoslar to‘xtab, sizot suvlari sathining ko‘tarilishi va yerlarning botqoqlanishiga olib kelgan.
Vazirning ta’kidlashicha, yangi drenaj infratuzilmasi qurilganidan so‘ng ushbu nasos stansiyalariga ehtiyoj qolmagan.
Shu bilan birga, loyiha qiymati dastlabki hisob-kitobdan ancha past bo‘lgan.
“O‘sha loyihaning tender qiymati 48 mln dollar edi. Xitoy kompaniyasi 33 mln dollarga yutib, 31 mln dollarga shu ishni a’lo darajada bajarib bergan”, — dedi Xamrayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tanlovning boshqa ishtirokchilari, jumladan, Rossiya va Turkiya kompaniyalari ishlar uchun 48−54 mln dollar taklif qilgan.
Vazir, shuningdek, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari yerlarining meliorativ holatini yaxshilash, “Amuzang”, “Ulug‘nor”, “Raish-Hakim”, “Gulbahor” va “Qorako‘l” nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish loyihalarini ham tilga oldi.
Xamrayevning so‘zlariga ko‘ra, ayrim loyihalar Xitoyning foizsiz kreditlari hisobidan, boshqalari esa 30 yilgacha muddatga yillik 1−1,5 foizlik imtiyozli shartlarda moliyalashtirilgan.
“Masalan, „Qorako‘l“ nasos stansiyasi uchun kredit foizsiz edi. Imtiyozli — birorta ham qo‘shimcha foiz qo‘shilmagan”, — dedi u.
Nega O‘zbekiston kanallarni betonlash uchun kredit jalb qilmoqda?
Xamrayev, shuningdek, mahalliy kompaniyalar bajarishi mumkin bo‘lgan qurilish ishlari uchun O‘zbekiston nega xorijiy kreditlarni jalb qilayotgani haqidagi savolga javob berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, masala birinchi navbatda zarur mablag‘ hajmi bilan bog‘liq.
Vazir davlat budjeti bir vaqtning o‘zida ta’lim, sog‘liqni saqlash, mudofaa va boshqa yo‘nalishlarni ham moliyalashtirishini, shuning uchun qisqa muddatlarda kanallarni betonlash dasturini to‘liq amalga oshirish uchun suv xo‘jaligiga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emasligini ta’kidladi.
“Albatta, budjet bizga juda katta mablag‘ ajratyapti. Lekin bu bilan hamma masalamiz hal bo‘lmaydi”, — dedi u.
Vazirning fikricha, imtiyozli xorijiy kreditlar irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilishni barcha ishlarni bir vaqtning o‘zida budjetdan moliyalashtirish zaruratisiz tezlashtirish imkonini beradi.
Nega to‘rtta viloyatdagi loyihalar kechikmoqda?
11-noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati"da O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputati Imomnazar Tursunov suv xo‘jaligida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish darajasi pastligi masalasini ko‘targan edi.
Jumladan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Xitoy Eksport-import banki ishtirokidagi loyihalar haqida so‘z borgan. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil uchun 130 mln dollar miqdorida nazarda tutilgan mablag‘lar o‘zlashtirilmagan.
Unga javoban Shavkat Xamrayev dastlabki muzokaralarda Xitoy kompaniyalari ishlarni hisob-kitob qilingan narxdan ikki baravardan ortiq narxga bajarishni taklif qilganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Xitoy Eksimbankidan imtiyozli moliyalashtirish so‘ragan. Kreditni ko‘rib chiqish, loyihalar ekspertizasi va pudratchilarni tanlash jarayonlari qo‘shimcha vaqt talab qilgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, keyingi tenderda CITIC kompaniyasi g‘olib bo‘lgan, ammo uning taklifi ham belgilangan darajadan 20 foiz qimmat bo‘lgan. Qiymatni pasaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilmagani sababli ikkinchi o‘rinni egallagan Sinohydro bilan muzokaralar boshlangan.
Shu bilan birga, 2024-yil 29-noyabrdagi prezident qarori (PQ-409) bilan ikki loyiha nazarda tutilgan: Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilishning dastlabki qiymati 160 mln dollar, Qashqadaryo viloyatidagi alohida loyiha qiymati esa 60 mln dollar etib belgilangan.
Shu tariqa, ikki loyihaning umumiy dastlabki qiymati 220 mln dollarni tashkil etgan. Bu summa parlament muhokamasida o‘zlashtirilmagani aytilgan 130 mln dollardan farq qiladi.
Ikkita loyihaning moliyalashtirish manbai sifatida Xitoy Eksimbankining imtiyozli krediti belgilangan. Qarorda dastlab uchta viloyatdagi loyihaga CITIC Construction kompaniyasini, Qashqadaryodagi loyihaga esa CITIC Construction va China CAMC Engineering kompaniyalarini bosh pudratchi sifatida jalb qilish nazarda tutilgan.
Xamrayev majlisda kanallarni betonlash ishlarini 2027−2028-yillarda ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirishga va’da bergan edi.




